Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona idoralari bilan hamkorlikda Namangan shahrida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda, Qirg‘iziston Jalolobod viloyati Olabuqa tumanida yashovchi fuqaro hamda Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi 2 nafar shaxs o‘zaro kelishgan holda Qirg‘iziston Respublikasidan mamlakatga aylanma yo‘llar orqali olib kirilgan 16 800 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 36 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida qo‘lga olindi.
Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa, Shayxontohur tumanida yashovchi fuqaroning yoni va avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda 15 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, uning tanishi bo‘lgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxsning Uchtepa tumanidagi yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, 2967 dona “Regapen” dori vositasi borligi ma’lum bo‘lib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
DXX Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona idoralari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Farg‘ona-Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan “Nexia” rusumli avtomashina Sergeli tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, unda Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaroga tegishli 1400 dona “Regapen”, 30 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
DXX Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona idoralari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Namangan shahrida istiqomat qiluvchi shaxsning “Lasetti” rusumli avtomashinasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda 6034 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. Tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur fuqaroning yashash xonadonidan ham 2800 dona “Regapen” dori vositalari olindi.
Barcha holatlarda musodara qilingan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari Qirg‘iziston Respublikasidan mamlakatga kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.
Hozirda holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.