Daniya bosh vaziriga hujum qilgan 39 yoshli polyakka hukm o‘qildi

Jahon 23:10 / 07.08.2024 3568

Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen iyun oyida Kopenhagenda hujumga uchragan edi. DR telekompaniyasining ma’lum qilishicha, siyosatchiga hujum qilgan 39 yoshli polyak javobgarlikka tortilgan.

Qonuniy cheklovlar tufayli ismi oshkor etilmagan erkak to‘rt oy muddatga ozodlikdan mahrum etiladi va 6 yilga Daniyadan deporatatsiya qilinadi.

7 iyun kuni bosh vazir Mette Frederiksenni Daniya poytaxtida noma’lum erkak «urib yuborgan». Voqeadan bosh vazirning o‘zi ham hayratda qolgan, hujum qilgan shaxs esa qo‘lga olingandi.

Federiksen Daniya Sotsial-demokratlar partiyasi yetakchisi bo‘lib, u 2019 yildan beri bosh vazir lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen hujum «Yevropada biz ishonadigan va kurashadigan barcha narsaga zid bo‘lgan jirkanch akt» ekanini aytgandi.

Avvalroq Germaniyada boshqa siyosatchilar ham hujumga uchragan edi. Xususan, may oyi boshida Germaniya sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) a’zosi, Berlindagi iqtisodiy senator Fransiska Giffay va Drezdenda ismi oshkor etilmagan siyosatchi bir kunda hujumga uchragan.

15 may kuni Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso bir necha bor o‘q uzilishi oqibatida yaralangan edi. Suiqasdda gumonlanuvchi — 71 yoshli slovak yozuvchisi Yuray Tsintula. U o‘z harakatini hukumat siyosatidan norozi ekani bilan izohladi. 31 may kuni Fitso kasalxonadan chiqdi. 

Ko‘proq yangiliklar: