Tadbirkor Komil Islomov Toshkentda o‘ziga tegishli 10 dan ortiq yoqilg‘i quyish shoxobchalarida quyosh panellarini o‘rnatgan. Bu obektlar kunduzi elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini o‘zi qoplab, ortiqcha tokni davlatga sotadi. Kun.uz tadbirkorning bu yo‘nalishdagi tajribasi bilan qiziqdi, duch kelayotgan muammolarini tingladi.
Komil Islomovning so‘zlariga ko‘ra, poytaxtdagi o‘ndan ortiq AYoQShlarida o‘rnatilgan quyosh panellarining umumiy quvvati 4 megavattga teng. Shu orqali tadbirkor elektr tokiga bo‘lgan ehtiyojining 25 foizini o‘zi o‘rnatgan panellar yordamida qoplayapti.
“Quyosh panellari bo‘yicha prognozlarimiz o‘zini oqladi”
“Shaharda 11 ta, viloyatda 2 ta filialimiz bor. Benzin, metan kabi yoqilg‘ilarni sotish bilan shug‘ullanamiz. Bugungi kunda O‘zbekiston bozoriga elektromobillar kirib kelyapti, ertangi kun shu sohaga yo‘nalyapti. Tadbirkorning maqsadi – doim foyda olish. O‘tgan yili quyosh panellari bo‘yicha propaganda ketganda, bizga talablar qo‘yildi. Taxminan, 50 ming dollarga quyosh panellarini olsak, talab bo‘yicha ko‘rsatkichni yopgan bo‘lardik. Bu vaqtda elektr energiyasining narxi 450 so‘m edi, lekin narx ko‘tarilishi borasida gaplar bor edi. Hisob-kitob qilib, biznes reja qilganimizda bu loyiha 9-10 yilda o‘zini oqlashi kerak edi.
9,6 megavatt quyosh panellarini olib keldik, Huawei kompaniyasidan inverterlar va qimmat bo‘lsa ham yaxshi mahsulotlarni olib keldik, bularni faqat o‘zimizning obektlarga qo‘yish asosiy maqsad edi. Salkam 1 yil bo‘ldi, iqtisodiy hisob-kitoblarimiz o‘zimiz o‘ylagan prognozlarni berdi. Ikkinchi tomondan, elektr energiyasining narxi 450 so‘mdan 900 so‘mga ko‘tarilgani panellarning o‘zini oqlash davrini 9 yildan 4,5–5 yilga tushirdi. Bu hali hammasi emas, yuridik shaxslar uchun narxlar yana oshishi mumkin”, – deydi tadbirkor.
“Bizga joylar kerak”
“Bitta narsani aytish mumkin, bu loyiha iqtisodiy samarador. Shaharda qancha obektimiz bo‘lsa, hammasiga o‘rnatib bo‘ldik. Bizga qo‘shimcha joylar kerak, qo‘shimcha joylar masalasida shunday takliflar bermoqchimiz: propaganda vaqtida qurilish ishlarimiz bitmay to‘xtab qoldi. Shu narsalarga davlat tomonidan ruxsat berilsa, qo‘yayotgan panellarimiz, o‘zimiz ishlatayotgan elektr tokidan ortiqcha bo‘lib, elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini o‘rnatmoqchimiz. Elektromobil ko‘p elektr tokini talab qiladi, ularga talab oshib boryapti, demak elektr energiyaga talab ham oshadi, Buni qoplash uchun biznesda yaxshi imkoniyat bor. Bu narsa daromadliligini amaliyotimizda isbotladik”, – deydi u.
Boshlanib oxiriga yetmagan loyiha
Komil Islomov Toshkent shahrida joylashgan shoxobchalaridan birining kirish qismiga beton ustunlarni o‘rnatgan. Bu ustunlar usti yopilib, tom qismiga quyosh panellari o‘rnatilishi, panellardan olingan tok elektromobillarni zaryadlash qurilmalariga yetkazilishi kerak edi. Bu tashabbusni avvaliga hokimiyat qo‘llab-quvvatlagan, lekin keyin mas’ul idoralar “qurilishni to‘xtatishi kerakligi, aks holda jarimaga tortilishi mumkinligi”ni aytgan. Natijada elektromobillarni quyosh bilan zaryadlaydigan loyiha to‘xtab qolgan.
