Oq uy Ukrainaga Rossiya hududiga ATACMS raketalarini qo‘llashga ruxsat berganini tasdiqladi

Jahon 01:26 657

Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi Ukraina Qurolli kuchlari (UKQ) Rossiyadagi nishonlarga uzoq masofaga mo‘ljallangan ATACMS raketalari orqali zarba berishga ruxsat olganini tasdiqladi. Bu haqda Business Insider jurnalisti Jyeyk Epshteyn ma’lum qildi.

«Ular zarur vaziyatda o‘zlarini mudofaa qilish uchun ATACMS’dan foydalanishlari mumkin va hozirda Kursk hamda uning atrofida nimalar yuz berayotgani ma’lum», — deya Kirbidan iqtibos keltiradi Epshteyn.

«Polskoye radio» muxbiri Marek Valkuskining so‘zlariga ko‘ra, Kirbi uning savoliga javob berar ekan, Oq uy «qoidalarni o‘zgartirgani» va ATACMS raketalaridan «ma’lum nishonlarga hujum uyushtirish»da foydalanishga ruxsat berganini ta’kidlagan.

17 noyabr kuni The New York Times AQSh prezidenti Jo Bayden Kiyevga uzoq masofaga mo‘ljallangan ATACMS raketalaridan foydalanishga ruxsat berganini yozgan edi. Bayden administratsiyasi bu xabarni rasman tasdiqlamagan.

19 noyabrga o‘tar kechasi UQK Rossiya bilan chegara hududiga ATACMS raketalari yordami zarba berdi — Bryansk oblastidagi harbiy obekt uning nishoni bo‘ldi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy holatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri izoh bermadi, ammo «endilikda o‘zlarida ATACMS borligini» va «undan foydalanishlarini» ma’lum qildi.

25 noyabr kuni Telegram kanallarda ATACMS raketalari yordamida berilgan yana bir zarba videosi tarqaldi — bu safar kadrda Kursk oblastidagi harbiy aerodrom tasvirlangan. Turli ma’lumotlarga ko‘ra, uchirilgan raketalar soni beshtadan sakkiztagacha bo‘lgan. Rossiya Mudofaa vazirligi har kungi hisobotida havo hujumidan mudofaa tizimlari sakkizta ballistik raketani tutib qolganini ma’lum qildi.

Ko‘proq yangiliklar: