Bundan bir necha kun oldin Afg‘oniston Energetika va suv resurslari vaziri vazifasini bajaruvchi Abdullatif Mansur suv toshqini tufayli noaniq bo‘lgan Afg‘oniston bilan Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi chegaralarni belgilash yangi strategiya bo‘yicha amalga oshirilishini ma’lum qildi.
“Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston bilan chegaralarimiz suv toshqinlari tufayli yuvilib ketdi. Muhimi shundaki, biz o‘tmish chegaralarini belgilash bo‘yicha muhim ishlarni amalga oshirmoqdamiz va yigirma kun avval bu masalani Afg‘oniston rahbari bilan muhokama qildik”, degan u.
Vazir chegaralarni tiklash bo‘yicha yangi strategiya qanday bo‘lishiga aniqlik kiritmagan. Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Afg‘oniston bilan 143 km chegaraga ega. Respublikaning umumiy chegarasi esa 7 090 km.
Shuningdek, respublikamiz Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan chegaradosh. Quyida O‘zbekistonning qo‘shnilari bilan bo‘lgan chegaralari haqida qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etamiz.
Umumiy ma’lumotlar
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Osiyoda, Amudaryo va Sirdaryo oralig‘ida joylashgan bo‘lib, umumiy maydoni 448,9 ming kilometr kvadratni tashkil etadi. Respublika hududi sharqdan g‘arbgacha 1 425 kilometrni, shimoldan janubgacha esa 930 kilometrni tashkil etadi.
O‘zbekiston shimolda va shimoliy-sharqda Qozog‘iston, sharqda va janubiy-sharqda Qirg‘iziston va Tojikiston, janubiy-g‘arbda Turkmaniston, janubda esa Afg‘oniston bilan chegaradosh. O‘zbekistonning eng uzun chegarasi Qozog‘iston bilan, eng qisqasi Afg‘oniston bilan bo‘lgan chegara hisoblanadi.
Qozog‘iston bilan chegara
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi chegara 2 356 kilometrni tashkil etadi. Chegaraning eng sharqiy qismi tog‘lardan, qolgani cho‘l hududlaridan o‘tgan. Shuningdek, Sirdaryo daryosi, Chordara suv ombori va Orol dengizi bo‘ylab ham chegara tortilgan.
O‘zbekistonning chegarasi Toshkent viloyatidan boshlanib, Sirdaryo, Jizzax, Navoiy viloyatlari orqali o‘tib, Qoraqalpog‘istonning g‘arbiy hududigacha yetib boradi.
Qozog‘iston tomonda esa chegara mamlakat janubidagi Turkiston viloyatidan boshlanib, Qizil-O‘rda, Oqtebe va Mang‘istov viloyatlari hududigacha yetadi.
Turkmaniston bilan chegara
O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi chegara 1 831 kilometrni tashkil etadi. Bu chegara O‘zbekiston tomonda Surxondaryo viloyatidan boshlanib, Qashqadaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlaridan o‘tib, Qoraqalpog‘istonda to‘xtaydi.
Turkmaniston hududi O‘zbekistonnikidan biroz katta bo‘lgani bilan bu mamlakat bor-yo‘g‘i beshta viloyatga bo‘linadi. Shu sababli O‘zbekiston bilan chegara Lebap, Toshhovuz va ozroq qismi Bolqon viloyatlari bo‘ylab o‘tadi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi chegara Surxondaryo va Lebap viloyatlari o‘rtasidagi past tog‘lardan boshlanib, so‘ng cho‘llar bo‘ylab davom etadi.
Buxoro va Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston hududida ikki davlat o‘rtasidagi chegaraning bir qismi Amudaryo daryosi bo‘ylab o‘tadi.
Qirg‘iziston bilan chegara
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegaraning uzunligi 1 476 kilometrni tashkil etadi. O‘zaro chegara har ikki davlat uchun murakkab hududlardan o‘tgan va yaqin yillargacha bir qator bahsli hududlar bor edi.
Jumladan, 2017 yilgacha O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegaraning 85 foizi demarkatsiya qilingan, qolgan qismi bahsli hududlar bo‘lib turgan edi.
So‘nggi yillarda har ikki davlat hukumati bahsli hududlar bo‘yicha kelishuvga erishdi. Shu tariqa, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara bo‘yicha muammolar qolmadi.
O‘zbekistonning Qirg‘iziston bilan chegarasi Toshkent viloyatidan boshlanib, Namangan va Andijon viloyatlaridan o‘tib, Farg‘ona viloyatida to‘xtaydi. Qirg‘izistonda O‘zbekiston bilan chegara uchta viloyat – Jalolobod, O‘sh va Botken hududlari bo‘ylab o‘tadi.
