G‘arb va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari – qimorda yutqazib MRB josusiga aylangan KGB xodimi kim edi?

Jahon 11:07 / 29.06.2024 14321

1985 yilda MRB xodimi Oldrich Eyms KGB tomoniga o‘tadi va sovet xavfsizlik xizmatiga juda ko‘plab ma’lumotlarni beradi. Oldrich Eymsning KGB bilan hamkorlikni qanday boshlagani haqida turli gaplar yuradi. Ularning biriga ko‘ra 1985 yil aprel oyida Oldrich SSSRning Vashingtondagi elchixonasiga borgan va qo‘riqchiga xat bergan.

Xatda “Men Oldrich Xeyzen Eyms MRBning SSSR va Sharqiy Yevropa bo‘limi boshlig‘i vazifasida ishlayman. Menga 50 ming dollar pul kerak. Bu pul evaziga MRBga xizmat qilayotgan KGBning yuqori lavozimli uch xodimi haqida ma’lumot bermoqchiman», deydi. Elchixonada u bilan xodimlardan biri uchrashadi.

Ertasi kuni Oldrich o‘z boshlig‘i Devid Merfiga sovet elchixonasi xodimlaridan birini MRB tomonga ag‘darish uchun elchixonaga borganini, biroq xodim bilan uchrasha olmay qaytganini ma’lum qiladi.

Boshqa bir talqinga ko‘ra, 1985 yilda Vashingtondagi SSSR elchixonasida xodim niqobi ostida ishlovchi KGB josusi Viktor Cherkashinning xonasidagi telefon jiringlaydi. Go‘shakni ko‘targanida elchixona xodimlaridan biri unga qisqa axborot beradi: “Pastda, kirish eshigining oldida bir odam turibdi. U MRBda ishlashini aytyapti. Uchrashuv so‘rayapti”.

Viktor MRB xodimining elchixonaga kelganini KGB xodimlarini yolg‘on ma’lumotlar bilan “oziqlantirish” uchun navbatdagi urinish deb o‘ylaydi.

Biroq elchixona binosiga kirgan shaxs o‘zini tanishtirganda sovet josusi hayratda qoladi. Hamkorlik qilishini taklif etayotgan shaxs MRBning oddiy xodimi emas, balki SSSR va Sharqiy Yevropa bo‘limi rahbari Oldrich Eyms edi.

O‘shanda KGB Viktorga Oldrichni tekshirib ko‘rishni va ishonchli deb topilsa u bilan aloqa qilib turishni topshiradi. U Oldrichning tarjimai holi bilan tanishganda jiddiy va shubhali hech narsa topolmaydi.

Oldrich bilan ikkinchi uchrashuv 1985 yil 17 may kuni bo‘lib o‘tadi va shunda u MRB bilan hamkorlik qilib kelayotgan bir guruh KGB xodimlari haqida ma’lumot beradi.

Ular orasida KGB tashqi razvedka xizmatidagi “K” bo‘limi xodimi Leonid Poleshchuk ham bor edi.

Tojikistondagi o‘qish va MRB bilan hamkorlik

Leonid Poleshchuk 1938 yilda Chelyabinsk viloyatida, boshqa manbada yozilishicha Ukrainada tug‘iladi.

O‘rta maktabni bitirgach Tojikistonga keladi va Dushanbe pedagogika institutida ingliz tili filologiyasi fakultetida tahsil oladi. O‘qishni bitirgach Dushanbedagi maktablardan birida dars beradi.

1960-yillar boshlarida Leonid KGBga hujjat topshiradi va tashkilotga ishga qabul qilinadi. U bir muddat KGBning Tojikiston boshqarmasida ishlaydi.

1971 yilda Leonidni Nepal poytaxti Katmandu shahriga jo‘natishadi. Bu paytda u uylangan, bir nafar o‘g‘li bor edi.

KGB josusi Nepalda elchixona xodimi niqobi ostida ishlab yurar ekan, Moskvada qolgan xotini tinimsiz maktub yozar va pul so‘rardi. Ana shu paytda Leonid mast qiluvchi ichimliklarga ruju qo‘yadi va Katmandudagi kazinoga borib qimor o‘ynay boshlaydi.

Kunlarning birida Leonid kazinoda amerikalik ayol bilan tanishib qoladi. Ism-sharifi Sendi Grayms bo‘lgan bu ayol MRB xodimi edi. U avvaliga o‘zining MRBda ishlashini Leoniddan yashiradi. Ular o‘rtasida ishqiy o‘yinlar boshlangach keyin AQSh maxfiy xizmati xodimi ekanini aytadi.

