Varshava ko‘chalaridagi o‘limlar 2 barobarga kamaytirildi: qanday qilib?

Jahon 16:04 3641
Varshavadagi piyodalar o‘tish yo‘li va veloyo‘lakning drondan olingan tasviri. Foto: Mateush Vlodarchik / NurPhoto

Polsha poytaxti bu yil muhim yutuqni qo‘lga kiritganini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rmoqda: statistika to‘planish boshlangan 1980-yillardan buyon Varshava o‘z yo‘llarida eng kam o‘lim darajasi kuzatilganiga erishdi. Shvetsiyada 1990-yillarda shakllantirilgan va yo‘l-transport hodisalari natijasida o‘limlar va og‘ir jarohatlarni bartaraf qilishga qaratilgan Vision Zero xavfsizlik strategiyasiga sodiq ekanini namoyish etib, Varshava so‘nggi 10 yil ichida yo‘llardagi baxtsiz hodisalar sonini 55 foizga kamaytirishga muvaffaq bo‘ldi, deb yozmoqda Bloomberg nashri.

Aholisi 2 mln bo‘lgan ushbu shahar uchun bu ajoyib natija, chunki bir paytlar Varshava haydovchilar uchun ham, piyodalar uchun ham o‘ta xavfli shahar sanalgan.

Yo‘l harakati xavfsizligi borasidagi eng rasvo sanaluvchi 1991 yilda Varshava ko‘chalarida 314 kishi halok bo‘lgan; 2023 yilga kelib yo‘llarda o‘lganlar soni 29 tagacha kamaydi va ularning 11 nafari piyodalar. Agar aholi zichligi inobatga olinsa, Varshava ko‘chalari Yevropa Ittifoqining ko‘plab shaharlaridan xavfsiz sanaladi, chunki million aholiga 15 o‘lim to‘g‘ri kelmoqda.

Piyodalar Varshavadagi Uch xoch ko‘chasini kesib o‘tmoqda. Shaharda yo‘llardagi xavfsizlik darajasi so‘nggi o‘n yillikda ancha oshirildi. Foto: Bartek Sadovski/Bloomberg

Polshada umumiy yo‘l harakati xavfsizligi darajasi hamon yaxshilanishga muhtoj: umummilliy darajada yo‘llardagi o‘lim holatlari 2014 yildan buyon 40 foizga pasayganiga qaramasdan, mamlakat har million fuqaroga 52 o‘lim bilan Yevropa Ittifoqida YTH natijasida o‘lim va jarohat darajasi bo‘yicha so‘nggi o‘rinlardan birini egallab turibdi (YeIda o‘rtacha ko‘rsatkich 46 ni tashkil etadi). Garchi Varshavaning hozirgi ko‘rsatkichlari mamlakat bo‘yicha ko‘rsatkichlardan ancha yaxshi bo‘lsa-da, shahardagi xavfsizlik himoyachilari keyingi harakatlarda faolroq bo‘lishni talab qilmoqda: bu yil jamoatchilik mast holdagi va tezlikni oshirgan haydovchilarning aybi bilan o‘limga sabab bo‘lgan bir nechta avariyalardan shokka tushgan.

Biroq bunday keskin pasayish yaqin tarixda xavfsizlikni kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan sa’y-harakatlarning samarali bo‘lganidan dalolat beradi. Bunda piyodalar o‘tish joylarini modernizatsiya qilish kabi mahalliy choralar bilan birga avtomobilchilarni mashina boshqarishda o‘z zimmasiga ko‘proq yuridik mas’uliyat olishga majbur qiladigan yangi milliy qoidalarning ham o‘rni beqiyos.

Hukumatning harakatlari

Xususan, xavfsizlik tarafdorlari Polshada 2021 yilda qabul qilingan va piyodalarda yo‘ldagi o‘tish joylarida avtomatik ustuvorlik beruvchi qonunni qayd etgan. Bu qoidaga amal qilmagan va piyodalarga yo‘l bermagan haydovchilar 5000 zlotiy (1220 dollar)gacha jarimaga tortiladi. O‘rtacha oylik ish haqi 6500 zlotiy bo‘lgan Polshada bu juda katta summa.

Biroq omillarning birortasi Varshavada yanada samaraliroq yaxshilanishlarni tushuntirib berolmaydi, deydi munitsipal yo‘l boshqarmasining xavfsizlik bo‘yicha direktori Mikolay Piyenkos. «Bu Varshava pozitiv jihatdan ajralib turishiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatadigan bir qator choralardir», —degan u.

Eng muhim vosita 2016 yilda Varshavadagi piyodalar o‘tish joylari tadqiq qilingani bo‘ldi. Shaharda alohida xavf tug‘diradigan 400 tacha o‘tish joyi yoki umumiy o‘tish joylarining 10 foizi tanlab olindi. O‘shandan beri shahar yiliga 40 mln zlotiy (10 mln dollar) mablag‘ni har yili xavfli joylarni modernizatsiya qilish, chunonchi, ko‘chalarni yoritish, ko‘cha sathidan ko‘tarilgan piyodalar o‘tish joylari va chorrahalarda transport vositalarining harakatini yengillashtirish uchun halqali yo‘l tugunlari barpo etish uchun sarflab kelmoqda. Harakat tezligini pasaytirish uchun shaharda ko‘plab «yotiq politsiyachilar» o‘rnatilgan, piyodalar o‘tish joyiga yaqinlashish yaqindagi parkovkalar olib tashlanib, tushunarliroq qilingan. Shahar keyingi to‘rt yil ichida modernizatsiyaga sarflanayotgan pullar miqdorini ikki karraga oshirmoqchi.