Har ikki davlat o‘rtasidagi chegara asosan tog‘li hududlar orqali o‘tadi. Qirg‘izistonda O‘zbekistonning ikkita anklav hududi – So‘x tumani va Shohimardon qishlog‘i bor.
Ma’lumot uchun, hukumatlararo kelishuvga ko‘ra O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari har ikki davlat hududiga shaxsni tasdiqlovchi ID karta bilan bemalol o‘tib qaytishlari mumkin.
Ko‘plab tahlilchilar, siyosatchilar Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi chegara bo‘yicha mavjud muammolar bartaraf etilgani har ikki davlat uchun muvaffaqiyatli ish bo‘lganini e’tirof etishadi.
Tojikiston bilan chegara
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi chegaraning uzunligi 1 283 kilometrni tashkil etadi. Qirg‘iziston bilan bo‘lgani kabi O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi chegaraning asosiy qismi tog‘li hududlardan o‘tadi.
Ikki davlat o‘rtasidagi chegara O‘zbekiston tomonda Farg‘ona viloyatidan boshlanadi va Namangan, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand va Qashqadaryo viloyatidan o‘tib, Surxondaryo hududida to‘xtaydi.
O‘zbekiston va Tojikiston chegarasi 1999 yildan 2018 yilgacha yopiq bo‘ldi va unda avtotransportlar harakati butunlay cheklandi. Tomonlar o‘zaro viza joriy qilgani uchun har ikki mamlakatda bir nechta o‘tkazish punktlari ishladi xolos.
2018 yilda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi viza ikki tomonlama bekor qilindi. O‘sha paytgacha yopiq turgan o‘tkazish punktlari qayta ochildi. Natijada bugun O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari hech qanday to‘siqlarsiz har ikki davlat hududida bemalol harakatlana olishadi.
Qirg‘iziston bilan bo‘lgani kabi Tojikiston bilan ham chegara masalalari yechilgan va ikki davlat o‘rtasida bahsli hududlar qolmagan. Tahlilchilar, xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida do‘stona aloqalarning tiklanishi mintaqa va har ikki mamlakat uchun muvaffaqiyatli ish bo‘lganini e’tirof etadi.
Afg‘oniston bilan chegara
O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi chegara boshqa chegaralar bilan taqqoslaganda juda qisqa – bor-yo‘g‘i 143 kilometr.
O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan chegarasi bitta viloyat – faqat Surxondaryo orqali o‘tadi. Unda ham chegara Amudaryo bo‘ylab tortilgan.
O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan bo‘lgan chegarasi uzoq yillardan buyon juda murakkab vaziyatda bo‘lib keldi. Qo‘shni davlatda bundan 45 yil avval boshlangan urush O‘zbekiston mustaqil bo‘lgandan so‘ng janubiy chegarasida sergak bo‘lishini taqozo etdi.
Afg‘onistonda “Tolibon” hukmronligi boshlangach qurolli mojarolar tindi va O‘zbekiston bu davlat bilan iqtisodiy-siyosiy aloqalarni davom ettirmoqda.
Bugungi kunda Afg‘oniston fuqarolarini Termiz shahri yaqinidagi maxsus ta’lim maskanida o‘qitish, afg‘onistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlik qilish ishlari davom etmoqda.
Jumladan, Termiz yaqinida afg‘onistonlik tadbirkorlar viza olmasdan kelib savdo qilib ketishi mumkin bo‘lgan savdo majmuasi qurildi.
Bundan tashqari, kelajakda Afg‘oniston orqali Pokistonga temiryo‘l qurish loyihasi ham tayyor bo‘lgan va yaqin yillar ichida uni amalga oshirish reja qilingan.
Ma’lumot uchun, dunyodagi eng uzun chegara AQSh va Kanada davlatlari orasidagi chegara hisoblanadi. Uning uzunligi 8 893 km. Bu chegaraning bir qismini Kanadaning Alyaska bilan chegarasi tashkil etadi.
Dunyodagi uzluksiz davom etgan chegara bo‘yicha Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi chegara birinchi o‘rinda turadi. Uning uzunligi 7 598 km.
Dunyodagi eng uzun chegaralar ro‘yxatida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi 2 365 kilometrni tashkil etuvchi chegara 17-o‘rinda joylashgan. Shuningdek, O‘zbekistonning Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan chegaralari ham eng uzun chegaralar ro‘yxatida dastlabki elliktalikka kirgan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.