Quvasoy hokimi bilan bog‘liq mojaro kelib chiqqan keytering loyihasida muassis o‘zgardi

O‘zbekiston 20:55 / 27.07.2024 13491

Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida turk investori ishtirokida boshlangan, keyin shahar hokimi bilan bog‘liq mojaro kelib chiqqan loyiha – bog‘cha bolalarini keytering usulida ovqatlantirish xizmati o‘z ishini boshlamoqda.

Viloyat hokimi Xayrulla Bozorov 25 iyul kuni imzolagan qarorga ko‘ra, “Garden Catering” xususiy korxonasi 1 avgustdan e’tiboran Quvasoy shahrida joylashgan, ovqatlantirishning autsorsing usuli yo‘lga qo‘yilmagan davlat bog‘chalariga keytering xizmatini ko‘rsata boshlaydi.

Bu amaliyot hujjatda “keytering usulida sog‘lom ovqatlantirish” deya nomlangan va tajriba-sinov natijalaridan kelib chiqib, yil yakuniga qadar Farg‘ona shahridagi davlat bog‘chalariga ham joriy etilishi belgilangan.

Shahar hokimi loyihani o‘ziniki qilib olishga uringanlikda ayblangan edi

Kun.uz bu loyiha haqida shu oy boshida surishtiruv e’lon qilgan edi. Unda loyiha tashabbuskori bo‘lgan fuqaro Muazzam Ibrohimova va turkiyalik investor Ali Kirlangich Quvasoy shahri hokimi Zafar To‘raqulovni loyihani o‘ziniki qilib olishga uringanlikda ayblagan edi. Hokim ayblovlarni rad etgan bo‘lsa-da, Kun.uz ta’sis etilgan firmadagi 40 foizlik ulush hokimning qarindoshi nomiga rasmiylashtirilganini aniqlagandi.

Viloyat hokimining qarorida keltirilishicha, 1 avgustdan boshlanadigan loyihani “Garden Catering Trade” MChJ qo‘shma korxonasi amalga oshiradi. Bu – Kun.uz surishtiruvida so‘z borgan “Turan Catering International”dan boshqa korxona (shu yil 21 iyunda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, ta’sischilar ham boshqa shaxslar), lekin u ham Quvasoy shahrining Pakana mahallasida joylashganidan kelib chiqilsa, hokim bilan bog‘liq mojaro ortidan keytering loyihasining muassisi o‘zgargani anglashiladi.

Quvasoyda ish boshlagan keytering korxonasi / Foto: Namangan viloyati hokimligi

Muassis o‘zgargach, vazirlik bilan kelishish talabi bekor qilingan bo‘lishi mumkin

Surishtiruv davomida Kun.uz bog‘langan hokim Zafar To‘raqulov loyihani ishga tushirish uchun bolalarni ovqatlantirish masalasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan kelishish kerakligini aytgandi. Biroq loyiha muassisi o‘zgargach, mahalliy rasmiylar vazirlik bilan kelishuv talabini olib tashlagan bo‘lishi mumkin, chunki belgilangan tartibda tender o‘tkazilmagan, vazirlik Kun.uz'ga taqdim etgan izohda ham kelishuv bo‘lgani haqida aytilmagan.

Ta’kidlash kerak, O‘zbekistonda bog‘cha bolalarini keytering usulida ovqatlantirish masalasi hali qonunchilik bilan tartibga solinmagan. Shunday bo‘lsa-da, viloyat hokimi 25 iyul kungi qaroriga asos sifatida Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 30 iyundagi 407-sonli qarorini ko‘rsatgan. Modomiki, hokimning qaroriga hukumatning 407-sonli qarori asos bo‘lgan ekan, u holda hokimlik tender o‘tkazishi kerak edi. Chunki ushbu hukumat qaroriga binoan, davlat bog‘chalarida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirish Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov natijalariga ko‘ra tashkil etilishi kerak. Bu tartib hukumatning 2019 yildagi boshqa bir qarorida ham belgilab qo‘yilgan.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Kun.uz'ga bergan izohida aytilishicha, bugungi kunda davlat bog‘chalarida keytering usulida ovqatlantirish tizimi joriy etilmagan. Uni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat ham mavjud emas.

Hozircha faqat autsorsing usulida hamda ta’minotchilar orqali oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish bilan ovqatlantirish tartibi bor. Shunga ko‘ra, ayni vaqtda respublikadagi 1 782 ta MTTda autsoring tizimi, qolganlarida esa ta’minotchilar mahsulotni yetkazib berishi orqali ovqatlantirish yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, hokim qaroriga ilova qilingan “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida keytering usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish tartibi” respublika darajasidagi hech qaysi hujjatda o‘z aksini topmagani aytildi.

Hokimlik izohi

Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati, Kun.uz so‘roviga javoban, “Garden Catering”ni tanlab olishda tender o‘tkazilmaganiga izoh berdi. Hokimning matbuot kotibi Dilmurod Jumaboyevning aytishicha, Farg‘ona vodiysida keytering xizmatini ko‘rsatuvchi korxona yo‘q, hududdagi bog‘chalarda ovqatlanish tizimi qoniqarsiz holatga kelgan, shu sabablar tufayli “Garden Catering” qo‘shma korxonasi 5 oylik sinov uchun tanlab olingan.

5 oylik tajriba yakunlaridan kelib chiqib, bu amaliyotni ommalashtirish bo‘yicha MMTV bilan ish tashkil etiladi, dedi u. 

Ko‘proq yangiliklar: