Faktoring tashkiloti uchun yo‘l ochiladi

Iqtisodiyot 13:41 / 20.08.2024 1166

Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida O‘zbekistonda faktoring tashkilotlariga yo‘l ochilishi ma’lum qilindi.

Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, hozir ko‘p eksportchilar yirik xorijiy savdo tarmoqlariga 3-4 oy kechiktirib to‘lash sharti bilan mahsulot yetkazib bermoqda. Uzluksiz ishlab chiqarish uchun korxonalarda aylanmaga ehtiyoj oshayapti. Lekin, hamma tadbirkorda ham yangi kredit olish, unga garov topish imkoniyati yo‘q.

“Tadbirkordan garov talab qilmaydigan eng qulay instrument bu – faktoring. Xalqaro moliya korporatsiyasiga ko‘ra, bizda 10 milliard dollarlik faktoring xizmatiga talab bor. Hozir bu xizmatni faqat banklar, mikromoliya tashkilotlari ko‘rsatayapti”, - dedi davlat rahbari.

Prezident bundan buyon bank bo‘lmagan yangi institut – faktoring tashkiloti uchun yo‘l ochilishini aytdi.

“Ular xorijiy valutada ham xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi. Bu jarayonda qatnashadigan bank, mikromoliya, faktoring tashkiloti va tadbirkorlar foydalanadigan alohida elektron platforma ishga tushadi. Ya’ni, tadbirkor undan o‘ziga qulay moliyaviy mahsulotni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Faktoringni ommalashtirish hisobidan tadbirkorlarga aylanma uchun 20 trillion so‘m, eksportchi korxonalarga 1 milliard dollar qo‘shimcha moliyaviy resurslar paydo bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq "Faktoring xizmatlari bozorini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilingandi.

Unga muvofiq, Markaziy bank taklifiga binoan pul talabnomasini boshqa shaxsga o‘tkazish yo‘li bilan moliyalashtirish faoliyatini amalga oshiruvchi faktoring tashkilotlari tashkil etiladi. Ularning faoliyati Markaziy bankda nobank kredit tashkiloti sifatida reyestrda hisobga olish ro‘yxatidan o‘tgandan so‘ng amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: