Senatning ellik to‘rtinchi yalpi majlisida parlament nazorati doirasida Toshkent shahrida tadbirkorlikni rivojlantirish va ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar holati ko‘rib chiqildi.
Majlisda ta’kidlanganidek, shaharda 2023 yil yakuni bilan 327 ta hududiy korxonalar 10,2 trln so‘mlik zarar bilan yakunlagan.
Shu bilan birga, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ishlab chiqarish korxonalaridan iborat kichik sanoat zonasida muntazam ravishda elektr va gaz ta’minotida muammolar mavjudligi, Yakkasaroy tumanida esa Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi tashkil qilish bo‘yicha ishlar to‘liq amalga oshirilmaganligi, Yashnobod tumanida 28 ta lotdan iborat Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi tashkil qilingan bo‘lsa-da, biroq bugungi kunda 28 ta lotdan faqat 12 tasi auksion orqali sotilganligi ko‘rsatib o‘tildi.
“Tadbirkor virtual ofisi” axborot portali orqali kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddati ustidan nazorat o‘rnatilgan bo‘lishiga qaramasdan, murojaatlarning 29 foizini (106 ta) ko‘rib chiqish muddatlari buzilgan.
Bundan tashqari, respublika miqyosida atmosferaga yiliga 2 mln 200 ming tonnadan ziyod ifloslantiruvchi moddalar chiqarilayotgan bo‘lib, Toshkent shahrida havodagi ifloslantiruvchi moddalar miqdori qariyb 420 ming tonnani tashkil etgan.
Hududlardagi ayrim korxonalarda haligacha 10 yildan ortiq ishlatilayotgan chang-gaz tozalash uskunalari modernizatsiya qilinmagan.
Joriy yilning o‘tgan davri davomida daraxtlarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 87 ta holat aniqlanib, tabiatga jami 817,3 mln so‘m zarar yetkazilgan. Shahardagi oqova suv tozalash inshootlari samaradorligi past bo‘lib, Salar va Bo‘zsuv inshootlarida 72 foizni, Bektemir inshootida 53 foizni tashkil qiladi.
Senatorlar tomonidan shaharda tadbirkorlikni rivojlantirish va ekologik vaziyatni yaxshilashda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar mas’ul vazirlik va idoralarga ko‘rsatib o‘tildi hamda ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga, ekologiya sohasida mavjud talablar bajarilishini ta’minlashga qaratilgan zarur choralar ko‘rish yuzasidan takliflar bildirildi.