Amir Temur haqida risola yozib Sovet tuzumi tazyiqi ostida qolgan o‘zbek olimi – Ibrohim Mo‘minov
1968 yilda akademik Ibrohim Mo‘minovning Amir Temur haqidagi risolasi nashr etiladi. O‘sha paytda olim O‘zbek sovet ensiklopediyasining bosh muharriri sifatida ishlab, uni nashrga tayyorlash ishlariga bosh-qosh edi. Risola chop etilgach olimga nisbatan tazyiqlar boshlanadi. Ko‘p o‘tmay uni ensiklopediya bosh muharrirligidan bo‘shatishadi. Oradan 6 yil o‘tgach olim 65 yoshida vafot etadi.

Foto: Kun.uz
Sovet tuzumning eng katta adolatsizligi shunda ediki, boshqa millatlarning, masalan o‘zbeklarning tarixi, milliy qahramonlari va qadriyatlari haqida tadqiqot o‘tkazish yoki oddiy qilib yozish ham mumkin emasdi. Ammo rus xalqining “buyuk o‘tmishi” va qahramonlarini tinmay ulug‘lasa bo‘lardi. Bu uchun hatto mukofotlar ham berishardi.
Uzoqqa bormaylik, Amir Temur, uning farzandlari va boshqa tarixiy shaxslarning hayotini xolis o‘rganish qat’iyan taqiqlangan tuzumda Petr I haqida bemalol tadqiqotlar o‘tkazish, uni ko‘kka ko‘tarib, maqtab roman yozish mumkin edi.
Sovet tuzumining noxolis siyosati Stalin vafotidan keyin ham davom etadi. 1960-yillarda ham o‘zbek bo‘ladimi yoki boshqa millat vakili, o‘z tarixi va milliy qahramonlari haqida hech narsa yoza olmasdi.
Yo‘q, yozish mumkin edi. Faqat Moskva xohlaganday qilib o‘z ajdodlarini yomonlab, tarixiy shaxslarni salbiy bo‘yoqlarda tasvirlab yozish mumkin edi. Xolis yoki maqtab yozish mutlaqo mumkin emasdi. Mabodo kimdir “o‘zboshimchalik” bilan shu ishni qilsa, o‘sha odam kimligidan qat’i nazar sovetlar tayziqi ostida qolardi.
Ana shunday ishlardan biri o‘zbek akademik olimi, 1960-yillarning ikkinchi yarmida O‘zbek sovet ensiklopediyasi bosh muharriri bo‘lgan, O‘zbekistonda tarix va falsafa ilmida juda katta ishlar qilgan Ibrohim Mo‘minov bilan sodir bo‘ladi.
Olim 1968 yilda “Amir Temurning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roli” nomli risola yozib chop ettiradi va sovet tuzumining tazyiqlari ostida qoladi. Ko‘p o‘tmay uni ensiklopediya bosh muharrirligidan bo‘shatishadi. Olim uchun sinovli kunlar boshlanadi. Oxir-oqibat Ibrohim Mo‘minov vafot etadi.
Ha, tuzum Amir Temur haqida bor-yo‘g‘i risola yozgan va hatto xorijiy davlatlarda ham taniqli bo‘lgan olimning bevaqt o‘limiga sabab bo‘ladi.
Ibrohim Mo‘minov 1908 yil 7 noyabr kuni Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tug‘iladi. Maktabdan so‘ng u Buxorodagi institutda o‘qiydi. 1925 yildan maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. 1931 yilda Samarqanddagi O‘zbekiston Pedagogika akademiyasining tarix-falsafa yo‘nalishini tugatadi. Samarqand davlat universitetining tashkil etilishida faol ishtirok etadi, bir necha yil shu oliygohda turli vazifalarda ishlaydi.
Ibrohim Mo‘minov 1943 yilda O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasini tashkil etishda ishtirok etadi va uning muxbir a’zosi etib saylanadi. Doktorlik dissertatsiyasini Moskvada Falsafa institutida himoya qiladi va Samarqandga qaytib 1955 yilgacha SamDUda falsafa kafedrasi mudiri sifatida ishlaydi.
Olim 1955—1956-yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix va arxeologiya instituti direktori bo‘ladi. 1956 yilda akademik bo‘ladi va Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti etib saylanadi. U bu vazifada vafotigacha ishlaydi.
Ibrohim Mo‘minov 1958-1959 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Falsafa va huquq institutining tashkilotchisi va birinchi direktori bo‘ladi.
U O‘zbekistonda juda ko‘plab tadbirlarni o‘tkazishda jonbozlik ko‘rsatadi. Jumladan, 1957-yilda Toshkentda o‘tkazilgan Sharqshunoslarning birinchi Butunittifoq konferensiyasining asosiy tashkilotchisi bo‘ladi.
Uning tashabbusi bilan 1970 yilda Samarqandning 2500 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkaziladi. Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti tashkil etiladi.
Ibrohim Mo‘minov ilmiy ishlar bilan ham jiddiy shug‘ullanadi. Uning boshchiligida “Samarqand tarixi” nomi bilan 2 jildlik kitob tayyorlanib, nashr etiladi.
Ibrohim Mo‘minov ko‘p vaqtini taniqli tarixiy shaxslarning hayoti va merosini o‘rganishga sarflaydi. U Alisher Navoiy, Mirzo Bedil, Bobur, Jomiy, Ali Qushchining ijodini o‘rganadi va ular haqida maqolalar yozadi.
Jumladan, olim 1958 yilda O‘zbekistonda Bobur tavalludining 475 yilligiga bag‘ishlangan birinchi ilmiy anjumanni o‘tkazadi. 1960-yillardan boshlab olim temuriylar merosini o‘rganishga ko‘proq e’tibor bera boshlaydi.
1968 yil fevral oyida Ibrohim Mo‘minov tashabbusi bilan O‘zbekistonda Alisher Navoiy tavalludining 525 yilligi keng nishonlanadi (Navoiyning 525 yilligi 1966 yilga to‘g‘ri kelgan, biroq sovet hukumatidan ruxsat olish cho‘zilib ketgani uchun xalqaro tadbir 1968 yilda o‘tkazilgan).
Ibrohim Mo‘minov Amir Temur haqidagi risola bilan cheklanib qolmaydi va 1968 yilda N.Ostroumov so‘zboshi bilan “Temur tuzuklari”ning faksimil nashrini chop ettiradi.
Shuningdek, 1969 yil aprel oyida olimning tashabbusi bilan Toshkentda Mirzo Ulug‘bek tavalludining 575 yilligiga bag‘ishlangan yubiley ilmiy konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, o‘sha yili sentabrda Samarqandda temuriylar davri san’ati bo‘yicha YuNeSKO xalqaro simpoziumi tashkil etiladi.
1960-yillargacha O‘zbekistonda milliy ensiklopediya bo‘lmagan. Aynan olim va uning shogirdlarining sa’y-harakatlari bilan 1967 yilda O‘zbek sovet ensiklopediyasini tuzish va chop etish bo‘yicha Moskvadan ruxsatnoma olinadi.
Ibrohim Mo‘minovning shogirdi, taniqli olim G‘aybulloh as-Salom (G‘aybulla Salomov) “Ezgulikka bog‘lan, odamzod” nomli kitobida o‘sha hodisani quyidagicha eslaydi:
“O‘zbek Qomusini tashkil etish borasidagi surunkali firibgarliklardan so‘ng nihoyat 1967 yilda Maskov safarida taqdir bizga kulib boqdi. 120 shtat, har biri yuz bosma taboqdan 14 jildning barcha matbaa-nashriyot sarf-xarajatlari-yu katta maosh bilan ta’minlangan farmoni oliyshon, mana qo‘limda turibdi. “Hey badbin afandilar, ko‘ryapsizmi, mana O‘rta Osiyoda birinchi Qomus”, deb telbalarcha qichqirgim kelardi. Men uchun kaftdagi quyosh edi bu”.
G‘aybullo as-Salomning eslashicha, o‘shanda O‘zbek Qomusini ayrim millatdosh chala olimlar rus tilida chop etishni taklif etishgan. Biroq Rijov degan akademik bu taklifni rad etgan.
«O‘zbek Qomusi» tahririyati bosh muharriri etib, Ibrohim Mo‘minov tayinlanadi. Shunda olim Markaziy Osiyodan chiqqan juda ko‘plab buyuk kishilarni “A” harfiga joylashga harakat qilgan. Chunki sovet siyosatiga ishonch yo‘q, istalgan paytda qomus ishi to‘xtatib qo‘yilishi ham mumkin edi.
1968 yilda Amir Temur haqida risola yozgan olim Qomus uchun sohibqiron haqida bir bosma taboq ma’lumot yozadi. Biroq Amir Temurni “A” harfiga kiritishga ruxsat berilmaydi.
Shu tariqa Amir Temur haqidagi ma’lumotlarni Qomusning dastlabki tomlariga joylab bo‘lmaydi. Keyinchalik sohibqiron haqidagi ma’lumotlar “ Temur ibn Tarog‘ay Bahodir” nomi bilan 11-tomda “T” harfi bo‘yicha berilgan ma’lumotlar orasiga qo‘yiladi.
Birinchi tomda esa “Amir Temur (1336-1405) – temuriylar imperiyasi nomi bilan mashhur bo‘lgan feodal davlat asoschisi. (Qaralsin: Temur ibn Tarog‘ay Bahodir) deb havola beriladi xolos.
“Qizil imperiya” olimning o‘limidan so‘ng, 1978 yilda Amir Temur haqidagi u yozgan bir bosma taboq ma’lumotning 80 foizini kesib tashlab, bor-yo‘g‘i 20 foizini qoldiradi. Bu bilan cheklanmay Ibrohim Mo‘minov yozgan maqolani o‘zgartirib, Amir Temurni “vahshiy, qotil” deb ta’riflashadi.
G‘aybulloh as-Salom shunday yozadi:
“(Qomusning) 11-tomda yozilgan: Temur, Amir Temur, Temurlang... – O‘rta Osiyodagi yirik feodal davlat arbobi, sarkarda. Otasi Tarog‘ay barlos qabilasi zodagonlaridan. Temurning o‘ng qo‘li va o‘ng oyog‘i mayib bo‘lgan, oqsoqlangan. Forscha “Temurlang” (Yevropada “Temerlan”, ya’ni “Oqsoq Temur” degan nom shundan kelib chiqqan.
Darhaqiqat, maqolaning “bismillo”sidanoq uning “bebismillo” yozilganini payqash uchun uncha katta zehn-farosat kerak emas. Buning ustiga, betavfiq olim M.Gerasimovning Temur bosh suyagi asosida ishlagan g‘irt soxta byust-tasviri ilova qilinganki, bu Amir Temurga ham, u orqali nomini jahon maydoniga olib chiqqan o‘zbek xalqiga ham, ardoqli olimimiz Ibrohim Mo‘min xotirasiga ham haqoratdan boshqa narsa emasdi. Domlaning o‘z og‘zidan eshitganman: Gerasimov to‘qigan surat Sohibqironning nuroniy, serfayz siymosiga qo‘pol tuhmat”.
1968 yil iyul oyida Ibrohim Mo‘minovning “O‘rta Osiyo tarixida Amir Temurning o‘rni va roli” nomli risolasi chop etiladi. O‘sha paytda sovet tuzumining tarix kitoblarida, darsliklarda Amir Temur bosqinchi deb atalib qoralanardi.
