“Qarzga botganimni otam “ko‘tara olmadi” – qarzdor yigitning tazarrulari (Hayotiy hikoya)

Jamiyat 15:39 / 18.08.2024 27656

“Hayotiy hikoyalar” ruknidan berilayotgan navbatdagi hikoya qahramoni hozirda qamoq jazosini o‘tayotgan yigit ekan. U maktubida oilada yolg‘iz o‘g‘il bo‘lganini va erka o‘sib, ulg‘aygach ota-onasiga ancha ozor yetkazganini yozibdi.

“Oilada yolg‘iz o‘g‘ilman. Mengacha ota-onam 4 nafar qiz farzand ko‘rishgan. So‘ng men tug‘ilganman. Allohdan “tilab olishgani uchun” yoshlikdan erka bo‘lib o‘sganman.

Oilada aytganim aytgan, deganim degan edi. Ota-onam nima so‘rasam muhayyo qilishardi. Keyinchalik esimni tanib maktabga chiqdim. Mustaqillikning ilk yillari, ancha qiyin zamonlar edi. Biroq otam savdo bilan shug‘ullangani uchun, biz qiyinchilik sezmaganmiz.

3-sinfda o‘qib yurganimda otam velosiped olib berdi. O‘sha paytda tengdoshlarimda bunday qimmat narsa yo‘q edi. Lekin qizg‘anchiq emasdim. “Velik”ni o‘rtoqlarim bilan birga minardik.

6-sinfga o‘tganimda otam “Minsk” mototsiklini olib berdi. Tez kunda uni minishni o‘rganib oldim. Shundan so‘ng umuman uyda o‘tirmaydigan bo‘lib qoldim. Motosiklga yoqilg‘ini to‘ldirib quyib olib kuni bilan minib yurardim.

8-sinfga o‘tganimda otamning “Nexia”sini minishni o‘rganib oldim. Ko‘p o‘tmay mashina tamomila meniki bo‘ldi. Shu zaylda ulg‘aydim.

Maktabni bitirgandan so‘ng mening sayoq yurishlarim davom etdi. Endi o‘zimdan bir necha yosh katta “o‘rtoqlarim” bilan yengiltabiat ayollarga ham boradigan bo‘ldim. Bu holat bir necha yil davom etdi.

Shu ish ortidan qamalib ketishimga bir baxya qoldi. O‘shanda otamning pullari bo‘lmaganda yo qamalib ketardim, yoki o‘zim birga yotgan fohishaga uylanardim.

Kunlarning birida yengiltabiat qizlarga bordik. Qizlardan biri bilan tunni birga o‘tkazdim. O‘shanda qiz mendan yoshimni, nima ish qilishimni, uylanganmanmi yo‘qmi, shularni so‘radi. Hammasini aytdim.

U ham o‘zi haqida gapirdi, aytishicha viloyat markazida yasharkan. Bir paytlar sevgan yigiti “senga uylanaman” deb birga bo‘lgan va keyin tashlab ketgan ekan. O‘shandan keyin shu yo‘lga kirib ketgan ekan.

Ertalab fohishaxonadan chiqib o‘z yo‘limda ketdim va qizni unutdim. Biroq u meni unutmagan ekan. O‘shanda kelajakda meni nimalar kutayotganini bilganimda, balki o‘sha kuni fohishaxonaga bormasmidim...

Oradan bir necha kun o‘tgach uyimizga IIB uchastka noziri keldi. U ota-onamga mening ustimdan ariza tushganini, bir qizni zo‘rlaganlikda gumon qilinayotganimni aytdi. Arizani o‘sha bir necha kun oldin men bilan pul evaziga yaqin aloqada bo‘lgan qiz yozgan ekan.

Menga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va tergovga qatnay boshladim. Tergovchiga qizni zo‘rlamaganimni, u pul evaziga men bilan yotganini aytdim. Biroq bu gaplarim inobatga olinmadi.

U paytlarda hozirgiday tibbiy uskunalar yo‘q, shu uchun qanday qilib o‘zimni oqlashni bilmasdim. Men bilan birga borgan “akalarim” esa guvohlik bera olmasliklarini aytishdi.

Biri “uydagilarim bilsa xotinim ajrashib ketadi”, dedi. Boshqasi “otam bilsa meni o‘ldiradi” dedi. Oxir-oqibat otam “ishni” pul bilan yopishga qaror qildi. Lekin buni ham iloji bo‘lmadi.

Eng avval qizga pul taklif qilindi. Biroq u ko‘nmadi. Qiz “menga uylanasan” degan gapni takrorlardi xolos. Ota-onasi ham qizning fohisha bo‘lib ketganini bilishmas ekan, ular ham “uylanasan” gapini ushlab olishdi.

Otamdan pul olgan “uchastkavoy” esa “Nima qilib bo‘lsa ham qizni ko‘ndirish kerak, aks holda men hech narsa qila olmayman”, derdi. Vaziyat boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, ota-onam va men nima qilishni bilmasdik.

Kunlarning birida uchastka noziri keldi va gap boshladi: “Bir taklifim bor. Qizning yengiltakligini hamma biladi. U hozir ham pul evaziga boshqalar bilan yotib yuribdi. Agar xarajatdan qochmasanglar qizni boshqalar bilan ushlaymiz. Shunda uni tuhmat qilganlikda ayblab, ishni yopib yuborsa bo‘ladi. Men tanish xodimlarni ishga solaman, ular qizni doimiy kuzatib qo‘lga tushirishadi. Faqat ularning xarajatlarini bersanglar bo‘ldi”.

Uchastka nozirining gapi otamga jo‘yali tuyuldi va u katta pul so‘raganiga qaramasdan bu ishga rozi bo‘ldi. Unga so‘ragan pulining bir qismi berildi. Qolgani ish hal bo‘lgandan so‘ng berilishi aytildi.

Oxir-oqibat ikki nafar IIB xodimi qizni poylab pul evaziga boshqa odam bilan yotgan joyida ushlab olishibdi. Shundan so‘ng ishlar tezlashib ketdi va otamning pullari evaziga “osilib turgan” jinoyat ishi sudga oshirildi.

Sudda qizning pul evaziga fohishalik qilishi isbotlandi. U menga tuhmat qilayotgani aytilib, jinoyat ishi yopildi. O‘shanda ota-onam va men qizdan qutulganimizga xursand bo‘ldik. Biroq mening xurmacha ishlarim shu bilan to‘xtamadi.

Ko‘p o‘tmay otam ish bilan chalg‘ir deb bozordan do‘kon olib berdi, kiyim-kechak savdosi bilan shug‘ullana boshladim. Mahsulotlarni Xitoydan “mol” olib keladigan ulgurji savdogarlardan olardim.

Savdo yaxshi edi. Bu orada uylandim, biroq sayoq yurishim tugamadi. Do‘konda asosan yordamchi yigit savdo qilardi. Ishonchli, birovning haqiga xiyonat qilmaydigan yigit edi.

Uyda bo‘lgan kezlarimda uning oldiga faqat kechki payt, do‘kon yopilishi arafasida borardim va savdoning pulidan olib ketardim. Ulgurji savdogarlar mahsulotlarni nasiyaga ham berishar, sotib pulini qilib berardik.

Shu tariqa, bir necha yil davomida ulgurji savdogarlardan ancha miqdorda qarz bo‘ldim. Doimiy mijoz bo‘lganim uchun ular indashmas, men esa ishonchni suiiste’mol qilib qarzdan o‘n so‘m bersam, o‘n besh so‘mlik mahsulot so‘rardim. Shu tariqa qarzlarim oshib boraverdi.

Shundan so‘ng yana bir jiddiy xatoga yo‘l qo‘ydim. Foizga pul beradigan bir odamdan ancha pul oldim. Savdo do‘konim, tagimda mashina bo‘lgani uchun u qarz berdi. Lekin foizi katta edi.

Eng birinchi mojaro foizga pul bergan odam bilan kelib chiqdi. U bergan pulni bir yilcha ishlatdim, bu orada oyma-oy to‘lov ham qilib bordim. Hisoblab ko‘rsam olgan qarzimni uzibman. “Foizini oladi-da” deb pul berishni to‘xtatdim.

Foiz beruvchilarda hisob-kitob boshqacha ekan. Ya’ni pulni yoki uning foizini to‘lashni kechiktirsangiz ular qolgan summaga yana foiz qo‘shib qo‘yaverar ekan.

Men ham asosiy pulni to‘lab bo‘ldim, foizini keyinroq to‘layman degan o‘yda bemalol yuraveribman. Foiz yana foiz tug‘ib, qarzim dastlab olgan summamga teng bo‘lib qolibdi.

O‘shanda foiz bergan odam bilan janjallashib qoldim. Unga “foiz ham foiz “tug‘ishi” haqida ogohlantirsang qarzni cho‘zib yurmay to‘lab yuborardim”, devdim. “Buni o‘zing bilishing kerak edi”, deb javob qaytardi.

O‘sha janjalda unga bir tiyin ham bermasligimni aytgandim, ertasi kuni uyimizga kelib otamga hammasini aytib beribdi. Otam birinchi zarbani o‘shanda oldi.

Kechki payt uyga kelsam otamning mazasi yo‘q, ko‘rpa-to‘shak qilib yotibdi. Darhol duxtirga olib bordim. Vrachlar tekshirib ko‘rib u yurak xurujiga uchraganini aytishdi. Otam ancha kun davolanib chiqdi.

Shundan so‘ng foizga pul bergan odamga qo‘ng‘iroq qilib bir tiyin ham bermasligimni ma’lum qildim. U IIBga ariza bilan murojaat qilibdi. Arizasida foizga pul berishini yozmagan, menga qarz berib ololmayotganini bildirgan ekan.

Tergovchi chaqirdi, unga foizga deb olgan pulimni qaytarganimni, foizini keyinroq to‘lamoqchi bo‘lganimda unga ham foiz hisoblaganini, o‘sha odamni deb otam bir o‘limdan qolganini gapirib berdim.

Foizchi avvaliga bu gaplarni inkor qildi. Tergovchi mahallasiga borib surishtirishini aytgan edi, darrov menga foizga pul berganini tan oldi. Shunda tergovchi unga foizga pul berish noqonuniy ish hisoblanishini, shu uchun arizasini qaytarib olmasa o‘ziga ish ochishini aytgandi, foizchi noiloj arizasini qaytarib oldi.

Lekin, mening muammolarim shu bilan tugamadi. Aksincha “suvim battar loyqalana boshladi”. Gap shundaki, foizchi bilan mojarolarim menga qarzga mahsulot beradigan savdogarlarning ham qulog‘iga yetgan ekan.

Ularning bir qismi qarzni to‘liq yopsam mahsulot berishini aytdi. Boshqalari esa uyga qidirib kela boshladi. O‘zim uyda bo‘lgan paytimda kimdir kelsa aldab-suldab ko‘chadan javobini berardim.

Biroq ularning ayrimlari uyda bo‘lmaganimda kelib otamga qarzlarimni bermay yurganimni aytishibdi. Bu gaplar otamga qattiq ta’sir qilgan, biroq u barchasini ichiga yutib yuraveribdi.

Holat shu darajaga keldiki, hammaning og‘zida mening katta miqdorda qarzga botganim va qochib yurganim muhokama bo‘la boshladi. Bechora otam bosh ko‘tarib mahallaga chiqa olmay qoldi.

Kunlarning birida otam ikkinchi marta yurak xurujiga uchradi va bu safar uni saqlab qolishning iloji bo‘lmadi. Otamning vafoti menga qattiq ta’sir qildi, lekin vaziyatni o‘nglash uchun kech bo‘lgandi.

Savdogarlarga qarzimni falon vaqtdan kechiktirmay to‘layman deb va’da bergandim. Biroq va’damning ustidan chiqa olmadim. Shundan so‘ng ulardan biri IIBga ariza bilan murojaat qildi. Ustimdan yana jinoyat ishi ochildi, tergovga qatnay boshladim.

O‘shanda meni qarz qilgan odamlarning barchasiga “Agar siz ham IIBga ariza qilib borsangiz keyin qarzimni to‘lamayman, pullardan umidingizni uzasiz. Bormasangiz qarz bo‘ynimda turadi, qachon bo‘lsa to‘layman”, deb aytib chiqdim.

Shundan so‘ng kimdir IIBga bordi, kimdir bormadi. Menga qarshi da’vo bilan chiqqanlar soni 4-5 nafarga yetdi. Kunlarning birida tergovchi ariza yana bittaga ko‘payganini aytib qoldi. Kimligi bilan qiziqsam menga foizga pul berib, foizlarini ololmay qolgan odam ekan.

Tergovchiga u bilan oramizda bo‘lgan ishni aytib berganimni eslatdim. U shunday deb javob berdi:

“O‘tgan gal biz vaziyatni to‘g‘ri tushundik, foizga pul beradigan odamga ham chora ko‘rishimizni aytgandik, ko‘rdingiz o‘sha kuni arizasini qaytarib oldi. Bu safar sizni emas, uning gapiga ishonishga majburmiz. Chunki “pulimizni o‘zlashtirib ketdi” deb ustingizdan bir nechta ariza tushgan, siz uning pullarini ham o‘zlashtirgan bo‘lishingiz mumkin”.

Ko‘p o‘tmay sud bo‘ldi va firibgarlikda ayblanib qamalib ketdim. Bu maktubni hozir qamoqxonadan turib yozyapman. O‘zimni yaxshi tutganim uchun hozir manzil-koloniyaga o‘tkazilganman.

Xudo xohlasa chiqib borsam to‘g‘ri hayot kechirarman. Biroq otamni hayotga qaytara olmayman. Ana shu qalbimni tirnab, yuragimga azob beryapti.

Otam bir umr menga yaxshi bo‘lishi, kelajakda hech kimdan kam bo‘lmasligim uchun harakat qildi. Men esa....

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: