RFning suveren hududlarini egallab turish Ukrainaga ruhiy kuch bag‘ishlash bilan birga, bo‘lajak muzokaralarda o‘z pozitsiyasini kuchaytirish imkonini beradi. Chunki AQShdagi saylovda Tramp g‘alaba qozongan taqdirda, Kiyev muzokaralar stoliga o‘tirishga majbur bo‘lishi mumkin. Shu jihatdan, hozir ukrainlar uchun Kursk oblastida yanada ilgarilash emas, egallangan hududlarda mustahkam o‘rnashib olish muhimroq, deydi siyosatshunos Jahongir Akramov.
6 avgust tongida Ukraina qo‘shinlari Sumi viloyatidan Rossiyaning Kursk viloyatiga kirib keldi va bir necha kun ichida o‘nlab qishloqlarni egalladi.
Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunos Jahongir Akramovning aytishicha, mutaxassislar bu harbiy operatsiyaga taxminan yarim yil tayyorgarlik ko‘rilgan deb hisoblamoqda. Amaliyotga 8 ta brigada jalb etilgani haqida ma’lumotlar bor, lekin Kurskka ularning faqat bir qismi kirib borgan – zaxira kuchlari operatsiyaning qanday bo‘lishiga qarab turib urushga qo‘shilishi yoki qo‘shilmasligi mumkin.
Rossiya Mudofaa vazirligi 7 avgustda ukrainlarning 82 ta harbiy texnikasi, 600 ga yaqin askari yo‘q qilinganini bildirgan, lekin bu – bir tomonning ma’lumotlari, qolaversa, Rossiyaning ham yo‘qotishlari kichik emas: rossiyalik harbiylarni olib ketayotgan 14 ta yuk mashinasidan iborat kolonna Himars yordamida yo‘q qilingani haqidagi videolar haqiqiyligini mustaqil ekspertlar tasdiqlashmoqda. Qo‘shinlarni bunday kolonna usulida tashish avval ham pand bergan va bu hol tanqidlarga sabab bo‘lgandi.
Bu yerda Rossiya tomonidan yadroviy qurol ishlatilishi masalasiga to‘xtalsak, tahlilchi bir necha kundan beri bunday xavf ko‘zga tashlanmayotganini aytadi. “Bu Kiyev tomonidan g‘arbga berilgan, Rossiya Ukraina uchun yadro qurolini qo‘llay olmaydi degan signal ham bo‘ldi. G‘arb qurollarining bevosita Rossiya hududida turib foydalanilishi bu qurollarining ishlatilish radiusi kengayishiga xizmat qilishi ham mumkin. Bu esa geografik kengaytirishga sabab bo‘lishi mumkin”, – deydi u.
Jahongir Akramovga ko‘ra, Kurskka hujum psixologik nuqtayi nazardan ham ahamiyatli. Ikkinchi jahon urushidan beri birinchi marta xorijiy davlat qo‘shini suveren Rossiya chegarasini buzib o‘tdi. Siyosiy jihatdan esa, bu holat bo‘lajak muzokaralarda Ukrainaning pozitsiyasini kuchaytirishda qo‘l keladi. Shuning uchun ham hozir Ukraina uchun asosiy vazifa Rossiyaning egallangan hududlarini kengaytirish emas, balki hozirgi chiziqlarda mustahkam o‘rnashib olish bo‘lishi mumkin. Chunki egallangan hududlar qanchalik kattalashib ketsa, ularni saqlab turish shunchalar qiyinlashadi.
Tahlilchi muzokaralar haqida so‘z yuritarkan, AQShdagi saylovlarni yodga oladi, chunki respublikachilar nomzodi Donald Tramp hokimiyatga kelgan taqdirda, u Ukrainaga Rossiya bilan muzokaralar stoliga o‘tirishi uchun bosim o‘tkazishi mumkin. Shunday bo‘lgan taqdirda, Ukraina o‘zining muayyan hududlarini qaytarib olish evaziga egallab turilgan rus hududlaridan chiqib ketishi mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.