Yig‘ilishda qayd qilinishicha, joriy yil boshida hududlarda elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan edi. Davlat rahbarining iyulda Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida ushbu rejani ilmiy asoslangan holda 2 baravar oshirib bajarish yo‘llari ko‘rsatib o‘tildi. Ta’kidlanishicha, podstansiyalardagi transformatorlardagi yuklamani teng taqsimlash, suv nasoslariga xizmat ko‘rsatuvchi transformatorga reaktiv quvvat batareyalari o‘rnatish orqali elektr energiyasi sarfini tejash mumkin. Shuningdek, xonadonlardagi eskirgan «gorelka»ni energiya tejamkoriga almashtirish, isitish tizimini izolyatsiya qilish hisobiga gazni iqtisod qilsa bo‘ladi. Shu tarzda, 1 million xonadon isitish tizimini energiya tejamkoriga almashtirish vazifasi qo‘yildi.
Davlat rahbari yirik iste’molchilarning bor-yo‘g‘i 25 foizida zamonaviy gaz tejovchi uskunalar o‘rnatilganiga alohida to‘xtalib, viloyat hokimliklari va Energoinspeksiya mana shunday masalalar bilan shug‘ullanishi kerakligini ta’kidladi. Yirik gaz iste’molchisi bo‘lgan korxonalarda ilmiy-texnik asoslar bilan energiya tejamkor texnologiyalar o‘rnatish bo‘yicha topshiriq berdi.
Prezident farmoniga asosan, Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi – O‘zenergoinspeksiya Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkazildi. Bu uning imkoniyatlari va ish samaradoriligini oshirishi ta’kidlanmoqda.
Energiya samaradorligini ta’minlashda yana bir manba bu – quyosh. Ayrim viloyatlarda muqobil energiya uskunalarini o‘rnatish sust ekani ko‘rsatib o‘tildi. Tegishli mutasaddilar qat’iy ogohlantirildi.
– Muqobil energiya manbalarini o‘rnatish bu – davlat siyosati, – dedi prezident.
Yig‘ilishda viloyat hokimlari, energetika tarmoqlari rahbarlari hududlarda elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash chora-tadbirlari yuzasidan hisobot berdi.