Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Arsenal»da yana jiddiy raqib, Husanov «PSJ»ga qarshi, «Chelsi» «Old Trafford»ga boradi - uikend anonsi

Foto: Getty images
Yevropada kuchli beshlik chempionatlari qizg‘in pallaga kirib, peshqadamlar saralanib bormoqda. Har hafta bo‘lganidek bu safar ham bir qator ahamiyatli va qiziqarli uchrashuvlar bizni kutib turibdi. Birgina yomon xabar — Yevropada vaqtning bir soat ortga surilgani. Endi tungi o‘yinlarni tomosha qilmoqchi bo‘lsak, uyqu vaqtimiz bir soatga kamayadi. Lekin bunga arziydi, ishonavering.
NYuKASL – ARSeNAL (2 noyabr, 17:30)
Bu mavsum yevrokuboklarsiz qolgach, «Nyukasl» ikki yil oldingi rejimiga qaytishiga, yuqori o‘rinlar uchun kurashishi mumkinligiga ko‘pchilik ishona boshlagandi. Zero dastlabki to‘rt turdan so‘ng Eddi Hau shogirdlari 10 ochko bilan peshqadamlar orasida borayotgandi ham. Ammo keyingi besh o‘yinda jamoa birorta ham g‘alaba qozona olmadi – ikki durang va uch mag‘lubiyat. Boshqa tarafdan, bu muvaffaqiyatsiz natijalarni tom ma’nodagi inqiroz bilan bog‘lash qiyin, zero «Nyukasl» bu o‘yinlarda ancha hujumkorlik ko‘rsatyapti, tashabbuskor bo‘la olyapti, lekin realizatsiya bilan muammolar, shuningdek, bir qator muhim futbolchilarning jarohati o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmayapti.
Qisqa qilib aytganda, «Nyukasl»ning ayni damdagi formasi «Arsenal»ni yaqqol favoritga aylantirmaydi. Nyukaslliklar, ayniqsa, o‘z maydonida har qanday raqibga kurash taklif qilishga qodir. Bunga o‘tgan mavsumda ham guvoh bo‘lgandik. «Arsenal»ning APL doirasidagi ilk mag‘lubiyati roppa-rosa bir yil oldin aynan Nyukaslda sodir bo‘lgandi. Bu safar Arteta shogirdlari mag‘lubiyat alamini totib bo‘lishgan, ayni damda «Nyukasl» qadar bo‘lmasa-da, biroz muvaffaqiyatsiz davrni boshdan kechirmoqda. «Bornmut» (0:2) maydonida alamli mag‘lubiyatdan so‘ng, «Liverpul»ni yenga olishmadi va peshqadam bilan oradagi farq 5 ochkoga yetdi. Bornmutda qizil kartochka natijaga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, «Liverpul» bilan bahsda himoyachilarning jarohati pand berdi. Ushbu turda «Arsenal» o‘z optimal tarkibiga qaytishga yaqin turibdi – Saliba diskvalifikatsiyasini o‘tab bo‘ldi, Gabrielning jarohati ham jiddiy bo‘lib chiqmadi. Faqat Kalafiorining tiklanishi kamida ikki haftaga cho‘ziladigan bo‘ldi. Martin Edegor ham katta ehtimol bilan milliy jamoalar bilan bog‘liq tanaffusdan keyin qaytsa kerak.
Yuqorida ham aytilganidek, «Nyukasl»da yo‘qotishlar jiddiyroq. Botman va Lassels uzoq muddatga safdan chiqishgan, Trippiyer va Uilson ham sheriklariga yordam bera olishmaydi. Oxirgi 15 yilda «Nyukasl» raqibi ustidan atigi 4 marta g‘alaba qozongan. Ammo bu g‘alabalarning 3 tasi so‘nggi besh yilda sodir bo‘lganini ham ta’kidlash kerak.
PSJ – LANS (2 noyabr, 21:00)
Abduqodir Husanov Fransiya chempionatida oyning eng yaxshi futbolchisi bo‘lish uchun Jonatan Rou va Malik Fofana bilan kurash olib bormoqda hamda ayni damda peshqadam. Shunday kunlarni ham ko‘rdik. Bugun esa u o‘zining «Lans»i bilan eng katta imtihondan o‘tadi – liga peshqadami «PSJ» mehmoni bo‘ladi. Bu o‘yin Husanov uchun «PSJ»ga qarshi debyut bo‘lishini ham alohida ta’kidlash kerak. Parijdagi o‘tgan mavsum o‘yinida o‘zbekistonlik himoyachi zaxirada qolgan bo‘lsa, yanvarda u millif jamoa bilan Osiyo Kubogida bo‘lgani uchun o‘ynay olmagandi. Demak, Husanov bugun nafaqat Fransiya, balki butun Yevropa qarshisida o‘zini ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ladi. Tabiiyki, bunday o‘yinni o‘tkazib yubormaslik kerak.
«Lans» ushbu mavsumni ancha yaxshi o‘tkazmoqda va hozirda yevrokuboklar zonasida ketyapti. Ilk mag‘lubiyat ham faqat o‘tgan turda, so‘nggi daqiqalardagi gollar hisobiga sodir bo‘ldi. «Lans» Fransiya chempionatida atigi 6 gol o‘tkazib yubordi – bu ligada eng yaxshi ko‘rsatkich. Shu bilan birga hujum chizig‘ida muammolar borligini ham aytib o‘tish kerak. «Lans» 9 o‘yinda atigi 9 ta gol urgan, xolos. Aynan safar o‘yinlariga alohida e’tibor qaratadigan bo‘lsak, jamoa birorta ham mag‘lubiyatga uchramagan – ikki g‘alaba va uch durang. Hatto «Monako» maydonida ham yutqazmagan, demak bugungi o‘yinda ham bemalol munosib o‘yindan umid qilish mumkin.
Mehmonlarga umid berishi mumkin bo‘lgan yana bir jihat – «PSJ»ni kelasi hafta Chempionlar Ligasida muhim o‘yin kutib turganidir. Enrike shogirdlarining Fransiya chempionatidagi ahvoli ancha yaxshi, hatto mag‘lubiyat ham peshqadam sifatida saqlab qoladi. Ammo PSV bilan durangdan so‘ng, Chempionlar Ligasidagi vaziyat biroz qiyinlashdi. Jamoa uch turdan so‘ng atigi ochko to‘plagan. Undan ham yomon tomoni, parijliklarga juda qiyin raqiblar ro‘baru kelgani tufayli keyingi o‘yinlarda ochko olish oson bo‘lmaydi. Keyingi turlarda «Manchester Siti» va «Bavariya»ga qarshi uchrashuvlar bor, kelasi hafta «Atletiko» bilan to‘qnash kelinadi. Shu tufayli Enrike tarkibda biroz rotatsiyaga qo‘l urishi mumkin. Tabiiyki, Husanovga raqibning eng yaxshi hujumchilari qarshilik qilishi va bu bahsda hamyurtimiz g‘olib chiqishini chin dildan istab qolamiz.
TOTTeNHEM –ASTON VILLA (3 noyabr, 19:00)
O‘tgan turda har ikki jamoada oson g‘alabaga erishib, peshqadamlar guruhiga qo‘shilib olish imkoni bor edi. Ammo kutilmaganda omadsizlik ro‘y berdi. «Aston Villa» so‘nggi daqiqalarda «Bornmut»dan to‘p o‘tkazib g‘alabadan quruq qolgan bo‘lsa, «Tottenhem» «Kristal Pelas» maydonida mag‘lubiyatga uchradi. Bu «Kristal Pelas» uchun mavsumdagi birinchi g‘alaba edi. Qizig‘i, inste’fo yoqasida turgan Glasner «Tottenhem»dan keyin «Aston Villa»ni ham mag‘lub etib, Emerini Liga kubogidan chiqarib yuborganini ham ta’kidlash lozim. Darvoqe, Liga kubogi o‘yinini «Tottenhem» a’lo o‘tkazdi – «Manchester Siti»ni musobaqadan chiqarib yubordi.
Uslub jihatidan ham bu ikki raqib to‘qnashuvi neytral muxlislar uchun juda tomoshabop chiqishi shubhasiz. Har ikki jamoa yuqori pressing qiladigan uslubga ega, tabiiyki, bu juda ko‘p xavfli vaziyatlarni ta’minlaydi, gollar ham ko‘p bo‘lishi mumkin. Oxirgi o‘zaro o‘yinlarga qarab ham natijani taxmin qilish qiyin. Londonda o‘tgan oxirgi 4 o‘yindan 3 tasida mehmonlar g‘alaba qozongan bo‘lsa, Birminghemda so‘nggi yillarda «Tottenhem» ikki marta 4:0 hisobida ustun kelgan. Bu raqiblar o‘rtasidagi so‘nggi 20 o‘yinda biror marta ham durang qayd etilmagani ham murosasizlikni taxmin qilishimizga asos bo‘la oladi. Yana bir statistik fakt, «Tottenhem» o‘z maydonida so‘nggi 5 o‘yinda mag‘lubiyatga uchramagan, «Aston Villa» qatorasiga 6 safar o‘yinida yutqazmay kelyapti. Demak, yo mana shu ikki seriyadan biriga chek qo‘yiladi yoki 20 o‘yindan iborat durangsiz seriya barham topadi.
Tarkiblarga keladigan bo‘lsak, mezbonlarda Romero, Son, hamda Vernerning maydonga tushishi so‘roq ostida qolmoqda. Van de Ven ham jarohatidan forig‘ bo‘lmagan. «Aston Villa»dan esa faqat Ross Barkli kichik jarohat tufayli bir necha kunga safdan chiqqan.
MANCheSTeR YuNAYTeD – CheLSI (3 noyabr, 21:30)
Bir hafta ichida Manchesterda shu qadar ko‘p voqealar bo‘ldiki, hatto «Chelsi»ga qarshi o‘yin ham biroz soya ortiga o‘tadi. Atigi bir hafta oldin Erik ten Hag bosh murabbiy sifatida vaziyatni o‘nglay olishiga va’da berayotgandi, hozir esa klub Ruben Amorim bilan shartnoma imzoladi, Rud van Nistelroy esa bosh murabbiy sifatida «Old Trafford»da yirik g‘alabaga erishib ham ulgurdi. «MYu» «Lester»ga qarshi Liga kubogi o‘yinida 5 gol urdi. Jamoa so‘nggi marta APL jamoasiga Sulsher davrida 5 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgandi. Albatta, yangi murabbiy bir necha kunda jamoani o‘zgartirib qo‘ya olmaydi, lekin ko‘pincha mana shunday iste’folar futbolchilarga o‘ziga yarasha erkinlik berib, bosimdan xalos qiladi va bir muddat natijalarni yaxshilashi mumkin. Oddiy fakt, Erik paytida jamoa 27 marta xavfli vaziyat yaratib, atigi 8 gol urgan bo‘lsa, «Lester» bilan o‘yinda 5 vaziyatdan 4 tasini golga aylantira oldi. Aytish mumkinki, har qanday holatda ham «MYu»da yetarlicha yaxshi futbolchilar yig‘ilgan va holatdan qat’i nazar «Chelsi»ga munosib qarshilik qila olishadi. Bundan tashqari o‘yinning «Old Trafford»da bo‘layotgani ham inobatga olish kerak. «Chelsi» APL doirasida «Old Trafford»da oxirgi marta Aleks Fergyuson murabbiylik davrida — 11 yil oldin zafar quchgan.
«Chelsi»ning chempionatdagi holati u qadar yomon emas. Oxirgi turda «Nyukasl» ustidan chiroyli g‘alabaga erishildi. Lekin aynan «Nyukasl» ikki kun oldin «Chelsi»ni Liga kubogidan chiqarib yubordi. Demak, londonliklarda ham o‘zini isbotlash uchun ayni muddao. «Old Trafford»da uzoq yillik g‘alabasiz seriyani to‘xtatish Mareska uchun juda katta natija bo‘ladi.
Tarkiblarga keladigan bo‘lsak, doimgidek «Manchester Yunayted»da yo‘qotishlar ancha ko‘p. Maguayr, Antoni, Yoro kabi futbolchilarning qaytishiga biroz vaqt bor. Chap qanot himoyachilari Shou va Malasiya ham katta ehtimol bilan oy oxirlariga tayyor bo‘lishadi. Shuningdek, «Chelsi»ning sobiq futbolchisi Meyson Maunt ham sobiq jamoadoshlariga qarshi maydonga tusha olmaydi. «Chelsi»da esa faqat Ben Chiluelda sog‘liq bilan bog‘liq muammo bor, xolos.
Ruben Amorim bosh murabbiy sifatida milliy jamoalar bilan bog‘liq tanaffusdan so‘ng debyut qiladi. Ungacha bo‘lib o‘tadigan «Chelsi», PAOK va «Lester»ga qarshi o‘yinlarga jamoani Rud van Nistelroy olib tushadigan bo‘ldi. Qizig‘i barcha o‘yinlar «Old Trafford»da bo‘lib o‘tadi. O‘tmishdagi afsonaviy hujumchiga murabbiy sifatida ham yorqin xotiralar qoldirishi uchun ayni vaqt.
BOShQA O‘YINLAR
2 noyabr. BAVARIYa – Union (19:30), Bornmut – MANCheSTeR SITI (20:00), LIVeRPUL – Brayton (20:00), Udineze – YuVeNTUS (22:00), BORUSSIYa D– LeYPsIG (22:30), Monsa – MILAN (3 noyabrga o‘tar kechasi, 00:45)
3 noyabr. NAPOLI – Atalanta (16:30), ATLeTIKO – Las Palmas (18:00), BARSeLONA – Espanol (20:15).
Qahramon Aslanov
Tavsiya etamiz
Navoiyni kimlar zaharlayapti? – ekologiya vaziri izoh berdi
O‘zbekiston | 11:23 / 25.07.2025
Ishdagi ishqning yakuni: selektorda “qo‘lga tushgan” amaldor ishdan olindi
O‘zbekiston | 10:42 / 25.07.2025
Fransiya Falastin davlatini tan oladi - Makron
Jahon | 09:46 / 25.07.2025
Nihoyat: kelayotgan haftada salqin havo oqimi kirib kelishi kutilmoqda
O‘zbekiston | 20:03 / 24.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Maldiv – Muslim friendly formatida dam olish uchun ideal tanlov
Jamiyat | 19:00 / 25.07.2025
-
“Yangi loyihalarda Eron va Rossiyaning ishtiroki kamayib, turkiylarning ahamiyati ortib boryapti” – siyosatshunos
Jahon | 09:02
-
Andijondagi fabrika oqova suvlari bilan kanalni ifloslantirdi
Jamiyat | 23:09 / 26.07.2025
-
iPhone va avtosug‘urtada yangi narxlar, Navoiyda qalin smog - hafta dayjesti
O‘zbekiston | 22:40 / 26.07.2025
Mavzuga oid

12:14 / 14.07.2025
Enrike o‘yindan keyingi janjalga aralashdi va raqib futbolchisini urib yiqitdi

02:13 / 14.07.2025
«Chelsi» finalda dahshatli «PSJ»ni yirik hisobda yengdi

17:41 / 13.07.2025
Yozning asosiy o‘yini: «PSJ» va «Chelsi» klublar mundiali finalida to‘qnashadi

08:07 / 10.07.2025