Ayol Leonidning holati bilan tanishgach uni yanada ko‘proq xarajat talab qilinadigan joylarga yetaklab bora boshlaydi. Maqsad KGB xodimi moliyaviy tang ahvolga tushsin va yordam so‘rasin. Oxir-oqibat shunday bo‘ladi.

Kunlarning birida Leonid kazinoga boradi va elchixona kassasidan olingan 5 ming rupiyni (300 dollar) yutqazib qo‘yadi. Shundan so‘ng u chorasiz qolib MRBning Nepaldagi bo‘limi boshlig‘i Jon Bellinhemning oldiga boradi va pul evaziga hamkorlik qilishini aytadi.

Jon 1 000 dollar bergach Leonid Nepalda ishlayotgan va Shimoliy Viyetnamga yashirincha qurol yetkazib berish masalasida ishlayotgan ikki nafar KGB xodimining yashash manzilini beradi.

Amerikaliklar o‘sha xodimlarni olib chiqib ketishadi va ular nom-nishonsiz yo‘qolishadi. O‘sha paytda hech kim Leoniddan shubhalanmaydi.

Keyinroq Leonid MRBga Nepalda va Janubiy-Sharqiy Osiyoda ishlayotgan barcha KGB va tashqi razvedka xodimlari haqida ma’lumot beradi. MRB bu xizmati uchun unga har oy 80 ming rupiy (o‘sha paytdagi kursda 5 ming dollar) miqdorida mukofot puli to‘lay boshlaydi.

Bundan tashqari, amerikaliklar Leonidni brilliantlar bilan bezatilgan Shveytsariya soatlari, yapon fotoapparati va boshqa qimmatbaho sovg‘alar bilan siylab turishadi.

1974 yilda Leonidni Moskvaga chaqirishadi. Shunda amerikaliklar unga hamkorlikni davom ettirishni taklif etishadi. Biroq bu juda xavfli bo‘lgani uchun Leonid taklifni rad etadi.

Boshqa bir ma’lumotga ko‘ra Leonid amerikaliklarning taklifiga rozi bo‘ladi va ular KGB josusiga nusxa ko‘chirish uskunasi, ixcham diktofon va magnitafon, fotoapparat uchun plyonkalar berishadi.

MRB bilan keyingi hamkorliklar

Nepalda o‘ziga topshirilgan vazifalarni a’lo darajada bajargani uchun Moskvada Leonidni xursandchilik bilan kutib olishadi. Unga KGB bosh idorasidagi muhim vazifani berishadi.

Shundan so‘ng Leonid amerikaliklar bilan bog‘liq barcha narsalarni yo‘q qiladi va ular bilan aloqani uzadi. MRBdagilar vaziyatni inobatga olib uni bir muddat tinch qo‘yishadi.

1980-yillar boshlarida Leonid Poleshchuk KGBning tashqi kontrrazvedka bilan shug‘ullanuvchi “K” bo‘limiga o‘tkaziladi. 1984 yilda uni Afrika qit’asidagi Nigeriya davlatiga yuborishadi.

O‘sha paytlarda Nigeriyada neft konlari nazoratini qo‘lga kiritishga harakat qilayotgan jangari guruhlar AQSh va SSSRdan yordam olib o‘zaro jang qilayotgan edi. Nigeriyaga borganiga bir yil bo‘lganda Leonid MRB bilan aloqalarni tiklashga qaror qiladi.

U Lagosdagi AQSh elchixonasi joylashgan bino yaqinidagi savdo do‘koniga boradi va jo‘rttaga yiqilib tushadi. So‘ng do‘kon xodimidan elchixona vrachini chaqirib kelishni iltimos qiladi. Vrach kelganda Leonid unga parolni aytadi.

Amerikaliklar uni 10 kun davomida kuzatishadi va shubhali hech narsa aniqlashmaydi. Shundan so‘ng MRBning Nigeriyadagi bo‘limi xodimi Richard Bal Leonid bilan uchrashadi.

Hamkorlik tiklangach MRB xodimi Leonid bilan besh oy ichida yetti marta uchrashadi. KGB xodimi unga Nigeriyada va Afrikaning boshqa davlatlarida ishlayotgan sovet josuslari haqidagi ma’lumotlarni beradi.

1985 yilda Leonid ta’til oladi va Moskvaga qaytish taraddudiga tushadi. Shunda amerikaliklar u bilan Moskvada ham hamkorlik qilish taklifini bildirishadi. Har ehtimolga qarshi unga Kristofer Jonson nomiga olingan AQSh pasportini tayyorlab berishadi.

Qo‘lga tushish

1985 yilda MRB xodimi Oldrich Eyms KGB tomoniga o‘tadi va sovetlarga MRB bilan hamkorlik qilayotgan sovet josuslari, KGB va tashqi razvedka xizmati xodimlari ma’lumot beradi.

Bu paytda Leonid Nigeriyadan Moskvaga qaytayotgan edi. O‘sha kuni KGB xodimlari AQSh elchixonasidan chiqqan mashinani kuzatib borishadi. Mashina Moskva atrofidagi xilvat joyda to‘xtaydi va elchixona niqobi ostidagi MRB josusi pana joyga nimadir yashiradi.

Ular ketgandan so‘ng KGB xodimlari yashirilgan qutini topishadi. U yerda 20 ming rubl va Leonidga ko‘rsatmalar yozilgan qog‘oz bor edi. KGB xodimlari qutini o‘rniga qo‘yishadi va atrofni kuzatuvga olishadi.

1985 yil 2 avgust kuni mast holda bo‘lgan Leonid quti yashirilgan joyga kelib uni olayotganda qo‘lga tushadi. Avvaliga u barchasini inkor qiladi. Biroq tergovda o‘zini MRB xodimi Oldrich sotganini bilgandan so‘ng barchasini tan oladi.

KGB olib borgan tergov qariyb bir yil davom etadi. 1986 yil 12 iyun kuni sud Leonidni davlatga xiyonat qilganlikda aybdor deb topadi va oliy jazo – o‘limga hukm qiladi.

Oldrich tutib bergan boshqa shaxslar

Umumiy hisobda Oldrich KGB bilan 9 yil (SSSR parchalanguncha 6 yil, Rossiya mustaqil bo‘lgach 3 yil) hamkorlik qiladi. U shu davr mobaynida MRB foydasiga ishlab kelayotgan 12 nafar (boshqa manbalarda 25, hatto 40 nafargacha ham deyilgan) KGB va FSB xodimlarini ushlab beradi.

Bulardan eng taniqlilari:

Dmitriy Polyakov – SSSR tashqi razvedka xizmati general-mayori Polyakov MRB bilan hamkorlikni 1960-yillarda boshlagan. Polyakov bergan ma’lumotlar asosida MRB KGBning AQSh, Yevropa va Osiyodagi ko‘plab josuslarini fosh qilib, qo‘lga tushirgan. Oldrich bergan ma’lumot ortidan 1986 yilda hibsga olingan. 1988 yilda o‘lim jazosi berilgan.

Gennadiy Smetanin – SSSR tashqi razvedka xizmati polkovnigi. MRB Smetanin bilan hamkorlikni 1983 yilda boshlagan. KGB va Tashqi razvedka xizmatining maxfiy ma’lumotlar bazalariga bemalol kira olgan bu shaxs MRBga juda ko‘p maxfiy ma’lumotlarni bergan edi. Aynan Smetaninning ma’lumotlari asosida dunyoning turli burchaklarida KGB josuslari fosh etilgan. 1985 yilda ushlangan. 1986 yilda o‘lim jazosiga hukm qilingan.

Aleksey Kulak – KGB polkovnigi. Oldrichning ma’lumotiga ko‘ra, Kulak 1984 yil vafotigacha MRB bilan hamkorlik qilgan.

Vladimir Piguzov – KGB polkovnigi. 1985 yilda hibsga olingan. 1986 yilda o‘lim jazosiga hukm qilingan.

Valeriy Martinov – KGB podpolkovnigi. Martinov MRB bilan hamkorlikni 1980 yilda boshlagan. U SSSR tashqi razvedka xizmatining Vashingtondagi bo‘limida xizmat qilgan. Martinov MRBga asosan SSSRning aerokosmik va energetik sohalaridagi maxfiy ma’lumotlarni bergan. 1986 yilda hibsga olingan. 1986 yilda o‘lim jazosiga hukm qilingan.

Sergey Motorin – KGB podpolkovnigi. Motorin SSSRning AQShdagi elchixonasi xodimi niqobi ostida Vashingtonda ishlagan. Pul evaziga MRBga turli maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilib kelgan. 1986 yilda hibsga olingan. 1987 yilda o‘lim jazosi berilgan.

