Qozog‘iston Suv resurslari va irrigatsiya vazirligi O‘zbekiston sug‘orish mavsumi tugaguniga qadar Qozog‘istonga yana 500 million kub metr suv berishini ma’lum qildi. Bu haqda Kazinform xabar berdi.
Qayd qilinishicha, 1 apreldan buyon O‘zbekiston Sirdaryo orqali Qozog‘istonga 4 milliard kub metrdan ortiq suv berdi. Bungacha Suv resurslari va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov O‘zbekiston bilan olti oy ichida Sirdaryo orqali Qozog‘istonga 3,7 milliard kub metr suv berish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Natijada O‘zbekiston tomoni bu majburiyatni 4 oy ichida bajardi.
«Bu ishlarning barchasi Qozog‘iston janubiy viloyatlari fermerlarining sug‘orish suviga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish maqsadida amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda Chordara suv omborida 1,5 milliard kub metr suv mavjud bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 500 million kub metrga ko‘pdir. Chordara suv omboriga jami 4 milliard kub metr suv kelib tushdi», deyiladi xabarda.
Chordara suv omboridan Sirdaryoning quyi oqimiga 4,5 milliard kub metr suv oqizildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1 milliard kub metrga ko‘pdir. Qizilqum kanaliga 850 million kub metr, Shimoliy Orol dengiziga 590 million kub metr suv yetkazildi.
«Qo‘shnilarimiz bilan To‘qtog‘ul va Bahri-Tojik suv omborlarining ish tartibi bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishilgani natijasida «Do‘stlik» davlatlararo kanalining Qozog‘iston qismiga suv muntazam ravishda oqib kelmoqda. Endi bu kanal orqali mamlakatga sekundiga 90 kub metr suv keladi. Bu Turkiston viloyati fermerlarini sug‘orish suvi bilan to‘liq ta’minlash uchun yetarli», dedi Suv resurslari va irrigatsiya vazirligi rasmiy vakili Mo‘ldir Abdualiyeva.