Salvador huquq-tartibot idoralari 2 tonna kokainni musodara qildi. Bu haqda mamlakat prezidenti Nayib Bukele o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga yozib qoldirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Estero Jaltepequye bo‘g‘ozida to‘xtatilgan kemada uch nafar kolumbiyalik qiymati 50 million dollarga yetadigan giyohvandlik vositalarini olib ketayotgan bo‘lgan.
Ekspertlar qo‘lga kiritilgan yuk Shimoliy Amerikaga yuborilishi kerak bo‘lganini taxmin qilmoqda. Prokuratura qo‘lga olingan shaxslarning uyushgan jinoiy guruhlarga aloqadorligini aniqlash bo‘yicha tergov boshlagan.
Bukelening ta’kidlashicha, oxirgi sakkiz oy davomida Salvador huquq-tartibot organlari xalqaro suvlarda 15 tonnadan ortiq kokainni to‘xtatib qolgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 380 million dollarga yetadi.
Avvalroq Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal yerida – Myonxengladbax, Duysburg va Krefeld shaharlarida, shuningdek, Firzen, Xaynsberg va Noys okruglarida joylashgan oziq-ovqat diskaunterining o‘n bir shoxobchasida banan qutilaridan paketlarda jami 95 kilogramm kokain topilgan edi.
Shuningdek, Ispaniya huquq-tartibot organlari og‘irligi 13 tonnaga teng kokainni to‘xtatib qolgani to‘g‘risida xabar berilgandi — bu mamlakat tarixida musodara qilingan eng katta partiyadir.