Prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganidan keyingi ikki oy ichida Donald Tramp Kanada, Daniya va Panamaga hududiy da’volarini bildirishga ulgurdi. AQShning saylangan prezidenti kanadaliklar o‘z mamlakati Amerikaning 51-shtati bo‘lishini istashini aytdi; Panama kanalini qaytarishni va’da qildi; shuningdek, AQSh Daniyaning Grenlandiya oroliga egalik qilishi lozimligini bildirdi. Uchinchi holat bo‘yicha Tramp avvaliga orolni sotib olish haqida gapirayotgandi, keyin esa kuch ishlatish ehtimolini ham istisno etmadi.
AQSh tarixida hududlarni sotib olish ham, yerlarni kuch bilan egallash ham, o‘zini respublika deb e’lon qilgan hududlarda referendum o‘tkazish holatlari ham bo‘lgan. BBC ularni esga oldi.
Luiziana xarid qilinishi
AQSh mustaqilligi O‘n uch mustamlakaning (hozirda bular shimoli-sharqdagi shtatlar) Buyuk Britaniyaga qarshi urushi bilan boshlangan. 30 yildan kamroq vaqt ichida AQSh hududi ikki baravardan ko‘proqqa kengayadi. 1795 yilda mahalliy hindu qabilalari bilan urushdan keyin Grinvill kelishuvi tuziladi, unga ko‘ra AQSh hozirgi Ohayo shtatining katta qismi ustidan nazorat o‘rnatadi. Missisipi daryosi sharqidagi hududlar ham asta-sekinlik bilan o‘zlashtiriladi. Ammo eng katta hudud 1803 yilda qo‘lga kiritiladi — Luiziana sotib olinishi bilan.
1763 yilda Fransiya dengiz ortidagi foyda keltirmaydigan hududi Luizianani Ispaniyaga tortiq qilgandi — bu zamonaviy AQShning Missisipi daryosi g‘arbida yastangan, shimoldan janubgacha cho‘zilgan katta hududi edi. Ispaniya ham saqlab turish xarajatlari qimmatga tushadigan hududidan foydalanmaydi va 1800 yilda Luizianani fransuzlarga qaytarib beradi. 1803 yilda hudud uzil-kesil Fransiyaga qaytadi, ular esa yerlarni darhol AQShga sotib yuboradi.
O‘shanda hali imperator bo‘lmagan, respublikaning birinchi konsuli bo‘lgan Napoleon Bonapart — dengiz ortidagi katta hududni saqlab turish imkonsiz ekanini anglagan va foydali kelishuvga rozi bo‘lgan: zarar keltiradigan hudud 15 mln dollarga pullangan. Yakunda prezident Tomas Jyefferson 2,1 mln kilometr kvadrat hududni sotib olish bo‘yicha bitimni imzolagan — bu O‘n uch mustamlakaning barcha hududlaridan kattaroq edi.
Florida sotib olinishi
XIX asr boshlarida Ispaniya muammoli hududlaridan xalos bo‘lishda davom etardi. Napoleon urushlari davrida qirollik Janubiy Amerikadagi mustamlakalarini boy bera boshlaydi. Florida ham notinch edi: 1818 yilda general Endryu Jyekson (keyinroq AQShning 7-prezidenti) seminol qabilasining Amerika hududlariga hujumlariga to‘sqinlik qilish uchun ispanlarning ikki fortini egallab oladi. Yakunda Fransiyadan o‘rnak olgan holda Ispaniya Floridani Qo‘shma shtatlarga sotishni ma’qul ko‘radi.
Aniqrog‘i, Ispaniya Floridani tekinga topshirgandi. Ammo Amerika davlat kotibi Jon Kuinsi Adams (yana bir bo‘lajak prezident) bilan tuzilgan kelishuvda qator shartlar ko‘rsatilgandi. Birinchidan, AQSh hudud fuqarolarining ispan hukumatiga da’volari bo‘yicha qarzlarni to‘lash majburiyatini oladi (va 5,5 mln dollar to‘lab beradi). Ikkinchidan, Qo‘shma Shtatlar Texas va ispanlarning Shimoliy Amerikadagi boshqa mustamlakalariga da’volaridan voz kechadi.
Texas o‘zini respublika deb e’lon qilishi
Texasga da’vo qilmaslik bo‘yicha va’daga oxirigacha vafo qilinmaydi. 1835 yilda Texasga ko‘chib kelgan ingliz tilli aholi bu vaqtga kelib Ispaniyadan mustaqillikka erishgan Meksika hukumatiga qarshi isyon ko‘taradi. Texasliklarning noroziligiga asosiy sabablardan biri Meksikada qullik bekor qilingani bo‘lgandi.
Yarim yil ichida isyonchilar hukumat armiyasini mag‘lub etadi va hatto prezident Santa-Annuni asirga oladi. 1836 yilda tomonlar Texas respublikasi mustaqilligi to‘g‘risidagi kelishuvni imzolaydi, shu bilan birga, hududning katta qismi maqomi noaniq qoldiriladi. Rasman Qo‘shma Shtatlar urushga ham, respublikadagi keyingi chegara to‘qnashuvlariga ham aralashmaydi, ammo Texasga muntazam ravishda ko‘ngillilar otryadlari yuborib turiladi.
