Tojikistonda sobiq prezident vazifasini bajaruvchi, Fanlar akademiyasi Falsafa instituti (FAFI) Siyosiy va xalqaro munosabatlar bo‘limi mudiri Akbarsho Iskandarov hisbga olindi. Bu haqda Asia-Plus xabar berdi.
73 yoshli Iskandarovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, u so‘roqqa chaqirilgan va taxminan ikki oy oldin hibsga olingan. Jinoyat ishi maxfiylashtirilgani ta’kidlanmoqda.
Akbarsho Iskandarovning hibsga olingani haqidagi ilk xabarlar 21 iyun kuni paydo bo‘lgan edi. Asia-Plus Bosh prokuraturadan rasmiy izoh olishga uringan, ammo natija bermagan.
14 iyun kuni Tojikiston Demokratik partiyasining sobiq raisi Saidjafar Usmonzoda hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olish ishi bo‘yicha hibsga olingan. Shundan buyon, hamkasblari Iskandarovni ish joyida ko‘rmagan.
Shuningdek, Tojikiston Tashqi ishlar vazirligining sobiq rahbari Hamroxon Zarifiy, Demokratik partiya raisi o‘rinbosari Ahmadshoh Komilzoda va Tojikiston Sotsial-demokratik partiyasi rahbari o‘rinbosari Shokirjon Hakimov ham hibsga olingani haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgan. Rasmiylar bu hibslar haqida izoh bermayapti.
Akbarsho Iskandarov mustaqil Tojikistonning ilk yillarida mashhur bo‘lgan siyosatchilardan biri. U respublika Oliy Kengashining deputati va raisi bo‘lgan, ikki marta – 1991 yilning oktyabridan dekabrigacha va 1992 yilning sentabridan noyabrigacha (hozirgi davlat rahbari Emomali Rahmondan oldin) mamlakat prezidenti vazifasini bajaruvchi bo‘lgan. So‘ngra Tojikistonning Turkmaniston, Qozog‘iston va Mo‘g‘ulistondagi elchisi bo‘lib ishlagan, keyinroq Fanlar akademiyasiga ishga o‘tib, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullangan.