Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Farg‘ona viloyati Quvasoy shahridagi 17 ta davlat bog‘chasi yangi tashkil etilgan keytering korxonasiga biriktirib qo‘yilganiga munosabat bildirdi.
Vazirlik o‘rganishlariga ko‘ra, “Garden Catering” korxonasi tomonidan taklif qilinayotgan xizmatda bir qancha talablarga rioya qilinmagan. Xususan, taomlarning retseptura to‘plami, tarkibiy qismi hamda energetik qiymati SanQvaM 0016-21 talablari asosida ishlab chiqilmagan.
Tarbiyalanuvchilarga yetkazib beriladigan taomlarni tashish, saqlash va iste’molga berilishiga qo‘yiladigan sanitariya-gigiyena talablari bo‘yicha tizimli ishlar belgilab olinmagan.
Qolaversa, keytering tashkiloti tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyorlanadigan taomlardan olinadigan kunlik sinamalar, ya’ni bolalarga beriladigan taomlar sifatini doimiy nazorat qilib borish bo‘yicha maxsus laboratoriya joriy qilinmagani ham aniqlangan.
Bundan tashqari, vazirlik viloyat hokimligi qaroriga asos qilib olingan Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 30 iyundagi 407-sonli qarorida va umuman normativ huquqiy-hujjatlarda keytering usulida ovqatlantirish bilan bog‘liq tartiblar belgilanmaganini ta’kidlab, “Xarid.uz” yoki boshqa portallar orqali shartnomalar tuzish bo‘yicha hukukiy asos mavjud emasligini aytgan.
“Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 22 apreldagi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonuni talablariga rioya etilishi shart. Maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilarini sog‘lom ovqatlantirish bilan bog‘liq har qanday tashabbus Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan kelishilgan holda, amaldagi qonun hujjatlari talablari asosida yo‘lga qo‘yilishi lozim deb hisoblaymiz”, – deyiladi rasmiy munosabatda.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi Quvasoydagi bog‘chalarga keytering xizmatini ko‘rsatish huquqi tendersiz bitta ta’minotchiga berib yuborilganini qonunga zid deb topib, viloyat hokimligiga bu haqdagi qarorni bekor qilish bo‘yicha ko‘rsatma bergandi.
Undan avval esa Kun.uz'da Quvasoy shahrida bog‘cha bolalarini keytering tizimi asosida ovqatlantirish bo‘yicha respublikadagi birinchi korxona ish boshlashi, viloyat hokimi Xayrulla Bozorovning qarori bilan bu korxonaga bog‘chalar tender o‘tkazmasdan biriktirib berilgani xabar qilingandi.
Vaholanki, tegishli tartibga asosan, davlat bog‘chalarida autsorsing usulida ovqatlantirish Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov natijalariga ko‘ra tashkil etilishi kerak.