Finlandiya aeroportlari GPS faoliyatidagi uzilishlar tufayli muqobil tizimdan foydalanishga o‘tmoqda

Jahon 17:52 591

Finlandiyadagi deyarli barcha aeroportlar GPS tizimidagi nosozliklar tufayli muqobil tizimlardan foydalanishga majbur bo‘lmoqda, deb xabar berdi Yle.

«O‘tgan yilning yanvaridan beri Rossiya tomonidan GPS tizimi orqali xalaqit berishlar sezilarli darajada oshdi», — deydi Traficom transport va aloqa agentligi eksperti Tapani Maukonen.

Qayd etilishicha, hozirda Finlandiyadagi 14 ta aeroport samolyotlarni qo‘ndirishda radar va havo kemasi qayerda ekanini aniqlovchi yerusti stansiya tizimlari tarmog‘idan foydalanmoqda.

Qish va bahor davomida Kemi-Tornio, Yoyensuu va Kokkola-Piyetarsaari aeroportlari ham GPS o‘rniga shu kabi tizimdan foydalanishga o‘tadi.

Traficom ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Finlandiya havo makonida jami 2,8 mingta GPS faoliyatiga xalaqit berish holatlari aniqlangan — undan bir yil oldin ushbu ko‘rsatkich qariyb 200 tani tashkil etgan xolos.

2024 yilning noyabrida Sharqiy Finlandiyadagi uchta aeroport Rossiya GPS faoliyatiga xalaqit berayotgani bois samolyotlarni qo‘ndirishda eski radiolokatsion tizimlardan foydalanishga qaror qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Finavia’ning xavfsizlik va infratuzilma bo‘yicha vitse-prezidenti Xenri Xanssoni so‘zlariga ko‘ra, havo bandargohlari 1960 yillarda ishlab chiqilgan DME radionavigatsion tizimlaridan foydalanadi.

Ko‘proq yangiliklar: