«Oqilona qaror qabul qiling» – toliblar O‘zbekistondan samolyotlarni qaytarishni so‘radi

O‘zbekiston 16:42 / 27.08.2024 32228

Afg‘oniston islom amirligi milliy mudofaa vazirligi AQShning O‘zbekistondagi elchisi harbiy samolyotlar borasida bildirgan fikri yuzasidan bayonot berdi.

«Afg‘on vertolyotlari va samolyotlarining O‘zbekistondagi taqdiriga oid har qanday kelishuvni qabul qilib bo‘lmaydi. Milliy mudofaa vazirligi AQSh afg‘on xalqining mol-mulkini hadya qilishga yoki musodara qilishga haqqi yo‘qligini aniq ta’kidlaydi», - deydi «Tolibon» rasmiylari.

Shuningdek, Afg‘oniston hukumati O‘zbekistonni bu boradagi kelishuvlardan tiyilishga va hamkorlik qilishga chaqirdi:

«O‘zbekiston hukumati bu borada har qanday kelishuvdan o‘zini tiyishini kutmoqdamiz. Yaxshi qo‘shnichilikni hisobga olgan holda oqilona qaror qabul qiling va harbiy havo kuchlari samolyotlarini qaytarishda Afg‘oniston bilan hamkorlik qiling», — deyiladi vazirlik bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil avgustida «Tolibon» Kobulni egallaganda Afg‘onistondan O‘zbekiston va Tojikiston hududiga o‘nlab harbiy samolyot va vertolyotlar uchib o‘tgan edi.

AQSh va O‘zbekiston tomoni bu masalani ancha vaqtdan beri muhokama qilib kelmoqda. 26 avgust kuni AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik ikki mamlakat rasmiylari ushbu aviatexnikalarning keyingi taqdiri bo‘yicha kelishuvga erishganini bildirdi.

Unga ko‘ra, «Tolibon» Kobulni egallagan kunlarda afg‘onistonlik harbiylar tomonidan olib o‘tilgan samolyot va vertolyotlar O‘zbekistonda qoladi. Ikki mamlakat rasmiylari bu borada kelishuvga erishgan.

«Harbiy texnikalar O‘zbekistonda bo‘ladi. Ha, bu allaqachon rasmiy. Ushbu texnikalar hech qachon afg‘onlarniki bo‘lmagan, ular amerikaliklarniki edi. Afg‘on armiyasi undan foydalandi, lekin biz hamisha xo‘jayin bo‘lganmiz», — degan Jonatan Henik.

Afg‘oniston Harbiy-havo kuchlarining harbiy texnikasi Termiz aeroportida, 2021 yil 16 avgust. Foto: CSIS.

Malumotlarga ko‘ra, 2021 yilda bortida 585 nafar afg‘onistonlik harbiy xizmatchi bo‘lgan 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot (Embraer EMB 314 Super Tucano, UH-60 Black Hawk, MD-530, PC-12 va Mi-17) O‘zbekiston havo hududini kesib o‘tgan.

Toliblar bungacha ham bir necha marta samolyotlar Afg‘oniston mulki ekanini va ularni qaytarish zarurligini ta’kidlagan. O‘zbekiston rasmiylari samolyot va vertolyotlar AQSh mulki ekanini va ularni qaytarib bo‘lmasligini qayd etgan.

Ko‘proq yangiliklar: