Polosondan Germaniyaga yo‘l: 16 yoshli o‘zbek qizi olimpiada g‘olibi bo‘ldi

Jamiyat 15:46 / 27.07.2024 22359

Andijon tumanining Poloson mahallasida yashovchi, o‘qituvchilar oilasida ulg‘aygan Rayyona Ibrohimova Germaniyaning Gyottingen shahrida o‘tkazilgan Butunjahon nemis tili olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Oddiy o‘qituvchilar oilasidan chiqqan qiz shu davrgacha ko‘plab musobaqalarda ishtirok etgan, biroq omadsizlikka uchragandi. “Ota-onam maoshidan orttirib, til o‘rganishim uchun sharoit qilib berdi, ularning ishonchini oqladim”, deydi oltin medal sohibasi.

15-22 iyul kunlari Germaniyaning Gyottingen shahrida Butunjahon nemis tili olimpiadasi bo‘lib o‘tdi. Unda 62 ta davlatdan 14 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 100 nafardan ortiq o‘quvchilar ishtirok etdi. Uch yo‘nalish (A2, B1 va B2)da o‘tkazilgan bellashuvda o‘zbekistonlik – Andijon shahridagi 4-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Rayyona Ibrohimova B1 daraja yo‘nalishida oltin medal sohibi bo‘ldi.

Rayyona Ibrohimova

Zulfiya mukofotini ololmaganim og‘ir zarba bo‘lgan”

Rayyona Ibrohimova o‘z kechinmalarini Kun.uz muxbiriga so‘zlab berdi.

Onam ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi. Otam musiqa maktabida aktyorlik mahoratidan dars beradi. O‘qituvchilar maoshiga kun ko‘radigan oddiy oilamiz. Ota-onam qiyin vaziyatda ham bilim olishimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi. Otamning xohishiga qarshi bormay bir muddat musiqani o‘rgandim. Keyinroq yo‘nalishni o‘zgartirishga majbur bo‘ldim.

6-sinfda Zulfiya mukofotini olish uchun tayyorgarlik ko‘ra boshladim. She’rlar yozib, gazetaga chiqardim. Qancha-qancha mag‘lubiyatlarga duch keldim. Qaysidir vaqtlarda ishtiyoqlarim ham sinib ketgani rost. Yosh kitobxon tanlovida, Zulfiya mukofoti uchun bo‘lgan bellashuvlarda muvaffaqiyatsizligim ayniqsa og‘ir zarba bo‘lgan. Lekin maqsadimdan chekinmadim. Tushkunlikka tushgan paytlarimda ota-onam dalda bo‘ldi.

Olimpiada ikki bosqichda o‘tkazildi. 1-milliy saralash bosqichi. Bu Toshkentdagi Gyote institutida bo‘lib o‘tdi. Ushbu bosqichda 1-o‘rinni oldim va bu yutuq meni Germaniyada yetakladi. Germaniyadagi olimpiadada yurtimiz sharafini himoya qilishim kerak edi. Hammasi yaxshilik bilan tugadi.

To‘g‘risi g‘olib bo‘lishni kutmagandim. Lekin qaysidir o‘rinni olishimni ko‘nglim sezayotgandi. Tan olish kerak, Germaniyaga borganimda g‘oliblikka bo‘lgan ishonch so‘ndi. Chunki olimpiada ishtirokchilarining til bilish darajasi juda yuqori edi. Germaniyaning 9 qo‘shni davlatidan kelgan ishtirokchilar ayniqsa juda kuchli edi. Fransiya, Niderlandiya vakillarining nemis tilida juda ravon gapirishiga guvohi bo‘ldim.

Yakuniy natijani, g‘oliblarni e’lon qilish holati juda qiziq bo‘ldi. Telefon kamerasi va sumkadagi bayroqni 3-o‘rinni e’lon qilishlaridan avval tayyor holatga keltirgan edim. Va nihoyat g‘olibni e’lon qilishdi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, g‘olib men edim. Holatni tasvirlab berish juda qiyin”, deydi u.

Rayyona ikki yil avval ham Germaniyada yozgi lagerda bo‘lgan. O‘shanda undan tengdoshlari qaysi davlatdan kelganini so‘rashgan. O‘zbekistonlikman deganida esa atrofidagilar bu davlat haqida birinchi marta eshitishayotganini aytishgan. Shu voqeadan so‘ng u qachondir olimpiadada g‘olib bo‘lsa, yurtini tanitishni diliga tugib qo‘ygan.

Maqsadimga yetdim. 3-o‘rin hamma tanigan Buyuk Britaniya, 2-o‘rin hamma bilgan Italiya, 1-o‘rin endi hamma taniyotgan O‘zbekiston bo‘ldi”, deydi quvonch bilan Rayyona Ibrohimova.

Sanatoriyaga borishga hojat qolmadi”

Rayyonaning otasi Nodirbek Jo‘rayevning ta’kidlashicha, u qizining ingliz tilini o‘rganishini istagan. Biroq Rayona nemis tilini tanlagan.

Nodirbek Jo‘rayev

Farzandining baxtini ko‘rish har bir ota-onaning orzusi. Kenja farzandimiz Rayyonaning yutug‘idan boshimiz osmonga yetdi. Toshkent xalqaro aeroportida medallar bilan chiqayotgan qizimni ko‘rib xuddi voqealar tushimda bo‘layotgandek edi.

Oddiy o‘qituvchining qizi bunday yutuqqa erishishi juda quvonarli. Ne mashaqqatlar bilan 3 farzandni voyaga yetkazdik. Endi ularning rohatini ko‘ryapmiz.

Bir paytlar turmush o‘rtog‘im nemis tili kursiga Rayyonani berib keldim deganida, ingliz tili dunyo tili-ku, faqat ingliz tilini o‘rganish kerak, deb qatiy turib olgandim. Lekin qizim biribir nemis tili yo‘nalishidan ketdi. Bugungi yutuqlarini ko‘rib esa qizimning qarori aslida to‘g‘ri bo‘lganini tushunib yetdim.

Asablarim charchaganidan shu kunlarda sanatoriyaga borishni reja qilayotgandim. Tarixiy kun, quvonchli xabarni eshitib, bu charchoqdan asar qolmadi. Sanatoriyaga borishga hojat qolmadi”, deydi Nodirbek Jo‘rayev.

Agar niyat ulug‘ bo‘lsa, unga erishish mumkin”

Rayyonaning onasi Iroda Jo‘rayevaning aytishicha, qizi Germaniyaga ketishidan avval bayroq sotib olib, uni ruhiy tomondan g‘oliblikka tayyorlashgan.

Iroda Jo‘rayeva

3 farzandni voyaga yetkazish uchun o‘qituvchilikdan tashqari men chevarchilik qildim, Turmush o‘rtog‘im esa ustachilik qildi. Inson niyatni katta qilishi kerak. Agar niyat ulug‘ bo‘lsa, chin qalbdan chiqsa, albatta, erishish mumkin ekan. bunga men qizim misolidan amin bo‘ldim.

Qizim Rayyona Germaniyaga jo‘nab ketishidan avval milliy libos tikib berishimni iltimos qildi. Olimpiadada 1-o‘rinni olaman, deb niyatni katta qildi. Bayroq sotib oldik, milliy libos tikib berdik. Musobaqagacha oilaviy qizimizni g‘olib bo‘lishi uchun ruhan tayyorlab bordik. Qizim bayroqni yelkasida ko‘tarib olib, g‘oliblik nashidasini his qilib mashqlar qildi”, deydi ona.

Iroda Jo‘rayevaning qo‘shimcha qilishicha, Rayyona ko‘p kitob o‘qiganidan, kitobni kamroq o‘qi, toliqib qolasan degan kunlari ko‘p bo‘lgan. Lekin u niyatidan qaytmagan va oxir-oqibat o‘z niyatiga erishgan.

Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi: Sardor Mamirov

Ko‘proq yangiliklar: