Xitoyda 5G mobil aloqa tarmog‘i abonentlari soni 1 milliardga yetdi. Bu haqda mamlakat Sanoat va axborotlashtirish vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, noyabr oxirida 5G mobil aloqa tarmog‘i abonentlari soni 1,002 milliardga yetgan. Ular mamlakatdagi barcha mobil aloqa abonentlarining 56 foizini tashkil qilmoqda — 2023 yil oxirida ularning ulushi 46,6 foiz bo‘lgan.
Xitoydagi 5G bazaviy stansiyalari soni o‘tgan oy oxirlarida 4,2 millionga yaqinlashgan. Shunday qilib, har 10 ming kishiga 29 ta 5G stansiyasi to‘g‘ri kelmoqda.
Noyabr oyida XXR Sanoat va axborotlashtirish vazirligi 2027 yil oxiriga borib mamlakatdagi individual foydalanuvchilarning 85 foizini 5G aloqa tarmog‘i bilan qamrab olishga oid harakatlar rejasini e’lon qilgandi. Shu bilan birga, uch yildan keyin har 10 ming kishiga 38 ta 5G bazaviy stansiyasi to‘g‘ri kelishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda esa 2023 yil mart oyidan mobil internet tezligini oshirish va butun mamlakat bo‘ylab 5G texnologiyasini joriy etish jarayoni boshlangan. Loyihaning birinchi bosqichida 5G tarmog‘i bilan Toshkent shahrini to‘laqonli qamrab olish, shuningdek, viloyat markazlari qisman qamrab olinishi ko‘zda tutilgan. Ishlar yakuniga yetgach, respublika bo‘ylab 5G texnologiyasini joriy etishning keyingi bosqichlari tahlil qilinadi.