Britaniyada davlat idoralari o‘z xodimlariga mamlakat bo‘ylab parvozlarni taqiqlashni boshladi

Jahon 01:23 454

Buyuk Britaniyada ekologik tashkilotlar bosimi ostida o‘z xodimlarining mamlakat ichidagi parvozlarini taqiqlayotgan davlat idoralari soni ortib bormoqda. Bu atmosferaga chiqarilayotgan zararli gazlarni kamaytirishga xizmat qiladi, deb yozmoqda The Telegraph.

Qayd etilishicha, bir nechta davlat muassasasi, universitet va mahalliy kengashlar o‘z xodimlari uchun xizmat safariga samolyotda borishini taqiqlagan yoki ularning faqat poyezd orqali harakatlanishini buyurgan. Xususan, NHS England Milliy sog‘liqni saqlash xizmati 2024 yilda o‘zining 1,5 million xodimiga biznes maqsadlarda parvoz qilishini taqiqlangan. Ularga faqat istisno holatlarda yoki parvoz soliq to‘lovchilarning pulini tejashi mumkin bo‘lgan taqdirda uchishga ruxsat etiladi.

Universitetlar orasida bu kabi taqiqni birinchi bo‘lib London Imperial kolleji joriy etdi. Uning 8 ming xodimiga agar xizmat safari manzili poyezdda boriladigan shahar bo‘lsa va unda harakatlanish 5 soatdan ortiq vaqtni talab etmasa, samolyotda uchish taqiqlangan. Ya’ni kollejning Londondagi xodimi Edinburg yoki Glazgoga ucha oladi, ammo Manchester yoki Liverpulga poyezdda borishiga to‘g‘ri keladi.

Ayrim kompaniyalar o‘z xodimlariga xizmat safari manziliga Eurostar poyezdi boradigan bo‘lsa, butun Yevropa bo‘ylab ham parvozlarni taqiqlab qo‘ydi. Xususan, Atrof-muhit muhofazasi agentligi 2010 yilda 12 ming anfar xodimiga ichki parvozlarni, shuningdek, Parij va Bryusselga uchadigan reyslardan foydalanishni taqiqlagan edi.

Nashrning ta’kidlashicha, Britaniya poyezdlari Yevropadagi eng sekin harakatlanadigan va qimmat transport vositasi hisoblanadi, mamlakatdagi temiryo‘l infratuzilmasining holati esa hukumat yaqin vaqtlar ichida ish parvozlarini to‘liq taqiqlaydigan darajada talabga javob bermaydi.

Eurocontrol ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yildan 2022 yilga qadar Britaniyada ichki parvozlar soni 25 foizga qisqargan, bu Yevropa davlatlari orasidagi eng katta «qulash» hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: