Probatsiya nazoratidagi shaxsga elektron braslet qo‘llanadi

O‘zbekiston 17:30 / 07.08.2024 2936

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Probatsiya to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Bu haqda Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Qonunga ko‘ra, probatsiya – muayyan huquqdan mahrum qilish, majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash tarzidagi jazolarning ijro etilishini ta’minlashga, mahkumlarga ijtimoiy-huquqiy va tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatishga, shuningdek huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ularga barham berishga, huquqbuzarliklarning sodir etilish sabablarini va ularga imkon beradigan shart-sharoitlarni aniqlashga, bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui hisoblanadi.

Vazirlar Mahkamasi probatsiyani amalga oshirish sohasida yagona davlat siyosati ro‘yobga chiqarilishini ta’minlaydi. Qayd etilishicha, IIV Jamoat xavfsizligi departamentining probatsiya xizmati probatsiyani amalga oshirish sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi.

Mehnat organlari, davlat sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sog‘liqni saqlash muassasalari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda uning hududiy bo‘linmalari, ta’lim sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va ta’lim tashkilotlari hamda Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalari probatsiya nazoratini amalga oshirishga ko‘maklashuvchi sub’yektlar sifatida belgilangan. Shaxsni probatsiya hisobiga qo‘yish uchun sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, ajrimi yoki qarori, shuningdek amnistiya akti yoxud afv etish asos bo‘ladi.

Shuningdek, qonunga ko‘ra, shaxsni probatsiya hisobiga qo‘yish mazkur shaxsning yashash joyidagi tuman (shahar) probatsiya bo‘linmasining xodimi tomonidan probatsiyaga oid axborot tizimiga ma’lumotlarni kiritish orqali amalga oshiriladi. Elektron braslet ozodlikni cheklash tarzidagi jazoni o‘tash tartibi talablarini bajarmayotganligi to‘g‘risida rasmiy ravishda ogohlantirilgan yoki ozodlikni cheklash tarzidagi jazoni o‘tash davrida jamoat tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan probatsiya nazoratidagi shaxsga nisbatan tuman (shahar) probatsiya bo‘linmasi boshlig‘ining qarori asosida qo‘llanadi.

Probatsiya nazoratidagi shaxslarning xulq-atvori belgilangan mezonlar asosida har 3 oyda baholanadi va ularning ijtimoiy-psixologik qiyofalarida aks ettiriladi.

Elektron kuzatuv vositasi 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga, homilador ayollarga, uch yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollarga, birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga, tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra elektron brasletni taqish tavsiya etilmaydigan boshqa shaxslarga qo‘llanilishi mumkin emas. Bu haqda qonunning Senatdagi muhokamasida ma’lum qilingandi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

2022 yilning iyul oyida Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib ushlab turilgan, o‘ziga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan shaxslar va mahkumlar qochish holati oldini olish maqsadida elektron brasletdan foydalanish tizimi joriy etilishi aytilgandi. O‘shanda 2024 yil 1 dekabrga kadar ichki ishlar organlari konvoy bo‘linmalari elektron brasletlar bilan to‘liq ta’minlanishi ta’kidlangan.

2023 yilning boshida Sirdaryo, Namangan va Jizzax viloyatlarida yashash joyidan chiqishi cheklangan shaxslarni nazorat qiluvchi elektron brasletlar sinovdan o‘tkazilgan. Sinov natijalariga ko‘ra, mahkumlardan qurilmani taqib yurish bilan bog‘liq noqulayliklar, uning sog‘liqlariga nojo‘ya ta’siri va boshqa texnik holatlari bo‘yicha aniqlangan kamchiliklar bartaraf etish belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: