Humo to‘lov tizimi 65 mln dollarga sotildi

Iqtisodiyot 16:21 5688

Milliy banklararo protsessing markazi (Humo) ustav kapitalidagi 100 foiz davlat aksiyalar paketini xususiylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, ochiq savdo jarayonlarining majburiyatga ega takliflar (BO)ni taqdim etish bosqichida 6 nafar talabgor ishtirok etish uchun taklif qilingan. Jarayonga Deloitte xalqaro kompaniyasi konsultant bo‘lgan.

Belgilangan muddatlarda konsultantga jamiyatni sotib olish bo‘yicha 3 nafar talabgordan majburiyatga ega takliflar (BO) kelib tushgan hamda 65 mln dollar miqdoridagi eng yuqori xarid bahosini taklif qilgan “Paynet” AJ savdo g‘olibi deb topilgan.

“Mazkur taklif konsultant tomonidan hisoblangan jamiyatni sotish mumkin bo‘lgan indikativ narxlar oralig‘ida joylashgan hamda xalqaro mustaqil baholovchi KPMG tomonidan baholangan qiymatidan yuqori.

Talabgor kelgusida jamiyatga tegishli “Humo” to‘lov tizimini barqaror va uzluksiz ishlashini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha majburiyatlarni, shuningdek, tizim foydalanuvchilarining konfidensial (shaxsiy va bank) ma’lumotlarini himoya qilishni zimmasiga olgan”, deyiladi xabarda.

Humo to‘lov tizimi haqida

“Milliy banklararo protsessing markazi” AJ – bank to‘lov kartalariga asoslangan Humo to‘lov tizimi O‘zbekistonda va xorijda operatsiyalarni amalga oshirishga mo‘ljallangan bo‘lib, O‘zbekiston to‘lov tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi. Jamiyat to‘lov tizimining operatori faoliyatini amalga oshirishga doir Markaziy bankning tegishli litsenziyasiga ega. Ustav kapitali: 155,4 mlrd so‘m.

Ayni paytda 27 milliondan ortiq Humo kartalari chiqarilgan bo‘lib, 210 mingdan ortiq terminal va 6,4 mingdan ortiq bankomatlar o‘rnatilgan.

O‘tgan yilning aprel oyida O‘zbekistonda yangi xususiylashtirish dasturi e’lon qilingandi. Undan bir qator yirik davlat korxonalari qatorida Humo to‘lov tizimini ham xususiylashtirish rejalari o‘rin olgandi.

Ko‘proq yangiliklar: