Anchelotti uchun erta signal: «Malyorka» ilk turdayoq «Real»ning real muammolarini ko‘rsatib berdi

Sport 16:15 / 23.08.2024 9476

«Qirollik klubi» uchun Ispaniya La Ligasi ochilish o‘yini ko‘ngildagidek o‘tmadi, «qaymoqranglilar» «Malyorka» maydonida 1:1 hisobida durang qayd etishdi va turnirni ochko yo‘qotish bilan boshlashdi. Albatta, vahima qilarli hech narsa yo‘q, yana 37 ta tur bor.

Ammo yaqinda 21 yoshni qarshi olgan va Madridga o‘tgan mavsum avvalida kelgan Jud Bellinghemning fikri boshqacha. U maydondagi harakatlari bilan jamoasini oldinga boshlashdan tashqari, kiyim almashtirish xonasida ham qanday ovozga egaligini «Son Moiks» stadionidagi kameralar orqali ko‘rdik. Tanaffusdan keyin maydonga tushish arafasida hujumdagi trio: Kilian Mbappe, Vinisius Junior va Rodrigo himoyachilar ularga bo‘shliq bermayotgani haqida gaplashib turishgandi va shu joyga Jud kelib: «Sizlar — uchalangiz vaziyatlarni tezroq yakunlamasangiz bo‘lmaydi. Hujumdan so‘ng orqaga qaytaverish rosa charchatyapti», — dedi.

Judning gaplari statistikada o‘z tasdig‘ini topdi: «Real» bellashuv mobaynida 13 ta zarba berdi va ularning atigi 5 tasi aniq edi. 90 daqiqa davomida dunyoning eng kuchli hujumi deya e’tirof etilayotgan yigitlar birorta yaqqol golli vaziyat yarata olishmadi. Rodrigoning goli ham individual mahorat evaziga murakkab vaziyatdan kiritildi. xG (gollar kutilmasi) ko‘rsatkichi borasida esa mezbonlar 15 karra Chempionlar Ligasi g‘oliblaridan yaxshiroq natija qayd etdi.

Xo‘sh, muammo nimada edi?

Eng asosiy xato sifatida uchala hujumchining chap qanotga tiqilib qolishi ko‘rsatilmoqda. Bu muammo, aslida, Mbappe kelishidan oldin taxmin qilingan va «Atalanta»ga qarshi bellashuvda ham kuzatilgan bo‘lsa-da, mana endi «Malyorka»ga ochko boy berilgach, ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Uchala (Bellinghem bilan 4 nafar) hujum vakili ham o‘ngaqay futbolchilar. Ha, ularning jarima maydonigacha bo‘lgan masofani bosib o‘tish uslublarida farq bo‘lishi mumkindir, ammo hujumga qo‘shilish jarayoni chap tarafdan boshlanaverar ekan, raqibda himoyalash kerak bo‘ladigan maydon hajmi anchagina qisqaradi hamda madridliklar qarshisida 1-turda kuzatilganidek ancha zich himoya chizig‘i paydo bo‘ladi. Yakshanba oqshomidagi bahsda bir necha marta to‘rtala futbolchining 15 metr radiusga tiqilib qolgan vaziyatlari ko‘zga tashlandi.

Ammo yuqoridagi fikrlar bilan «Real» hujumi butkul samarasiz o‘ynadi, deyishdan yiroqmiz. Madridliklar hujum chizig‘idagi uchovlon va Bellinghem o‘rtasida naq 83 ta pas almashinuvi amalga oshdi. Hujum uchligi o‘zaro 368 ta teginishni amalga oshirdi va bu La Liga birinchi turida istalgan boshqa jamoaning ko‘rsatkichidan kamida 100 taga ko‘p degani. Biroq nega mana shunday aqlbovar qilmas raqamlar bilan ham ularda raqib himoyasini yorib o‘tish bo‘yicha muammolar kuzatildi?

Bizningcha, bu — amaldagi chempionlarning Kroosdan keyingi davrga o‘tish jarayonida kuzatilishi muqarrar bo‘lgan muammolarning yuzaga chiqishi. Federiko Valverde «Malyorka» bilan ideal o‘ynamagani rost, ammo o‘zining eng zo‘r o‘yinida ham urugvaylik yarimhimoyachidan raqib zich himoyasini yorib o‘tishga qodir bo‘lgan Kroosga xos paslarni kutib bo‘lmaydi: uning ustunligi boshqa jihatlarda. Tonining ketishi va Chuamenining o‘z pozitsiyasiga qaytishi ortidan Fedening vazifalarida o‘zgarishlar kuzatiladi va endi undan ko‘proq hujumlarni keskinlashtiruvchi uzatmalar kutiladi. Albatta, Valverdega bu xislatlar begona emas, biroq ularni raqamini meros qilib olgani — ustozi kabi surunkasiga bajarish katta tajribani talab qiladi. Ungacha esa «Real» ochko yo‘qotishda davom eta olmaydi. Ustiga-ustak, Luka Modrichning ham yoshi unga to‘liq imkoniyatlarini ko‘rsatishga to‘sqinlik qilyapti.

Qanday potensial yechimlar bor? Albatta, Karlo otada vaziyatdan chiqish bo‘yicha rejalar borligi aniq. Ulardan biri o‘tgan mavsumda foydalanilgan 4-4-2 (4-1-2-1-2) sxemasiga qaytish. Bunda hujum uchligidan kimdir zahiraga o‘tirishi, markazga esa katta ehtimol bilan Kamavinga tushirilishi kerak bo‘ladi. Shunda Jud Bellinghemning himoyaga faol tarzda yordamlashishiga zarurat qolmaydi va u o‘tgan mavsum avvalida sermahsullik keltirgan 10-raqam pozitsiyasida o‘ynashi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, yarimhimoyada futbolchilarni ko‘paytirish Karvahalning hujumga qo‘shilish imkoniyatlarini oshirgan bo‘lardi.

Shu o‘rinda Karlo Anchelotti qo‘l ostida yulduzli jamoani yana tizimlashtirish va ular uchun mos keladigan aniq reja ishlab chiqish mas’uliyati ham turibdi. Italiyalik mutaxassis faoliyati davomida ko‘p marotaba bu ishni uddalagan, ayniqsa, Madridda. Uning o‘zi ham muammolarini tushunib turibdi va e’tirof etmoqda.

«Biz yaxshiroq himoyalanishimiz kerak. Bizga ko‘proq balansni saqlash muhim. Oldin ham buni aytgandik: biz juda ham hujumkormiz va bunday o‘yin uslubida balansni ushlay bilish o‘ta zarur», — deydi Karlo ota.

Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, durangdan fojia yasashga hojat yo‘q. Aslida, klub yulduzlari va ularga haddan ziyod ishonib yuborgan futbol jamoatchiligining bor-yo‘g‘i durang bilan sergak tortib qolishi yaxshilikka ham xizmat qilishi mumkin. Va shunisi aniqki, bu «galaktikos» oldingisidan farqli ravishda o‘sadigan va jamoaviylik ruhini yaxshi his qila oladigan iqtidorlar evaziga qurilgan.

«Goal» va «The Athletic» ma’lumotlari asosida Abdulbasit Valixonov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: