O‘zbekiston transport infratuzilmasi loyihalariga AQShdan investitsiya jalb qiladi

O‘zbekiston 13:17 / 15.07.2024 1657

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov AQShning Global infratuzilma va investitsiyalar bo‘yicha hamkorlikning maxsus koordinatori vazifasini vaqtinchalik bajaruvchisi Helayne Mats bilan uchrashdi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) ma’lumotiga ko‘ra, suhbat davomida tomonlar transport infratuzilmasini rivojlantirish, geologiya va raqamlashtirish loyihalariga xususiy moliyalashtirishni jalb qilish masalalarini muhokama qilishdi.

Ushbu tashabbus 2022 yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan G7 sammitida AQSh tomonidan ilgari surilgan. Maqsad rivojlanayotgan mamlakatlarda sifatli infratuzilmani rivojlantirish uchun investitsiyalarni safarbar qilishdir.

Tashabbus doirasida Qo‘shma Shtatlar grantlar, federal moliyalashtirish va xususiy sektor sarmoyalarini jalb qilish orqali besh yil davomida 200 milliard dollargacha, G7 mamlakatlari esa 600 milliard dollargacha mablag‘ ajratadi. Tashabbusni amalga oshirishda Jahon banki va BlackRock, Brookfield, Global Infrastructure Partners kabi xususiy investitsiya kompaniyalari ishtirok etmoqda.

Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikning keng ko‘lamli dolzarb masalalari, jumladan, investitsiyalar kiritish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha konstruktiv fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida ikki tomonlama munosabatlarning barcha muhokama qilingan yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirishga tayyorlik bildirildi.

Ko‘proq yangiliklar: