“O‘zbekiston fuqarolarini xorijda tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi 2024 yil 1 oktyabrdan boshlab Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan:
a) mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimlari yordamchilarining yozma tavsiyanomasiga asosan:
- boquvchisi xorijga mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan va «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan oilalarga bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida bir martalik moddiy yordam;
- mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan, nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga dori-darmon, nogironlik aravachalari, eshitish apparatlari va ortopedik mahsulotlar xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida bir martalik moddiy yordam;
- mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasida ular bilan birga istiqomat qiluvchi pensiya yoshiga yetgan yoki I va II guruh nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriy va profilaktik davolanish muassasalariga bir martalik bepul yo‘llanma;
b) mahallalardagi yoshlar yetakchilarining yozma tavsiyanomasiga asosan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan hamda mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning bolalariga mavsumiy faoliyat yuritadigan oromgohlarga bepul yo‘llanmalar berishni yo‘lga qo‘yadi.
Belgilanishicha, jamg‘arma mablag‘lari hisobidan mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning oila a’zolariga yordam pullari va yo‘llanmalar berishda:
a) yordam pullari va yo‘llanmalar basharti mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolar Xorijda ish dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa beriladi;
b) yordam pullari va yo‘llanmalarni olish uchun talabgorlar Xorijda ish dasturiy majmuasi orqali elektron tarzda murojaat qiladi;
v) Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi:
- talabgorlardan elektron murojaat kelib tushgan vaqtdan boshlab o‘n ish kuni ichida ularning nazarda tutilgan talablarga javob berishini qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olmagan holda idoralararo elektron axborot almashinuvi orqali boshqa vazirlik va idoralardan olingan ma’lumotlar asosida tekshiradi hamda hokim yordamchilari va mahallalardagi yoshlar yetakchilaridan yozma tavsiyanoma oladi;
- nazarda tutilgan talablarga javob beradigan talabgorlarning ro‘yxatini shakllantiradi va har oyning 25-sanasigacha jamg‘armaga taqdim etib boradi.