Foto: «Real» Mbappening taqdimotini o‘tkazdi

Sport 17:22 / 16.07.2024 19503

Bugun, 16 iyul kuni Kilian Mbappening «Real»dagi tantanali taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mbappening «Real»ga o‘tishi iyun oyidayoq e’lon qilingandi, fransuz hujumchisi madridliklar safiga erkin agent maqomida kelib qo‘shildi. Uning «PSJ» bilan shartnomasi muddati yakuniga yetgandi, ammo kelishuvga ko‘ra, parijliklar klubiga ma’lum miqdorda bonus ham tegadi.

Bugun Kilian yangi klubi uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tdi, yangi shartnoma imzoladi va o‘yin futbolkasini qo‘lga kiritdi.

U Madridda to‘qqizinchi raqam ostida harakat qiladi. Kilianni ko‘pchilik yettinchi raqam bilan eslaydi, u sobiq klubida ham, Fransiya milliy jamoasida ham shunday raqamdagi futbolkada harakat qilgan, ammo madridliklar klubida bu raqam Vinisiusga tegishli. Endi u o‘z vaqtida Ronaldo, Ronaldu va Saviola kabi hujumchilar o‘ynagan futbolkani kiyadi.

Taqdimot marosimi o‘tkazilgan «Santyago Bernabeu»ga «Real»ning o‘n minglab muxlislari (OAVga ko‘ra, 80 ming kishi) yig‘ildi.

Taqdimot vaqtida klub prezidenti Florentino Peres Zinedin Zidan 12 yil muqaddam, Kilian hali 13 yoshdaligida uni «Real» mashg‘ulotlariga taklif etganini eslatdi.

Klubning yangi futbolchisi sifatida sahnaga chiqib kelgan Mbappe vatandoshi bilan quchoqlashib ko‘rishdi, so‘ng muxlislarga murojaat qildi va klub tarixiga munosib bo‘lishga va’da berdi.

«Bolalar uchun gapim bor. Men ham siz kabi bola bo‘lganman. Ehtiros va orzu bilan istagan narsangizga erishishingiz mumkin. Bu aql bovar qilmas kun. Bolaligimdan menda faqat birgina orzu bo‘lgan va bu yerda turish men uchun ko‘p narsani anglatadi. «Real» muxlislariga tashakkur aytaman, chunki ular ko‘p yillar mobaynida o‘z sevgisini bildirib kelishdi.

Endi menda yana bir orzu tug‘ildi. Men o‘z hayotimni ushbu klub va ushbu emblema uchun bag‘ishlamoqchiman, uning tarixiga munosib bo‘lish uchun», — dedi Mbappe.

Ko‘proq yangiliklar: