O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroil qo‘shinlarining G‘azo sektori shimolidagi Jabaliya tumanida joylashgan maktabga bergan zarbasi natijasida sakkiz kishi halok bo‘ldi, 30 dan ortiq inson jarohat oldi. Maktab Isroil hujumlaridan himoya izlab kelgan falastinliklar uchun boshpana bo‘lgan. Jabrlanganlar G‘azo shahridagi «Al-Ahliy» baptistlar shifoxonasiga yetkazilgan.
G‘azo sektori fuqarolik mudofaasi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 5 kunda sektorda 70 nafar bola halok bo‘lgan.
2023 yilning 7 oktyabridan buyon Isroil tomonidan amalga oshirilayotgan hujumlar natijasida halok bo‘lganlar soni 46 ming 565 kishiga yetdi. Birgina so‘nggi sutka ichida ikki ommaviy qirg‘in natijasida 28 kishi halok bo‘lgan, yana 89 kishi turli darajadagi jarohatlar olgan.
G‘azoda oteshkesim muhokamasi
AQSh prezidenti Jo Bayden va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu yaqin kunlarda G‘azoda oteshkesim va asirlarni ozod qilish bo‘yicha muzokara o‘tkazishi mumkin. Bu haqda AQSh milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan ma’lum qildi.
Sallivan CNN'ga bergan intervyusida tomonlar oteshkesim va 98 nafar asirning ozod qilinishiga doir kelishuvga yaqin ekanligini ta’kidladi. Biroq jarayon hali to‘liq yakunlanmaganini qayd etdi.
«Biz Baydenning lavozimidagi har bir kunidan foydalanib, bu jarayonni tezlashtirishga harakat qilyapmiz», dedi Sallivan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Bayden Netanyahu bilan yaqin kunlarda aloqada bo‘ladi.
Muzokaralar Bayden 20 yanvarda lavozimni tark etishidan avval yakuniga yetkazilishiga umid qilinmoqda.
Mask HAMASni yo‘q qilishga chaqirdi
Bayden G‘azoda otashkesimga intilayotgan bo‘lsa, uning o‘rniga keladigan Donald Trampning «o‘ng qo‘li», milliarder Ilon Mask G‘azo mojarosida Isroilning harakatlarini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Ilon Mask G‘azo mojarosiga oid chiqishida Isroilni «HAMASni yo‘q qilish»ga chaqirdi. U o‘z bayonotida AQShning Ikkinchi jahon urushida Yaponiyaga qarshi amalga oshirgan harakatlarini misol keltirdi.
Mask ijtimoiy tarmoqdagi murojaatida: «HAMAS va ularning tarafdorlari erkin harakat qilishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Ular neytrallashtirilishi shart», deb yozdi. Shuningdek, u HAMASni «amerikaliklarga ham tahdid soladigan kuch», deb ta’kidladi.
Milliarder G‘azo mojarosidan keyin mintaqani tiklash va uni ravnaq toptirishga intilish zarurligini qo‘shimcha qildi: «Isroilning g‘alabasidan so‘ng, G‘azo farovon mintaqaga aylanishi kerak».
Ukraina harbiy sanoati istiqbollari
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh va boshqa ittifoqchilar bilan Ukrainada havo hujumidan himoya tizimlari va ular uchun raketalar ishlab chiqarish litsenziyasini olish imkoniyati haqida gaplashganini ma’lum qildi.
Zelenskiyga ko‘ra, bunday qadam umumiy xavfsizlikni mustahkamlaydi va uzoq muddatli tinchlikka erishishni osonlashtiradi. «Bu xavfsizlikni ta’minlashda muhim qadam bo‘ladi», – deb yozgan u.
Rossiya tomonidan Ukrainaga oxirgi haftada qilingan yuzlab havo hujumlari haqida so‘z yuritar ekan, Zelenskiy 700 dan ortiq aviabomba va 600 dan ko‘proq dron ishlatilganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan, ittifoqchilarning xavfsizlik tizimlari bo‘yicha mavjud kelishuvlarini tezroq amalga oshirish zarurligini qayd etdi.
«Vashingtondagi NATO sammiti va «Ramshtayn» formatidagi uchrashuvlarda qabul qilingan qarorlarni amalga oshirishga hali to‘liq erishilmagan», — dedi Zelenskiy.
Asirga tushgan KXDR harbiylari
Ukraina xavfsizlik xizmati Kiyevda Shimoliy Koreyadan kelgan ikki harbiyni so‘roq qildi. Asirlardan biri Rossiyadagi yirik yo‘qotishlar haqida gapirib, ularning Ukrainaga jang qilish uchun emas, mashg‘ulot uchun kelganini aytdi. Asirlar ukrain yoki rus tillarini bilmasligi sababli tergov Janubiy Koreya razvedkasi yordamida tarjimonlar orqali amalga oshirildi.
Rossiyaga yuborilgan KXDR harbiylari o‘z hikoyalarida 2021 yildan beri armiyada xizmat qilgani va Rossiyada mashg‘ulotlarda qatnashganini ta’kidlashdi. Ular Kursk oblastidagi janglarda asirga olingan. Ukraina xavfsizlik xizmati Jyeneva konvensiyasiga muvofiq ularga tibbiy yordam ko‘rsatilganini ma’lum qildi.
Tramp va Putin uchrashuvi bo‘yicha tayyorgarlik
AQSh saylangan prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasidagi uchrashuvga tayyorgarlik ishlari boshlangani ma’lum qilindi. Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolsning aytishicha, ushbu uchrashuv uchun aniq vaqt va shakl hali belgilanmagan.
Uolsning ta’kidlashicha, Putin va Tramp o‘rtasida telefon orqali suhbat yaqin kunlarda o‘tishi mumkin. U bu jarayonni birinchi qadam sifatida baholadi va yaqin oylarda kelishuvga erishishga harakat qilinishiga ishonch bildirdi.
Tramp avval ham Putin bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini ta’kidlab, Ukrainadagi urushni hal qilish masalasini muhokama qilish muhimligini aytgan edi. Putin esa 19 dekabrdagi chiqishida Tramp bilan uchrashishga tayyorligini bildirgan.
Hozircha Shveytsariya va Serbiya mazkur uchrashuvga mezbonlik qilish uchun xohish bildirgan.
Rossiyaga nisbatan sanksiyalar oqibati
AQShning Rossiya neft ishlab chiqaruvchilariga va transport flotiga qarshi yangi sanksiyalari Xitoy va Hindistonni boshqa mamlakatlardan neft xarid qilishga majbur qilishi mumkin, deyishmoqda ekspertlar.
Xususan, Xitoy va Hindistonning neftni qayta ishlash zavodlari Yaqin Sharq, Afrika, Amerika davlatlaridan neft xarid qilishni ko‘paytirishi mumkin. Bu esa qora oltin narxining o‘sishiga va tashish xarajatlarining oshishiga olib kelishi aytilmoqda.
AQSh Moliya vazirligi Rossiyaning «Gazpromneft» va «Surgutneftegaz» kompaniyalariga hamda 183 ta neft tashuvchi kemalarga nisbatan sanksiya joriy qildi. Bu tankerlarning ko‘pchiligi Rossiya neftini Xitoy va Hindistonga yetkazish uchun ishlatilgan. Endilikda sanksiyalar neft yetkazib berishni qiyinlashtiradi.
Erdo‘g‘an yana saylovda qatnashmoqchi
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an kelgusi prezidentlik saylovida ishtirok etish ehtimolini istisno etmadi. U bu haqda Shonliurfa viloyatidagi mitingda gapirdi. Turk xonandasi Ibrohim Totlisasning shu mazmundagi savoliga javoban Erdo‘g‘an: «Siz bilan tayyorman», — dedi.
Erdo‘g‘an 2014 yildan beri Turkiya rahbari sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. 2017 yilda mamlakatda referendum orqali prezidentlik respublikasiga o‘tish haqida qaror qabul qilinganidan keyin, Erdo‘g‘an 2018 va 2023 yilgi saylovlarda g‘alaba qozongan. Turkiyaning yangilangan konstitutsiyasi bo‘yicha davlat rahbari ketma-ket ikki muddatdan ortiq lavozimda qolishi mumkin emas. Biroq uning maslahatchisi Mehmet Uchumning ta’kidlashicha, agar parlament muddatidan oldin saylov o‘tkazishga qaror qilsa, Erdo‘g‘an yana nomzodini qo‘yishi mumkin.
«Tolibon» G‘arbdan tovon puli talab qilmoqda
«Tolibon» harakati Afg‘onistondagi 20 yillik urush vaqtida jabr ko‘rgan afg‘onlarga G‘arb davlatlari tovon puli to‘lashi kerakligini talab qilmoqda. Bu haqda «Tolibon» vakili Zabihullo Mujohid ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy ishg‘ol davrida shafqatsizlikka uchraganlarga reparatsiya to‘lanishi adolat talabidir.
Hujjatlarga ko‘ra, 2010–2013 yillarda Hilmand viloyatida Britaniya askarlari kamida 80 nafar tinch aholini o‘ldirgan, ularning ayrimlari bolalar bo‘lgan.
«Tolibon» vakillari urush jinoyatlarini tekshirish uchun Haaga xalqaro sudi komissiya tuzishi lozimligini ta’kidlashdi. Unga ko‘ra, nafaqat Britaniya, balki Afg‘onistonda NATO bayrog‘i ostida harakat qilgan barcha 47 davlat bu jinoyatlarga javobgar hisoblanadi. Harbiy tahlilchilar Afg‘onistondagi missiyalar vaqtida xalqaro me’yorlarning buzilishiga alohida e’tibor qaratishni talab qilmoqda.
Dahshatli yong‘inlar
Dunyo bo‘ylab dahshatli yong‘inlar davom etmoqda.
AQShning Kaliforniya shtati Los Anjyeles shahrida sodir bo‘layotgan dahshatli yong‘ir qurbonlari soni 16 nafarga yetdi. Olov qamrab olgan hududlardan 160 ming kishi evakuatsiya qilingan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, elektr uzatish liniyasining uzilgan simi o‘rmon yong‘inining sababchisi bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
Rossiyaning Saratov oblasti Engels shaharchasidagi harbiy samolyotlar yonilg‘isi saqlanadigan neft bazasiga Ukraina dronlarining hujumi tufayli kelib chiqqan ulkan yong‘inni besh kundirki, o‘chirishning imkoni bo‘lmayapti.
Oblast rahbari Roman Busarginning aytishicha, ayni paytda “yonilg‘ining nazorat ostidagi yonib tugash jarayoni” ro‘y bermoqda va vahima qilishga hojat yo‘q.
Yamanning markaziy qismidagi Bayda shahridagi yonilg‘i quyish shoxobchasida ro‘y bergan portlash natijasida 15 kishi halok bo‘ldi. Kamida 67 kishi kuyish jarohati olgani xabar qilinmoqda. Jarohatlanganlardan 40 kishining ahvoli juda og‘irligi ma’lum qilinmoqda. Portlashga nima sabab bo‘lgani hozircha ochiqlanmagan.