Jahon | 20:10 / 06.03.2025
5271
3 daqiqa o‘qiladi

MRB oxirgi ikki yilda yollangan xodimlarini ishdan bo‘shatdi. Ularni o‘qitishga millionlab dollar sarflangan

NYT manbalarining ta’kidlashicha, ayrim ofitserlar Markaziy razvedka boshqarmasi shtab-kvartirasidan uzoqroq joyga taklif qilingan va ulardan o‘z guvohnomalarini topshirish so‘ralgan.

Foto: Getty images

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi rahbariyati oxirgi ikki yil ichida yollangan ayrim yangi xodimlarini ishdan bo‘shatdi, deb xabar bermoqda The New York Times.

Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, ayrim ofitserlar MRBning Lenglidagi shtab-kvartirasidan uzoqroq joyga taklif qilingan va ulardan o‘z guvohnomalarini xavfsizlik xizmati xodimlariga topshirish so‘ralgan. «Ofitserlarga ular nima sababdan chaqirilayotgani borasida tushuntirish berilmagan, ammo AQSh hukumatida amalga oshirilayotgan ishdan bo‘shatishlar sabab ko‘pchilik bunga shubha bildirmagan», — deb yozadi gazeta.

NYT manbalarining qayd etishicha, yaqinda yollangan xodimlarning barchasi ham ishdan bo‘shatilmagan. Shuningdek, qisqartirishlar Xitoy yoki Meksika narkokartellari to‘g‘risida ma’lumot to‘plovchi xodimlarga ta’sir ko‘rsatmagan.

Ta’kidlanishicha, asosan sinov muddatida bo‘lgan xodimlar ishdan bo‘shatilgan. MRBda sinov muddati davomiyligi to‘rt yilni tashkil etadi. MRB ofitserlarning dastlabki ikki yillik faoliyati bu — intensiv tayyorgarlik vaqti bo‘lib, ular «josuslik kasbi, til va boshqa ko‘nikmalarni o‘rganadi». «Sinov muddatidan o‘tayotgan ayrim xodimlarga tom ma’noda millionlab dollar sarflanadi», — deydi ishdan bo‘shatilgan ofitserlar manfaatlarini himoya qilayotgan advokat Kevin Kerroll.

MRB matbuot kotibining ma’lum qilishicha, boshqarma oxirgi ikki yilda yollangan xodimlar «yuqori xavf bilan bog‘liq tez o‘zgarayotgan vaziyatni qanday uddalayotganini» tekshirmoqda. Gazeta manbalariga ko‘ra, ishdan bo‘shatish vaqtida xodimlarning ishda erishgan natijalari baholangan.

MRB xodimlarini ishdan bo‘shatish sud agentlik dikektori Jon Retkliffga xodimlarni o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shatishga ruxsat berganidan bir necha kun o‘tib boshlandi. Sud bu kabi qarorni Jo Bayden ma’muriyatida odamlarni og‘dirib olish bilan shug‘ullangan xodimlarning da’vosidan keyin qabul qildi. Sobiq xodimlarning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi agentlar MRBning eng muvaffaqiyatli xodimlaridir, ammo endi ushbu agentlar ham, ular tomonidan yollangan ofitserlarga ham ishsizlik tahdid solmoqda.

Mavzuga oid