Olim esa bunday qilmaydi va Amir Temurning Markaziy Osiyoda tutgan o‘rni va mintaqa uchun qilgan xizmatlarini xolis sanab o‘tadi.
G‘aybullo as-Salomning eslashicha, Ibrohim Mo‘minov Amir Temur haqida risola yoki ilmiy maqola yozib berishni avvaliga shogirdlaridan, hamkasblaridan so‘ragan. Hech kim botina olmagach bu ishga o‘zi qo‘l urgan.
G‘aybulloh as-Salom o‘sha hodisalarni eslab shunday yozadi:
“Bir gal olim Hamid Ziyoyevni huzuriga chorlab hazrat Sohibqiron haqida tarixchi olimlarimizdan biron kishi xolis ilmiy maqola yoki risola yozib bersin deb topshiriq beribdi. Bir haftadan keyin ma’lum bo‘ladiki, hech kim rozi emas. Tarixchilar bu ishni og‘izga cho‘g‘ solish bilan barobar deb tushunadi. Chunki bunga jur’at etgan kishining bo‘yniga qizil “tavqi la’nat” ilinishi muqarrar edi. Shundan so‘ng domlaning o‘zi bu o‘ta qaltis ishga kirishadi. Natijada ko‘p o‘tmay olimning qalamiga mansub “O‘rta Osiyo tarixida Amir Temurning o‘rni va roli” risolasi o‘zbek va rus tillarida chop etiladi. Asarning mazmuni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi rayosatining 1968 yil 5 mayda o‘tkazilgan yig‘ilishida muhokamaga qo‘yiladi. Ibrohim Mo‘min o‘shanda cho‘g‘ni birovlarning qo‘li bilan emas, balki o‘z qo‘li bilan ushlagan. Zotan, Sohibqiron timsoli halol, jasur, pokiza bir insonni o‘zining butun ongli hayoti davomida o‘rtar, mash’ala bo‘lib yondirar, qalbini tilka pora qilar edi. Bu dard uning yuragida 1968 yilga kelib nogahonda paydo bo‘lgan emas. Bir necha o‘n yillar davomida tomir otib kelgan. Sohibqiron xotirasiga shovinistik xusumat unga tinchlik bermagan”.
O‘shanda muhokama chog‘ida ham, undan keyin ham Ibrohim Mo‘minovga tanqid toshlari otiladi. Davriy matbuotda uni bosqinchini ideallashtirganlikda ayblab chiqishadi. Biroq olim tanqidlarga e’tibor bermay o‘z yo‘lida davom etadi.
Ayrim tarixchilarning tanqidiga qaramay, akademik Yahyo G‘ulomov moskvalik tarixchilar guruhi ko‘magida risoladagi ayrim ma’lumotlarni Sovet tarixiy ensiklopediyasida Temur haqidagi maqolasiga kiritadi.
Amir Temur haqidagi risola tufayli tazyiqqa uchragan paytda Ibrohim Mo‘minov 60 yoshda bo‘lgan. Shundan so‘ng u zug‘umlarlarga qaramasdan o‘z yo‘lida sobitqadam turib, rejalashtirgan ishlarini bajarishda davom etadi.
Biroq olim 1974 yilning 22 iyulida 65 yoshida vafot etadi. Zamondoshlarning xotirlashlaricha, olim Amir Temur haqidagi risola chop etilgandan so‘ng kuchli tazyiqlarga duch kelgan va bu uning vafotigacha davom etgan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid

17:23 / 01.03.2025
Urush nega boshlangandi: Putin NATOdan qo‘rqyaptimi yoki SSSRni tiklash harakatidami?

10:51 / 28.02.2025
Havoga sovurilgan pullar - sovetlarning o‘zini oqlamagan yana bir loyihasi

20:00 / 27.02.2025
“O‘zbekfilm” yoki “Basmachfilm” – sovet davri targ‘iboti qanday olib borilgan?

11:03 / 17.02.2025