Varshava yo‘l xo‘jaligi departamenti direktori o‘rinbosari Tomash Tosha rahbarligi ostida ko‘chalarning qayta rejalashtirilishi ham keyingi yaxshilanishlarga sabab bo‘lishi mumkin. O‘zining avvalgi lavozimida janubdagi unchalik katta bo‘lmagan Yavojno shaharchasida Vision Zero choralarini muvaffaqiyatli qo‘llagan Tosha o‘zining yo‘l harakatini tinchlantirish bo‘yicha muvaffaqiyatli choralarining ayrimlarini Varshavada ham qo‘llamoqchi. Bu choralarga ayrim ko‘chalarni toraytirish va harakat tezligi ustidan sinchkov nazorat o‘rnatish bo‘lishi mumkin. Kutilishicha, jamoat transporti harakati chastotasining yanada yaxshilanishi va xavfsiz veloyo‘laklarning qo‘shilishi avtomobil boshqarishga yaxshi muqobil yaratadi.

Varshavalik velosipedchi veloyo‘lakda svetoforning yashil chirog‘ini kutmoqda. Foto: Sergey Gapon / Getty Images

Tosha asosiy muammoni tezlikda deb biladi. «Meni bu yerga Vision Zeroʼga asos yaratish uchun chaqirishgan», — degan u Bloombergʼga. — Amaliyotda ishlaydigan yagona narsa bu — fan. Agar biz o‘lim holatlari asosan kinetik energiya tufayli ro‘y berayotganini bilsak, demak kinetik energiyani kamaytirishimiz kerak».

Unchalik ham nol emas

Bu orada mahalliy xavfsizlikni himoya qilish bo‘yicha mahalliy guruhlarning ayrim yetakchilari ko‘rilayotgan choralarni yetarli emas, deb hisoblamoqda va Varshava hokimiyatini bu masalani ustuvor deb hisoblamayotganlikda ayblab kelmoqda.

«Shahar bir to‘qnashuvdan ikkinchisigacha yashamoqda», — degan Miasto Jest Nasze («Bizning shahar») huquqbonlik assotsiatsiyasi a’zosi Voysex Luchka. Bu assotsiatsiya hozir Varshava mahalliy hokimiyat organlarida saylangan vakillarga ham ega. U hukumatning reaksiyasini ham «yetarli emas», deb atagan.

U shu yilning yozida o‘lim bilan tugagan avariyaga ishora qilgan. O‘shanda tezlikni oshirgan haydovchi piyodalar o‘tish joyida bir kishini urib ketib, so‘ngra bekatda avtobus kutayotgan odamlar guruhini urib yuborgan. Luchka buni hokimiyatning beparvoligi tufayli yuz bergan deb hisoblaydi. Chorraha shahar xaritasi nol baho olgan, chunki u to‘rt tasmali sfetoforsiz yo‘lni kesib o‘tadi va haydovchilarni piyodalar o‘tish joyiga yaqinlashayotgani va tezlikni pasaytirishidan ogohlantiruvchi oddiy yo‘l belgilariga ham ega emas. Ajal keltirgan to‘qnashuvgacha bu chorraha modernizatsiya qilinmagan.

«Piyodalar o‘tish joyi, albatta, xavfsizroq bo‘lishi mumkin, biroq kimdir yo‘lga qaramasdan, soatiga 130 km tezlikda kelayotgan bo‘lsa, infratuzilmani ayblash qiyin», — deydi yana bir aktivist Piyenkos. O‘ylovsiz haydovchilardan tashqari, u yaqinda piyodalar bilan bog‘liq o‘lim bilan tugagan holatlarda odamlar yo‘lni qizil chiroqqa kesib o‘tgani yoki piyodalar o‘tish joyi bo‘lmagan joylardan kesganini qayd etgan.

Shaharda hozircha tezlikni nazorat qiluvchi kameralar o‘rnatilmagan, chunki faqat Polsha milliy hukumati bunga qo‘l urishi mumkin. Vaziyatni yaqinda Varshava meri Rafal Tshaskovskiy ham tanqid ostiga olgan.

«Agar biz yo‘l harakati xavfsizligi ustida samarali ishlashni istasak, buning uchun qo‘limizda maxsus vositalar bo‘lishi kerak, — deb yozgan u oktyabr oyida tezlikni oshirgan haydovchining aybi bilan bir inson halok bo‘lganidan so‘ng X ijtimoiy tarmog‘ida. — Xavfsizlik bosh ustuvor bo‘lishi kerak».

Garchi bunday qoidabuzar haydovchilar soni kam bo‘lsa-da, avtomobilni xavfli boshqarish shahar madaniyatiga qarshi kurashish bo‘yicha hali ko‘p ishlarni amalga oshirish kerak. Polshaning Gazeta Wyborcza gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, shu yilning mart-aprel oylarida Varshava politsiyasi mingdan ortiq mast holdagi, 120 nafar narkotik moddalar ta’siri ostidagi, 800 nafarga yaqin haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan va 300 dan ortiq sud tomonidan avtomobil haydash huquqidan mahrum etilgan haydovchilarni to‘xtatib ushlagan.

«Bunday odamlar mashina haydar ekan, to‘qnashuvlar muqarrar, — degan Tosha. — Hech bir o‘limni, garchi u yo‘l-transport hodisasida ro‘y bergan bo‘lsa ham, ahloqiy nuqtayi nazardan qabul qilib bo‘lmaydi».

Ko‘proq yangiliklar: