Britaniya armiyasining sobiq askari Eron foydasiga josuslik qilganlikda aybdor deb topildi

Jahon 01:00 598

Britaniya armiyasining sobiq askari Deniel Xalife Eron foydasiga josuslik qilganlikda aybdor deb topildi. U maxsus bo‘linmalar askarlariga oid ma’lumotlarni to‘plab, Tehronga berib kelgan, deb xabar beradi BBC.

Qayd etilishicha, 23 yoshli yigit 2023 yilning sentabrida Londondagi Uondsvort qamoqxonasidan qochib ketganini tan olgan — u oziq-ovqat yetkazib berish bilan shug‘ullangan yuk mashinasi ostiga yashirinib olgan.

«Davlat siri to‘g‘risidagi qonun hamda Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonunlarni buzgan Xalife hukm o‘qilganda hech qanaqa hissiyotini ko‘rsatmadi», — deyiladi xabarda.

Prokurorlarning aytishicha, Eron razvedkasidan bo‘lgan shaxs 2018 yilda, armiya safiga endi kelib qo‘shilgan Xalife bilan bog‘langan. O‘z navbatida askar «MI-6» bilan aloqa o‘rnatib, ikki tomonlama agent bo‘lishni xohlayotganini bildirgan.

Xalife Facebook orqali Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusiga aloqador inson bilan bog‘langan. U eronliklar bilan munosabat o‘rnatib, bir safar London shimolidagi bog‘ga qoldirib ketilgan 2 ming dollarni ham olgan.

Qirollik prokuratura xizmati vakili Betan Devidning ma’lum qilishicha, Xalife askar sifatida «mamlakatning milliy xavfsizligini himoya qilishga majbur bo‘lgan. «Ammo u shaxsiy foydasi uchun o‘zining lavozimidan milliy xavfsizlikka putur yetkazishda foydalandi», — deydi Devid.

Xalife armiyadagi xizmati davomida 15 nafar askarga oid ma’lumotlarni to‘plagan. Prokurorlarga ko‘ra, u o‘zi tuzgan ro‘yxatni Eronga yuborgan bo‘lishi mumkin. Ammo Xalife hech nima jo‘natmaganini, Eronga asosan yolg‘on ma’lumotlar yuborib kelganini bildirgan. 

Sud Xalife o‘zgalar qo‘liga tushgan taqdirda jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan maxfiy ma’lumotlarni to‘plaganlikda aybdor deb topdi.

Ko‘proq yangiliklar: