Jazoni ijro etish muassasalarida alkotesterdan foydalanish boshlanadi

O‘zbekiston 10:26 / 15.07.2024 3718

“Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi buyruq loyihasi e’lon qilindi.

Manzil-koloniyalarida jazo muddatlarini o‘tayotgan 9603 nafar (9169 nafar erkaklar, 434 nafar ayollar) mahkumlar tomonidan 2023 yilda 371 ta alkogol mahsulotlarni iste’mol qilish bilan bog‘liq qo‘pol tarzda tartibbuzarlik sodir etilgan.

Manzil-koloniyalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar soqchisiz, ammo nazorat ostida saqlanishi, ya’ni muassasa hududida erkin harakatlanishga imkoniyati mavjudligi, shu bilan bir qatorda, ish bilan bog‘liq tarzda muassasa hududidan tashqarida ham bo‘lishlari natijasida ularni nazorat qilish jarayonida qiyinchiliklar yuzaga keltiradi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, manzil-koloniyalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar tomonidan alkogol mahsulotlari, shuningdek tarkibida spirt bo‘lgan boshqa mahsulotlarni iste’mol qilish holatlari faktini tezkorlikda aniqlash maqsadida koloniya faoliyatiga alkotester moslamalarini joriy qilish va normativ-huquqiy hujjatlarda alkotester moslamalaridan foydalanish tartibini belgilash zaruriyati mavjud.

Buyruq loyihasida O‘zbekiston ichki ishlar vazirining 2012 yil 29 dekabrdagi 174-son buyrug‘ini amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiqlashtirish bilan bir qatorda, manzil-koloniyalari navbatchilik qismlariga alkotester vositasini o‘rnatish hamda mazkur muassasalarda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar tomonidan sodir etilayotgan tartibbuzarliklar sonini kamaytirish maqsadi ko‘zlangan.

Ko‘proq yangiliklar: