Tarmoqlarda Toshkent shahri Olmazor tumanida yashovchi 73 yoshli sotsiolog olim va professor Abdulahat Qahhorov o‘z uyida qotillik alomatlari bilan topilgani va hali qotillar aniqlanmagani haqida xabarlar tarqaldi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Kun.uz’ga holat yuzasidan ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 18 iyul kuni soat 22:00 atrofida Olmazor tumani Qora-Qamish 2/5-dahasi, Muxbir ko‘chasidagi 10-uyda yashovchi qo‘shnilar «102» raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, Abdulahat Qahhorovning uyida shovqin ovozi eshitilayotgani to‘g‘risida xabar bergan. Shu bo‘yicha tezkor-tergov guruhi voqea joyiga yetib borgan.
Xodimlar xonadonga kirishganida balkon qismida professor tanasining turli qismida kesilgan tan jarohatlari bilan vafot etgani aniqlangan.
Holat yuzasidan 19 iyul kuni Olmazor tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan. Sodir etilgan jinoyat sabablari aniqlanmoqda.
- Sotsiologiya fanlari doktori, bungacha IIV akademiyasi professori lavozimida ishlagan Abdulaxat Qahhorov «Sharqiy Turkistonning qadimgi ipak yo‘li sirlari» (2017) kitobi muallifi hisoblanadi. U turk va uyg‘ur tarixining kam o‘rganilgan masalalari bilan shug‘ullangan. Kitob izohida aytilishicha, Qahhorov so‘nggi yuz yil ichida 1814−1914 yillarda Yevropa va Rossiya sayohatchilarining izlanish yo‘lidan borgan Markaziy Osiyodan birinchi olim bo‘lgan.