So‘nggi kunlarda sodir bo‘lgan YTH fonida ayol kishining Equinox mashinasida aholi punktida soatiga 157 km tezlikda harakatlangani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Instagramʼdagi sahifasiga ism-sharifi Madina Shamsutdinova deb yozilgan ayol mashinani Angren shahri Gurum mahallasi ko‘chalarida tez boshqargan va holatni videoga olib Instagramʼdagi sahifasiga joylagan.
Video ostidagi izohlarda Instagram foydalanuvchilari ayolga tanbeh berib, mashinalarning tez yurishi oqibatida bolalar halok bo‘layotganini yozganda u “U bolachalarning taqdiri onasining qornida yozilib bo‘lgan” deb javob bergan.
Ayolning Instagramʼdagi sahifasida mashina boshqarayotib telefondan foydalangani aks etgan videolar ham bor. O‘ylaymizki, tegishli organlar uning bu qoidabuzarliklariga chora ko‘radi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 1 iyul kuni Navoiy viloyati Xatirchi tumanida 2-sinf o‘quvchisi piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotganida uni juda katta tezlikda harakatlangan mashina turtib o‘tib ketadi.
Qizcha piyodalar yo‘lakchasiga yiqilgan paytda uni soatiga 142 km tezlikda ketayotgan BYD mashinasi bosib o‘tib ketadi. Oqibatda, og‘ir tan jarohatlari olgan qizcha voqea joyida halok bo‘lgan.
Xatirchidagi halokat tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi ortidan juda ko‘p faolllar qoidalarni buzib harakatlanadigan, odam bosib o‘ldiradigan haydovchilarga nisatan jazolar keskinlashtirilishi lozimligini aytib chiqishdi. Ayrim blogerlar esa respublika YHXBBni tarqatib yuborish kerakligini ham yozishdi.