1845 yilda AQSh va Texas hukumatlari birlashishga kelishib oladi va Texas teng huquqli davlat sifatida ittifoq tarkibiga kiradi. Ammo hududni tinch yo‘l bilan bunday kengaytirish Meksika bilan urushga olib keladi.
Meksika yerlari
1846 yilda, Texas qo‘shib olganidan ko‘p o‘tmay, AQSh va Meksika o‘rtasidagi munosabatlar tezlik bilan yomonlashadi. AQSh urushga tayyorlanishni boshlaydi, ammo shu bilan bir vaqtda Meksika hududlarini sotib olish bo‘yicha muzokaralar ham olib boradi — Kaliforniya (25 mln dollar) va Yangi Meksikani (5 mln dollar). Bu vaqtda Meksikada yana bir bor hukumat almashadi, yangi hukumat sotish taklifini haqoratli kelishuv deb topadi. Buning ortidan Meksika hukumati Texasga da’volarini e’lon qiladi.
Meksika qo‘shinlari bahsli hududga kirib, Amerika patruli bilan jangga kirishadi, so‘ng AQSh prezidenti Jyeyms Polk Kongressga Meksika «bizning hududimizga bostirib kirdi va Amerika tuprog‘ida amerikaliklar qonini to‘kdi» deb e’lon qiladi.
Urush Meksika armiyasi to‘liq tor-mor qilinishi bilan yakunlandi. Urushning eng boshida, 1846 yil avgust oyida AQSh Kaliforniya va Yangi Meksikani anneksiya qiladi. 1848 yilda tinchlik shartnomasi imzolanadi, unga ko‘ra Meksika ushbu hududlarni AQShga beradi. Texasni qo‘shib hisoblaganda, o‘shanda Meksika suveren hududining yarmidan ko‘prog‘ini yo‘qotgandi.
Qo‘shma Shtatlarda ko‘plab siyosatchilar Meksika bilan urushga qarshi chiqishgan, keyinchalik general Uliss Grant Fuqarolar urushi (1861—1865) «gunohlar uchun jazo» va Meksika hududlarini qo‘shib olish oqibati bo‘lganini aytgan.
Alyaskani sotib olish
Qit’aning shimoli-g‘arbida joylashgan hududni yevropaliklar orasida birinchi bo‘lib rus savdogarlari o‘zlashtira boshlagan. 1799 yildan boshlab Alyaskani maxsus tashkil etilgan Rossiya-Amerika kompaniyasi boshqargan.
Rossiya imperiyasi Alyaskaning tabiiy resurslarga boyligini bilardi, ammo rasmiylar bu hududni saqlab qolish oson emasligini tan olgan. Sharqiy Sibir general-gubernatori Muravyov-Amurskiy 1853 yilda shunday deb yozgandi: «Shimoliy Amerika Qo‘shma Shtatlari muqarrar ravishda butun Shimoliy Amerika bo‘ylab tarqaladi, biz esa ertami-kechmi Shimoliy Amerikadagi yerlarimizni ularga berishga majbur bo‘lamiz».
Bir yil o‘tgach, AQSh Alyaskani Rossiya imperiyasidan sotib olishni taklif qiladi. Bitim 1867 yilda rasmiylashtiriladi: Rossiya Shimoliy Amerikadagi 1,5 million kilometr kvadrat yerlari uchun 7,2 million dollar oladi. Bu mablag‘ning katta qismini Rossiya o‘z temiryo‘l infratuzilmasini yaxshilashga sarflaydi.
Ispaniya orollari
1898 yilda AQSh, o‘sha paytda Ispaniya mustamlakasi bo‘lgan Kubaga yordam berishga qaror qiladi. Kubalik qo‘zg‘olonchilarga ko‘maklashish uchun amerikalik ko‘ngillilardan iborat guruhlar jo‘natiladi, orol sohillarida esa «Men» nomli zirhli kema aylanib yurardi. Ushbu kemani vayron qilgan portlash (zamonaviy tarixchilarning fikricha, detonatsiya tashqi ta’sirsiz sodir bo‘lgan) urushga bahona bo‘ladi.
AQSh urushda g‘alaba qozonadi va tinchlik shartnomasi shartlariga ko‘ra Kuba, Puerto-Riko, Filippin va Guamni qo‘lga kiritadi. Kuba 1902 yilda mustaqillikka erishadi, ammo Amerika ta’siri ostida qoladi; Filippin 1946 yilga kelibgina suverenitetga ega bo‘lgan; Puerto-Riko va Guam alohida shtatga aylanmagan, ammo hali ham AQShga qaraydi.
Havayi orollari anneksiyasi
XIX asr oxirigacha Havayi mustaqil qirollik bo‘lgan. 1893 yilda AQSh Davlat departamentining qo‘llab-quvvatlashi bilan orollarda to‘ntarish yuz beradi. Qirolicha taxtdan ag‘dariladi, monarxiya o‘rnini respublika egallaydi, hukumatga AQShga qo‘shilish tarafdorlari kirib oladi.
Amerika-Ispaniya urushi davrida AQSh prezidenti Uilyam Mak-Kinli Havayi orollarini qo‘shib olish to‘g‘risidagi shartnomani imzolaydi. Ikki yildan so‘ng, orollar o‘zini o‘zi boshqaruvchi hudud maqomini qo‘lga kiritadi, 1959 yilda esa Havayi AQShning 50-shtatiga aylandi. Bu AQSh qo‘shib olgan oxirgi hudud bo‘lib qolgan.