24 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

O‘zbekiston 21:13 / 24.12.2024 2154

Rossiyadagi yong‘inda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar, sudda og‘irroq jazoga hukm qilingan haydovchi, $60 mlrdga yaqinlashgan tashqi savdo aylanmasi va Raqobat qo‘mitasining yangi turar joy xaridorlariga tavsiyalari — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Rossiyadagi yong‘inda o‘zbekistonliklar halok bo‘ldi

Rossiyaning Tatariston respublikasidagi yong‘inda O‘zbekistonning 5 nafar fuqarosi halok bo‘ldi. Tataristonning Malorechenskiy qishlog‘idagi chorva fermasida ishchilar yashayotgan binoda yong‘in chiqib, 39 kishi bo‘lgan binodan 33 nafari evakuatsiya qilingan.

Ammo yong‘inni o‘chirish paytida 6 kishining jasadi topilgan, ularning 5 nafari o‘zbekistonlik ekani ma’lum qilindi.

Yong‘in tungi vaqtda 300 kvadrat metr maydonda sodir bo‘lgan va Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari 4 ta texnika yordamida yong‘inni o‘chirgan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, yong‘inga elektr jihozlarini ishlatishda qoidalarga rioya qilinmagani sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vafot etganlar shaxsini aniqlash va jasadlarni vatanga qaytarish masalasida ish olib bormoqda. Qozon shahridagi O‘zbekiston konsulxonasi xodimlari mahalliy hukumat bilan hamkorlik qilmoqda.

Tanqiddan so‘ng: haydovchi 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida sodir etilgan YTHda 5 bolani urib ketgan va ikki nafari halok bo‘lgan Cobalt haydovchisiga avval axloq tuzatish jazosi tayinlangandi. Bu qaror keng jamoatchilikda katta tanqidlarga sabab bo‘ldi.

Sud haydovchini sud zalida qamoqdan ozod qilib, uni «oliy ma’lumotli, ishli» ekani sababli yengil jazo bilan cheklagandi. Biroq shu sudya boshqa bir avariyada bir inson o‘limiga sababchi bo‘lgan ishsiz haydovchini 2 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilgani o‘rtaga chiqdi.

Oliy sud matbuot xizmati ma’lum qilishicha, tanqidlar va Toshkent viloyati prokurori o‘rinbosarining kassatsiya protestidan so‘ng mazkur ish qayta ko‘rib chiqildi. Toshkent viloyati sudi R.Mirzahotamovni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi bo‘yicha aybli deb topib, unga 3 yil transport boshqarish huquqidan mahrum qilish bilan birga, 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Mahkum o‘z jazosini manzil-koloniyalarda o‘taydi.

Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga boradi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 25-26 dekabr kunlari Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tadigan MDH va YeOII sammitlarida ishtirok etadi.

Mamlakatimiz yetakchisi mazkur tadbirlarda kuzatuvchi maqomida qatnashadi.

Sammitlarda ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan dolzarb masalalar muhokama etiladi. Shuningdek, o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, 2025 yilga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha fikr almashinadi.

Ko‘p kvartirali uylar qurilishi bo‘yicha murojaatlar

Raqobat qo‘mitasi 2024 yil davomida ko‘p kvartirali uylar qurilishi bo‘yicha 1700 ga yaqin murojaat kelib tushganini ma’lum qildi. Natijada, iste’molchilar foydasiga 20 milliard so‘mga yaqin mablag‘lar qayta hisob-kitob qilindi.

Shartnomalar tahlilidan quyidagi holatlar aniqlangan:

  • 80 foiz shartnomada quruvchilarga qayta hisob-kitob qilish huquqi ustun berilgan;
  • 58 foiz holatda umumiy maydon tafovutlari uchun qayta hisob-kitob ko‘zda tutilmagan;
  • 39 foiz shartnomada qurilish muddati belgilanmagan;
  • 51 foiz shartnomada kechikish uchun penya nazarda tutilmagan;
  • 84 foiz holatda xonadonga kafolat muddati berilmagan.

Raqobat qo‘mitasi uy-joy sotib oluvchilarga shartnoma shartlari bilan batafsil tanishish; qurilish muddatlari va javobgarliklar nazarda tutilganini tekshirish; quruvchi kompaniyaning ishonchliligini tekshirish uchun ochiq manbalardan foydalanish; barcha to‘lovlarni bank orqali amalga oshirish tavsiyalarini berdi.

Tashqi savdo aylanmasi $60 mlrdga yaqinlashdi

2024 yil yanvar-noyabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 59,4 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,1 mlrd AQSh dollariga yoki 3,6 foizga ko‘pdir.

Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu savdo aylanmasi doirasida eksport hajmi 24,2 mlrd dollarga yetgan yoki 4,4 foizga oshgan, import hajmi esa 35,1 mlrd dollarga yetgan yoki 3 foizga oshgan. Biroq savdo balansida 10,9 mlrd dollarlik manfiy ko‘rsatkich saqlanib qolmoqda.

O‘zbekiston 195 ta mamlakat bilan savdo aloqalarini yuritmoqda. Asosiy hamkorlar qatorida Xitoy (19 foiz), Rossiya (18 foiz), Qozog‘iston (6,5 foiz), Turkiya (4,4 foiz) va Koreya Respublikasi (3 foiz) bor.

MDH davlatlarining umumiy ulushi 35,4 foizga yetgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3 foizga o‘sgan.

Hafta davomida harorat ko‘tariladi

Bu yilning so‘nggi ish haftasida O‘zbekiston bo‘ylab yog‘ingarchilik kutilmaydi, ob-havo barqaror bo‘lishi aytilmoqda.

O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, kechalari kuzatilayotgan sovuq asta-sekin kuchsizlashadi. Haftaning ikkinchi yarmida harorat kechasi va ertalab -3...+2 daraja atrofida bo‘ladi. Kunduzi esa havo harorati +5...+10 darajagacha ko‘tarilishi, janubiy hududlarda +12...+15 darajagacha, shimolda va Farg‘ona vodiysida +2...+7 darajagacha bo‘lishi kutilyapti.

Ayrim joylarda kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Toshkentda havo biroz bulutli va o‘zgaruvchan bo‘ladi. Yog‘ingarchilik kutilmayapti. Harorat kechasi -3...-5 darajadan 0...+1 darajagacha ko‘tarilib, kunduzi +6...+9 daraja atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: