Ukraina qo‘shinlari Rossiyada bor-yo‘g‘i bir haftadan beri yurganiga qaramay, ular may oyining boshidan beri Ukrainadagi rus armiyasi erishmoqchi bo‘lgan natijalarga allaqachon erishib bo‘ldi, deb xabar beradi The Moscow Times.
Ukraina bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiyga ko‘ra, mamlakat Qurolli kuchlari Kursk viloyatida 1000 kvadrat kilometrga yaqin hududni egallagan. Kursk viloyatidagi operatsiya boshlanganiga endi bir hafta bo‘ldi — ukrain harbiylari 6 avgustning birinchi yarmida viloyatga hujumni boshlagan edi.
Shu bilan birga, Black Bird Group ochiq harbiy ma’lumotlar tahliliga ko‘ra, Rossiya armiyasi 3 maydan 2 avgustga qadar 592 kvadrat kilometr hududni egallashga muvaffaq bo‘lgan. Qo‘shinlar asosan Ukraina sharqidagi Donetsk viloyati tomon harakatlanib, Ukraina Qurolli kuchlarining (UQK) yirik ta’minot markazi joylashgan Pokrovskni egallash maqsadida kichik qishloqlarni yo‘q qilmoqda — u orqali qo‘shni shaharlarga hujum qilish yo‘llari ochiladi. Bundan tashqari, may oyida Rossiya qo‘shinlari Xarkov viloyatiga bostirib kirgandi, ammo ularning harakati zudlik bilan to‘xtatilgan edi.
Shunday qilib, Ukraina bo‘linmalari Kursk viloyatida bir hafta ichida rus bo‘linmalariga qaraganda 1,7 baravar ko‘proq hududni egallab oldi — Ukrainada uch oy ichida esa ular atigi 45 kvadrat kilometrdan biroz ko‘proq oldinga siljigan.
Janglar davom etayotgani va qo‘shinlar o‘rni almashib turgani bois Ukraina Qurolli kuchlari nazorati ostidagi hududni aniq hisoblash mushkul. 12 avgust kuni Kursk viloyati gubernatori Aleksey Smirnov Vladimir Putinga Ukraina armiyasi 28 ta aholi punkti va 480 kvadrat kilometr hududni egallagani bo‘yicha hisobot berdi. Smirnovning so‘zlariga ko‘ra, ukrain harbiylari taxminan 12 kilometr oldinga siljigan. Ukraina Mudofaa vazirligiga yaqin bo‘lgan Deep State loyihasining baholashicha, UQK nazorati ostidagi aholi punktlari 40 tadan oshmoqda.
Shu bilan birga, Ukraina hududlarining egallab olinishi Rossiya armiyasi uchun juda qimmatga tushdi: mamlakat 100 mingdan ortiq odamidan ayrilishi mumkin edi. May, iyun va iyul Rossiya uchun urush boshlanganidan beri eng qonli oylarga aylandi. May-iyun davomida Rossiya qo‘shinlari oyiga 35 ming askaridan ayrilgan bo‘lsa, iyulda ushbu ko‘rsatkich kuniga 1100 kishidan oshgan.