Tadbirkor bunday ustunlardan yana birini Sergeli tumanidagi shoxobchalardan birining hovli qismida qurishni boshlagan. U bunday metall bog‘lamali konstruksiyalarni keyinchalik yechib olish mumkinligini aytadi.
“Yengil konstruksiyalar o‘rnatishga ham tayyormiz, qachonki bu joyda qurilish qilishga to‘g‘ri kelsa, bu metallarni yechib olib ketish imkonini beradi. Agar davlatning talabi bo‘lsa, shartnoma ham qilishimiz mumkin”, deydi suhbatdoshimiz.
Komil Islomov o‘tgan yili Xitoydan 50 ta quvvatlash stansiyasini olib kelgan. O‘zining aytishicha, bundan ham ko‘proq panellarni olib kela oladi, lekin bunda joy bilan bog‘liq huquqiy masalalar bor.
“AYoQShlarning oldida ham qilsa bo‘ladi, lekin hujjat bo‘yicha bizniki emas. Davlat talabi bo‘yicha bu joy auksionga chiqarilishi kerak, auksionga chiqarilsa, uddaburonlar sotib oladi-da, bizga ikki barobar qimmati bilan sotadi. Buni biznesga qizig‘i yo‘q. Undan ko‘ra, bizga uzoq muddatli ijara qilib berishsa, biz soliqlarni ham, ijara pulini ham to‘lashga tayyormiz. Vaziyat shundayki, bu joyning hech kimga foydasi tegmaydi. Bu joyni kapital qurilish qilish uchun so‘ramayapmiz.
Balki qachondir hukumat buni to‘g‘ri tushunib, biznesni qo‘llab-quvvatlar. Yaqinda prezidetning tadbirkorlar bilan uchrashuvi bor, yetib boradigan bo‘lsa, qarashlar o‘zgarishi mumkin. Bizning maqsadimiz hammaga foyda keltirish. Odamlarga yaxshi bo‘lsin, ish o‘rni yaratilsin, biznesga yaxshi bo‘lsin, foyda ko‘rsin, davlatga yaxshi bo‘lsin, soliq olsin”.
“Davlat yetkazib bergan tokimizning pulini to‘lamayapti”
Tadbirkor o‘z egaligidagi 14 ta obektning barchasiga quyosh panellarini o‘rnatgan, 13 ta obektdan olingan elektr tokining 60 foizini davlatga sotadi. Hozirgi quyoshli kunlarda ayniqsa elektr toki ishlab chiqarish ortgan, ammo obektlarning 100 foiz ehtiyoji faqat kunduzi quyosh panellaridan olingan tok evaziga qoplanadi. Kechasi esa umumiy tarmoqdan foydalanishga to‘g‘ri keladi.
“Bu yerda ham bir og‘riqli masalamiz bor – qonunchilik bo‘yicha “elektroset” bizdan oladigan tokni 20 foiz arzonga sotib oladi. Bugungi kungacha 800 mln so‘mlik tok sotgan bo‘lsak, pulini ololmadik. 7-8 oy ichida davlatga 1 mln 110 ming kilovatt tok sotganmiz. Boshida kamroq bo‘ldi, lekin borgan sari tok ishlab chiqarishni oshirib boryapmiz. Va’da qilishyapti, kelasi oyda to‘lab beramiz deb, shu narsalarni ham nazoratga olish kerak. To‘lab bermagan taqdirda ham qayta hisob-kitob qilish kerak – biz ishlatgan elektr toki pulini davlatga sotgan tokimiz hisobiga qoplab bersa ham rozi bo‘lardik. Davlatdan olishimiz uchun oldindan 100 foiz to‘lov qilishimiz kerak, lekin sotgan tokimizning pulini oylab, yillab ololmayapmiz”.
Kutilmagan xarajatlar
Tadbirkor eng katta quvvatli quyosh panellarini Sergeli tumanidagi AYoQShga o‘rnatgan, u yerdagi 3 ta obektda jami 1 megavatt quvvatga ega quyosh panellari bor.
Bu yerdagi AYoQShda metan-shoxobchalar va kompressorlar ishlashi tufayli iste’mol hajmi anchagina katta. Bir oyda obektning o‘zida 182 mln so‘mlik tok ishlatiladi. Islomovning aytishicha, reja bo‘yicha 1,5 megavattlik panellar qo‘yiladigan bo‘lsa, 200 mln so‘mlik tok ishlab chiqarish mumkin bo‘ladi.
“Shu binoning tepasiga 800 kilovatt quvvatli quyosh panellari o‘rnatilgan, hamma binolarimizning usti bilan hisoblaganda 1 megavatt quyosh panellari o‘rnatilgan. Bir kunda 7–7,5 megavatt tok ishlab chiqaryapti, taxminan 6,5-7 mln so‘mlik tok olamiz. Iqtisodiy tomondan, kreditning o‘zi va foizini qoplagan holda, 5 yilda o‘zini oqlaydi va foydaga chiqadi.
Bu binoning bir tomonini quyosh panellaridan olingan tok evaziga elektromobillarni zaryadlash qurilmalarini o‘rnatmoqchi edik, qolgan joyda 120 o‘rinli avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonasi bo‘lishi kerak edi. Lekin hokimiyat tomonidan shunday qaror chiqdiki, qurilish qilinayotgan maydonning har bir kvadrat metriga to‘lov belgilandi, bu obektga 3 mlrd 700 mln so‘mlik to‘lov hisoblandi. Undan tashqari bu yerda loyiha ishlari bor, taxminan 450-500 mln so‘mlik qurilishgacha xarajatlar ham bor. Endi boshimiz qotib qoldi, buni qilishimizga arziydimi-yo‘qmi? Bu qurilish qilayotgan har bitta tadbirkorning muammosi bo‘lsa kerak. Bunaqa holatda ish o‘rni yaratish imkonsiz.
7200 metr kvadrat maydonga 800 kilovatt quvvatga ega panellar o‘rnatilgan. Quyosh panellari shahar bo‘yicha 35-37 gradusga qo‘yiladi, biz yangicharoq texnologiya qo‘yib, oyma oy nazorat qiladigan qilganmiz. Iyun oyida 8 foizgacha tushadi, dekabr oylariga borib 52 gradusgacha ko‘tariladi. Sababi quyoshdan maksimal foyda olish. Quyosh 90 gradus bo‘lgan vaqti ko‘proq tok beradi, shuning uchun maksimal foydalanish uchun boshqa joylarga nisbatan 15-20 foizga ko‘proq tok olyapmiz”.
“Imkoniyatlarni boy berdik”
Islomov quyosh panellari propagandasi vaqtida Ahmad Donish va Amir Temur ko‘chalarida, Oloy bozoriga yondosh hududda avtomobillar to‘xtash joylariga quyosh panellari o‘rnatishni taklif qilganini aytadi. U hokimiyatlar bilan kelishib, 9,6 megavatt quvvatga ega quyosh panellarini olib kelgan, loyihalar ishlab chiqib, taqdimot qilingan va tadbirkor pulni ham o‘zi tikishini aytgan. Ammo bu loyihalar to‘xtab qolgan. Shu sababli Komil Islomov yuqori turuvchi rasmiylarni bu masalaga e’tibor berishga chaqiryapti.
“Quyosh panellari narxi biz olgan vaqtimiz 1 vatti 23 sentdan edi, bugungi kunda narx 13 sentgacha tushdi. Davlatdan olinadigan narx 450 so‘m edi, hozir 900 so‘m bo‘ldi. Menimcha, bu ham oxirgi narx emas.
Toshkentda quyosh panellari o‘rnatilgan hududlar umumiy maydonning 1 foizini ham tashkil qilmasa kerak. Butun dunyoga qarasangiz, yo‘l o‘rtalari, kanallarning ustlariga o‘rnatilgan. Lekin bizda shuncha imkoniyat bo‘lib ham, undan foydalanmayotganimiz tadbirkorlarning yutqazishi. Bu soha foyda olib kelmaydi, degan fikr bor ko‘pchilikda. Lekin tadbirkor sifatida aytishim mumkin, tikkan pulingiz o‘zini 5 yilda qoplasa, bu yaxshi narsa, ammo bu hozircha 5 yil, keyingi yillarda 2-3 yillarga tushish ehtimoli ham yo‘q emas”, – deydi suhbatdoshimiz.
Madina Ochilova tayyorladi.