Tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlarda ularning 38 foizi islom moliyasi asosida resurs olish istagini bildirgan.
Bu haqda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, o‘tgan oyda mikromoliya tashkilotlariga islomiy shartlar asosida xizmat ko‘rsatishga ruxsat berildi.
“Tayyorlangan yangi qonun loyihasi qabul qilinsa, islom moliyasi bilan banklar ham ishlashi mumkin bo‘ladi. Bu – yangi moliyaviy xizmatlar taqdim etilishi, ko‘p investorlar kirib kelishi va 5 milliard dollarlik qo‘shimcha resurs paydo bo‘lishiga turtki beradi”, - dedi Prezident.
Avvalroq, Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev islom moliyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilgani, loyiha yil oxirigacha parlamentga kiritilishini ma’lum qilgandi.
Bazaviy qonunlarimizni 2024 yilda yakuniga yetkazsak, qolgan banklarda ham bu xizmatlar ommalashishiga ham talab bor, ham sharoit yaratiladi, degandi MB raisi o‘rinbosari.
O‘zbekistonda islom moliyasi
O‘zbekiston rasmiylari bank sektori va tashqi savdoni rivojlantirish maqsadida islom iqtisodi boshqaruvi va islom moliyaviy institutlarini joriy qilish niyati haqida 2017 yildan buyon aytib keladi.
Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish maqsadida Ipak yo‘li banki Islom taraqqiyoti korporatsiyasidan 2006 yili 2 million, 2010 yil 5 million, 2017 yilda esa 14 million dollar mablag‘ jalb qilgan.
2018 yil iyul oyidan boshlab yana ikki bank: Trastbank va Infinbank Islom taraqqiyoti korporatsiyasi bilan moliyaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Ko‘p o‘tmay, Islom taraqqiyoti korporatsiyasi O‘zbekistondagi 6ta institut: Kapitalbank, Asakabank, Turonbank, Hamkorbank, O‘zsanoatqurilishbank, Asia Alliance bank bilan shar’iy-moliyaviy masalalar bo‘yicha shartnoma imzoladi.
2021 yilda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov banklarda islom darchalarini ochish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.
2021 yil 1-4 sentabr kunlari Toshkentda Islom taraqqiyot banki boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Sammitda ITB guruhi va o‘nta a’zo mamlakat o‘rtasida umumiy qiymati 1,2 milliard AQSh dollariga teng 30 ta moliyaviy kelishuv imzolandi. Shundan 330 million dollarga teng mablag‘ O‘zbekiston manfaatlarini ko‘zlab sarflanishi kelishildi.
Islom taraqqiyot banki (ITB) guruhining yig‘ilishida O‘zbekiston uchun Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamg‘armasi tuzildi, shu bilan birga, ITBning to‘lov tizimi ishga tushdi.
2022 yilda O‘zbekiston islom moliyasi bo‘yicha nufuzli xalqaro tashkilot – Islom moliya muassasalari uchun buxgalteriya va auditorlik tashkiloti bilan hamkorlik o‘rnatdi.
Shuningdek, 2022 yil 20 aprel kuni imzolangan “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi qonunda, mikromoliya tashkilotlari islom moliyasi tamoyillari asosida qarzlar berishi mumkinligi belgilandi.
2023 yil sentabr oyida tasdiqlangan “O‘zbekiston-2030” strategiyasida kamida 3 ta tijorat bankida islom moliyasi mezon va tartiblarini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi ijrochi direktori Xane Salem Sonbol joriy yil mart oyida Kun.uz'ga bergan intervyusida korporatsiya shu vaqtgacha O‘zbekistonda islom moliyasini rivojlantirish uchun 750 mln dollar ajratgani, bundan keyin ham u mamlakatga bu yo‘nalishda ko‘mak berishga tayyorligini aytgandi.