To‘y hayotning asosiy mazmunimi? Uning ilinjida umrini sarflayotganlar hikoyasi

Jamiyat 16:22 / 15.07.2024 18530

To‘y inson sog‘ligini sarflaydigan darajada muhim marosim emas

Marhabo, 21 yosh, Samarqand:

“Akamni 1 yil avval unashtirganmiz. O‘sha kundan beri uyimizda faqat to‘yni qanday o‘tkazish, qaysi san’atkorlarni chaqirish muammosi gaplashiladi. Men kontraktimni talaba kreditidan to‘ladim, ukamni qo‘shimcha darslardan ham chiqarib olishdi, hozir sharoitimiz yo‘qligini aytib. Ukam juda iqtidorli bola, bunga xafa bo‘ldi albatta. Yaqinda to‘y qilishimiz kerak. Oilamizda ota-onam, akam ishlashadi. Men talaba bo‘lsam ham ishlayman, lekin topganim uncha ko‘p emas, o‘zimdan ortmaydi.

Meni o‘ylantirayotgani boshqa narsa – yaqinda shifokorlar onamda ko‘krak saratoni belgilari boshlanayotganini aytishdi. Zudlik bilan davolanishni boshlash kerak, keyin kech bo‘lishi mumkin ekan. Lekin to‘y xarajatlari sabab onam yengil davolanishdan nariga o‘tmayapti. Majburlasak ham “qudalarni oldida kim degan odam bo‘lamiz” deb o‘zini qiynaydi. Ichadigan dorilarini olmasa olmaydiki, shu issiqda har hafta sarpo olishga bozorga yuguradi. Qanday tushuntirishni bilmaymiz. Otam bilan akam ham har qanday yo‘l bilan tushuntirishga urinishdi, oxiri yig‘i-sig‘i, “men bir marta to‘y qilaman, hamma qarab turibdi qanaqa to‘y qilarkin deb, davolanish qochmaydi. Meni battar bo‘lmasin desanglar, indamanglar” degan gap bilan tugadi. Akam uylanayotganiga ming pushaymon. Lekin onamga biror narsa deyishga haddi sig‘maydi.

To‘y qilayotganimiz uchun hamma xarajatlarni maksimal qisqartirdik, aytsam ishonmaysiz, yeyish-ichishni ham. Lekin qudalar bilan birorta marosimni kanda qilmayapmiz. Masalan, har ikki hayitda ham, bayramlarda ham dabdabali yo‘qlovlar, “uy ko‘rdi”larning xarajatiga hech narsa ayalmaydi. Tog‘ora-tog‘ora ovqatlar, shirinliklar, sarpo-suruq deganday. Kamiga hozir biz tomonda shunaqa paytda sarponi yoniga bitta tilla qo‘shib yuborish ham urf bo‘lyapti emish”.

Ota-onam istaganday to‘y uchun kamida yana 3 yil ishlashim kerak

Mirzohid, 31 yosh, Xorazm:

“Yoshim 31da, 9 yildirki chet elda qurilishda ishlayman. Yolg‘iz o‘g‘ilman, ota-onamning orzu-havaslari ko‘p. Shu paytgacha ishlab, opamni va singlimni uzatdik. Kelgan vaqtlarimizda bu yerda topish-tutishim yomon emas edi, topganlarimni to‘plasam anchagina pul bo‘lardi. Singlimni uzatganimizda kuyovimiz mebelni o‘zi qildi. Lekin shunga yarasha javob qilmasak uyat bo‘ladi deb stol-stullar, yana boshqa mebellarni ortig‘i bilan yubordik.

Endi menga navbat, lekin O‘zbekistonga borib uylanishni xohlamayapman ochig‘i. Chunki bu uchun hozir imkonim yo‘q, bu yerda ham ishim avvalgiday emas. Menga alam qiladigani men 3 yilda qora terga botib to‘plagan pulning bitta to‘y uchun ketib qolishi.

Qalin puli, to‘y xarajatlariga anchagina pul ketar ekan. Dabdabali to‘y shart emasligini aytsam dadam “men xalqning to‘yini yeganman, endi o‘zim shundan qochamanmi?” deb xafa bo‘ldi. Lekin ular istaganday to‘y qilishimiz uchun kamida yana 3 yil ishlashim kerak.

Pandemiya paytida to‘ylar ancha kamxarj o‘tkazildi, bu anchagina ommalashdi deb o‘ylagandim. Yo‘q, hammada ham bu tushuncha o‘zgarmagan ekan”.

Qimmat gilam qilmadi deb gapirishsayam mayli edi

Nosir aka, 57 yosh, Toshkent:

“Uch farzandim bor. Bir qizimni uzatganimizga 2 yil bo‘ldi. To‘g‘risini aytsam, katta qizimni uzatishda olingan qarzlardan hali qutulib ulgurmagan edim. Mebel qilinmagan bilan gilam, pardaga o‘xshash narsalarning yaxshisini qilaylik debmiz. Bu xotinlar o‘ylab topaverar ekan shunaqa narsalarni.

Orada o‘g‘lim yoqtirgan qizni boshqaga uzatishmoqchiligini eshitib ungayam to‘y boshlab qo‘ydik. 6 oy avval to‘y qilganman. Yana ancha-muncha qarzga botdim. Qarindoshlar yordam qilishdi, o‘g‘lim ham ishlayapti, hali juda katta topmasayam. O‘zim davlat ishidaman, qo‘shimcha ishlamasam bo‘lmaydi deb “arenda”ga mashina oldim – taksi qilyapman. Ham mashinani ijarasini, ham qarzlarimni to‘lash uchun erta-yu kech ishlamasam bo‘lmaydi. Ba’zida ixchamroq to‘y qilsam o‘lamanmi deb o‘zimdan ham jahlim chiqadi. Ayolim boshqalarning to‘ylarini aytib havas qilsa, ko‘zyosh qilsa, menam chiranib qilaveribman. O‘shanda qat’iyroq tursam bo‘larkan”.

Kelinsalom degan “tovar almashinuv” marosimidanoq ko‘ngilxiralik chiqdi

Sohiba opa, 46 yosh, Toshkent viloyati:

“Yolg‘iz o‘zim uch qizni katta qildim. O‘g‘limiz yo‘qligi uchun turmush o‘rtog‘im bilan ajrashganmiz. Shu qizlarim o‘ksimasin deb yoshligidan sep yig‘aman. Bultur katta qizimni uzatdim. Quda taraf mebelniyam o‘zimizga oldirdi. Noiloj kredit olib hamma aytganlarini bekamu-ko‘st, ortig‘i bilan qildim.

Birinchi kundanoq kelinsalom degan “tovar almashinuv” marosimida ko‘ngilxiralik kelib chiqdi. Qudamizning yaqinlariga arzirliroq narsalar olmaganimiz uchun.

Taqdir ekan qizim homilador holida turmushi buzildi. Hozir uyimda. Oyma-oy qilgan mebellarimiz-u, jihozlarimizni kreditini to‘laymiz. Qilgan seplarim, mebellar uyimda yotibdi ishlatilmay. Shularni yig‘guncha qizimni o‘qitmaganim uchun afsusdaman. Endi bolasi bilan qanday kun ko‘radi hayronman? Kredit to‘layman deb keyingi qizlarimniyam o‘qitolmayapman”.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: