Yevropa Ittifoqida sun’iy intellektni tartibga soladigan dunyodagi birinchi qonun kuchga kirdi

Jahon 21:36 / 02.08.2024 2880

Yevropa Ittifoqida 1 avgustdan sun’iy intellektga asoslangan tizimlardan foydalanishni tartibga soladigan dunyodagi birinchi qonun kuchga kirdi. Uning maqsadi — sun’iy intellektga bog‘liq xatarlarni kamaytirishdan iborat. Yevrokomissiya ushbu qonun talablariga rioya etilishini nazorat qiladigan organni tuzadi. Unga bo‘ysunmaganlarni katta miqdorda jarimaga tortish ko‘zda tutilgan.

Dunyodagi birinchi bunday normativ akt barcha sun’iy intellektga asoslangan tizimlarni xavf darajasiga ko‘ra — pastdan nomaqbulgacha tasniflaydi. U ushbu vositalardan, jumladan, yuzni aniqlash tizimlari, bashoratli tahlillar va generativ sun’iy intellektdan foydalanish qoidalarini belgilaydi. 2025 yil fevraldan boshlab esa ayrim istisnolar bilan bo‘lsada real vaqt rejimida yuzni tanish kabi imkoniyatlar cheklanadi.

Sun’iy intellektning chegaralarda noqonuniy muhojirlarni aniqlashda ishlatiladigan «yuqori xavf» toifasiga kiruvchi vositalari qat’iy tartibga solinadi: kompaniyalar va davlat xizmatlarida unga moslashish uchun ikki yil muddat bor.

«Bu sun’iy intellektdan foydalanishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarga qarshi kurashishga qaratilgan dunyodagi birinchi qonunchilik akti. Shu bilan birga, u sun’iy intellektdan foydalanishga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi va Yevropada ushbu texnologiyadan yaxshi maqsadlarda foydalanish istagida bo‘lganlarga ko‘proq imkoniyatlarni taqdim etadi», — deydi Yevroparlament deputati Brando Benifei.

Yevrokomissiya qonunchilikka rioya etilishini nazorat qiluvchi organ tuzadi. Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarda milliy nazorat institutlari paydo bo‘lishi kerak. Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen qonun kuchga kirganini olqishlab, u sun’iy intellekt rivojlanishiga xizmat qilishi va bir vaqtning o‘zida Yevropadagi kichik hamda o‘rta korxonalarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Ko‘proq yangiliklar: