Donald Tramp Jo Bayden prezidentlik poygasini tark etishi yuzasidan munosabat bildirdi.
Bayden o‘z nomzodini qaytarib olishini e’lon qilganidan keyin CNN telekanali uchun bergan izohida Tramp uni «mamlakat tarixidagi eng yomon prezident» deb atagan.
Trampning fikricha, demokratlarning endigi nomzodi sifatida ko‘rilayotgan vitse-prezident Kamala Harrisni yengish Baydenni yengishdan ko‘ra osonroq bo‘ladi.
Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ham Baydenning saylovda ishtirok etishdan voz kechish qaroriga munosabat bildirgan.
U Bayden «prezidentlik saylovida ishtirok etishga loyiq nomzod bo‘lmagani va bu lavozimga umuman munosib emasligi»ni ta’kidlagan.
«U prezidentlik lavozimiga faqat yolg‘on, soxta xabarlar va o‘z yerto‘lasidan chiqmasdan erishgandi. Uning atrofidagilarning barchasi, jumladan uning shifokori va ommaviy axborot vositalari u prezident bo‘lishga layoqatli emasligini bilardi va shunday bo‘ldi ham», — deya yozgan u.
Tramp biror dalil keltirmasdan muntazam ravishda 2020 yilgi saylovlarda g‘olib chiqqani, ammo natijalar Bayden foydasiga o‘zgartirilganini aytib keladi.
Bayden prezidentlik poygasini tark etishi haqidagi bayonotida Demokratik partiyaning yangi nomzodi haqida hech narsa demagan, ammo keyinroq Kamala Harrisni to‘la qo‘llab-quvvatlashini bildirib tvit yozgan.
«2020 yilda [Demokratik] partiya nomzodi sifatidagi ilk qarorim Kamala Harrisni vitse-prezident sifatida tanlash bo‘lgandi. Bu mening eng yaxshi qarorim edi. Bugun men Kamalaning bu yilgi saylovda partiyamizdan nomzod bo‘lishini to‘liq qo‘llab-quvvatlashim va ma’qullashimni bildirmoqchiman. Demokratlar, birlashish va Trampni mag‘lub etish vaqti keldi. Kelinglar, shunday qilamiz», — deya yozgan Bayden.
- Har ikki partiyaning prezidentlik uchun nomzodlari qurultoylarda rasman tasdiqlanadi. O‘tgan haftada Respublikachilar partiyasi o‘z qurultoyini o‘tkazgan va unda Donald Tramp nomzodi prezidentlik uchun rasman ilgari surilgandi. Bir yarim soat davom etgan nutqida Tramp Bayden nomini faqat bir marta tilga olgan va uni mamlakatga «AQSh tarixidagi o‘nta eng yomon prezident» birgalikda yetkazganidan ko‘proq zarar yetkazishda ayblagandi.
- 27 iyun kuni Tramp va Bayden o‘rtasida dastlabki debatlar o‘tkazilgan, uni Demokratik partiyaning ko‘plab tarafdorlari amaldagi prezident uchun «muvaffaqiyatsiz» deb baholagandi. Shundan keyin demokratlar Baydenni nomzodini qaytarib olishga chaqira boshlagan, ammo u shu kunga qadar saylovda ishtirok etib, g‘alaba qozonmoqchi ekanini ta’kidlab kelayotgandi.