Boris Yujin – KGB podpolkovnigi. 1985 yilda hibsga olingan. 1986 yilda 15 yilga qamalgan. 1992 yilda Rossiya prezidenti Yelsin tomonidan afv etilgan. Ozod bo‘lganidan so‘ng oilasi bilan AQShga ko‘chib ketgan.

Gennadiy Varenik – KGB podpolkovnigi. 1985 yilda G‘arbiy Berlinda xizmatda yurgan chog‘ida hibsga olingan. Moskvaga olib kelinib sud qilingan va o‘lim jazosi berilgan. 1987 yilda otib tashlangan.

Sergey Voronsov – KGB mayori. 1985 yilda hibsga olingan. 1986 yilda o‘lim jazosi berilgan.

Foreign Policy jurnalida yozilishicha, Oldrich BMTda yadro qurollari bo‘yicha sovet delegatsiyasi safida ishlagan Sergey Federenkoni ham MRB bilan hamkorlik qilishda ayblagan.

Biroq bu ayblov o‘sha vaqtda o‘z isbotini topmagan. Keyinchalik Federenko doimiy yashash uchun AQShga ko‘chib ketadi va Oldrichning ayblovida qisman jon borligi ma’lum bo‘ladi.

Oldrichning qo‘lga tushishi

SSSR tarqab ketgandan so‘ng Moskvadagi hamkorlari Oldrichga Rossiyaga ko‘chib kelishni taklif etishadi. Biroq u ko‘nmaydi va KGB bilan hamkorlikni davom ettiradi. (FSB 1995 yilda tashkil etilgan.)

1986 yilda SSSRdagi hamkorlar haqidagi ma’lumotlarni KGBga sotgan xodimni aniqlash uchun tashkilotda maxsus guruh tashkil etiladi. Biroq ular bir necha yil “sotqin” kimligini aniqlay olishmaydi.

Biroq keyinchalik rossiyaliklardan olgan pullari evaziga hashamatli hayot kechirayotgan Oldrich MRBda shubha uyg‘otadi va uni kuzata boshlashadi. Ko‘p o‘tmay uning KGB bilan hamkorlik qilayotgani tasdiqlanadi.

1994 yilda Oldrich va Mariyani Vashington shahar chetida joylashgan uyida hibsga olishadi. Oldrich qo‘lga tushganidan so‘ng AQSh va Rossiya o‘rtasida kichik mojaro yuz beradi.

MRBning yuqori lavozimli xodimi Moskvaga borib Oldrich bilan hamkorlik haqidagi barcha ma’lumotlarni so‘rashadi. KGB rad etadi. Shundan so‘ng bir muddat Rossiyaga ko‘rsatilayotgan moddiy yordam to‘xtatib qo‘yiladi.

Ko‘p o‘tmay MRB rahbari Jyeyms Vulsi iste’foga chiqadi. Oldrich bilan sodir bo‘lgan hodisa prezident Klintongacha yetib boradi. U 1994 yilda Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi xodimi niqobi ostida josuslik qilib kelayotgan Aleksandr Lisenkoni AQShdan chiqarib yuborish haqidagi qarorni imzolaydi.

Moskva ham qarab turmaydi. Bunga javoban rossiyaliklar AQShning Moskvadagi elchixonasi xodimi niqobi ostida josuslik qilib kelgan Jyeyms Morrisni Rossiyadan chiqarib yuboradi.

Oldrich va uning xotini qo‘lga olingandan so‘ng ularga bir nechta moddalar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atiladi. Ularning ikkalasi ham o‘z ayblarini tan olishadi va KGB bilan hamkorlik haqidagi barcha ma’lumotlarni MRBga topshirishadi.

Ana shunda aynan Oldrich KGBga bergan ma’lumotlar tufayli MRBning dunyo bo‘ylab 100 dan oshiq maxsus operatsiyalari barbod bo‘lgani oydinlashadi.

1994 yilda Mariya Eymsga 5 yil qamoq jazosi berishadi. Oldrich esa umrbod qamoq jazosini oladi. Oilaning mol-mulki musodara qilinadi.

Ko‘p o‘tmay Mariya Eyms jazoni o‘tab ozodlikka chiqadi. Oldrich avvaliga Pensilvaniya shtatidagi qattiq rejimli Allenvud qamoqxonasida saqlangan. Hozir u Indiana shtatidagi qattiq rejimli Terre-Xot qamoqxonasida jazo muddatini o‘tayapti.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: