Italiya hukumati Yevropa davlatlari bo‘ylab 22 million obunachiga ega bo‘lgan «qaroqchi» televizion tarmoq faoliyatiga chek qo‘ydi. Tarmoq Netflix, Amazon Prime, Paramount, Sky, Disney+ kabi striming servis va telekanallar kontentini noqonuniy uzatish bilan shug‘ullangan.
Qayd etilishicha, Italiya politsiyasi Europol va Eurojust bilan qariyb ikki yil davomida birgalikda tergov olib borgan. Joriy haftada 270 nafar politsiyachi Italiyadagi 89 ta manzilda tintuv o‘tkazgan, ularning boshqa davlatlardagi hamkasblari esa Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Shvetsiya, Shveytsariya, Ruminiya, Xorvatiya va Xitoydagi 14 ta obektni ko‘zdan kechirgan.
Ma’lum qilinishicha, o‘ndan ortiq gumonlanuvchi qo‘lga olingan, serverlar va boshqa uskunalar, shuningdek, qiymati 1,65 million yevroni tashkil etadigan kriptovaluta musodara qilingan.
Eurojust ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu tarmoq dunyodagi eng yirik noqonuniy servislardan biri bo‘lib, yillik daromadi 3 milliard yevroga yetgan. Qonuniy ravishda faoliyat yurituvchi telekanal va striming servislar esa uning faoliyati ortidan 10 milliard yevro zarar ko‘rgani aytilmoqda.
Italiya hukumatining ma’lum qilishicha, «qaroqchilar» o‘zlarini ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali reklama qilgan, filmlar, seriallar, sport translatsiyasi va boshqa kontentlarni tomosha qilish uchun esa oyiga 10 yevro to‘lash kifoya bo‘lgan. Italiyalik prokuror Franchesko Kursioning ta’kidlashicha, «ushbu noqonuniy faoliyat daromadini kokain savdosiga qiyoslash mumkin».