«Uchinchi qo‘shni» konsepsiyasi – avtoritar davlatlar qurshovidagi Mo‘g‘uliston teng hamkor izlamoqda

O‘zbekiston 11:27 / 24.06.2024 16220

Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘lib turibdi. Bu davlatning biror rahbari respublikamizga davlat tashrifini amalga oshirmagandi, O‘zbekiston prezidentlari ham Mo‘g‘ulistonga bormagan. Sovuq urush davrida sovet ittifoqining jiddiy ta’sirida bo‘lgan Mo‘g‘uliston 1991 yilgi parchalanishdan so‘ng siyosiy tizimni deyarli butunlay o‘zgartirishga qaror qilgan. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov ushbu davlatning iqtisodiy imkoniyatlari yuqori deb hisoblaydi. Lekin aholi soni nihoyatda kamligi, ikki chegaradosh gigant davlatlar – Xitoy va Rossiya ta’siridan davlatchilikni asrash uchun Ulan-Batorga uchinchi hamkor kerak.

Mo‘g‘uliston geografik va geostrategik jihatdan unikal davlat. Ya’ni mamlakat ikki yirik kuch – Rossiya va Xitoyning o‘rtasida joylashgan. