Xarris ilk saylovoldi mitingida Trampga qarshi hujumga o‘tdi

Jahon 11:54 / 24.07.2024 14770

Ko‘p kishilik miting Viskonsin shtatining Miluoki shahrida bo‘lib o‘tdi — bu saylov taqdiri hal bo‘ladigan muhim shtatlardan biridir.

O‘tgan haftada Miluokida Tramp rasman Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilgandi.

Harris hozircha rasman nomzod sifatida ilgari surilmagan, ammo bir kun oldin uni Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod bo‘lishi uchun yetarlicha delegat qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘lgandi, prezident Jo Bayden saylovoldi poygasidan chiqishidan keyingi kun davomida esa unga rekord miqdorda xayriya mablag‘i yig‘ilgandi.

«Donald Tramp mamlakatimizni ortga qaytarmoqchi, — degan Harris Miluokida yig‘ilganlarga qarata, bir kun oldin saylovoldi shtabida aytgan gaplarini takrorlab. — Biz erkinlik, mehr-oqibat va qonun ustuvor bo‘lgan mamlakatda yashashni xohlaymizmi yoki xaos, qo‘rquv va nafrat mamlakatida?»

Jo Bayden kampaniya davomida Tramp haqida ko‘pincha keng ma’noda demokratiyaga tahdid sifatida gapirgan bo‘lsa, Harris ko‘proq shaxsiy yondashuvdan foydalandi va Kaliforniya prokurori lavozimida ishlaganida sobiq prezident kabi «yirtqich» va «firibgar» odamlar bilan ko‘p bor shug‘ullanganiga ishora qildi, deya qayd etadi AFP.

«Men har xil jinoyatchilarning ishini olganman, — deydi u. — Ayollarni tahqirlagan yirtqichlar. Iste’molchilarni aldagan firibgarlar. O‘z manfaati uchun qoidalarni buzgan firibgarlar».

O‘z nutqida Harris abortlar mavzusiga alohida to‘xtalib, «Trampning ekstremal taqiqlarini to‘xtatish»ga va’da bergan va shunday degan: «Biz o‘z tanasi bo‘yicha qaror qabul qilishni ayollarning o‘ziga qoldirishimiz va hukumat ularga nima qilishni aytib turishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak».

Tramp bunga javoban uni chegaradagi migratsiya inqirozini hal etishga layoqatsizlik qilishda ayblab, sentabr oyida ABC News efirida Bayden o‘rniga u bilan debat qilishga tayyorligini bildirgan.

«Men Jo Bayden bilan debatga rozilik bergandim. Ammo men u bilan ham debat qilishni xohlayman. U [Baydendan] hech narsasi bilan farq qila olmaydi», — degan u jurnalistlarga.

Reuters agentligi va Ipsos tadqiqot kompaniyasi dushanba-seshanba kunlari o‘tkazgan so‘rovlarga ko‘ra, Jo Bayden o‘z kampaniyasini yakunlaganidan keyingi davrda Kamala Harris Donald Trampni 2 foizlik farq bilan ortda qoldirmoqda.

Hozirda so‘rovda qatnashganlarning 44 foizi Harrisga, 42 foizi — Trampga ovoz berishini bildirgan.

Reuters agentligi yozishicha, o‘tgan haftadagi so‘rovlarda Bayden Trampdan ikki foizga ortda qolayotgandi. O‘shanda Tramp va Harrisning ko‘rsatkichlari 44 foizdan edi.

Seshanba kuni kechqurun respublikachi kongressmenlar Vakillar palatasiga Kamala Harrisning impichmenti va Jo Baydenning iste’fosi talab qilingan rezolyutsiyalar kiritgani ma’lum bo‘ldi.

Lekin ular ko‘rib chiqish uchun qabul qilinishi ehtimoli deyarli yo‘q.

Ko‘proq yangiliklar: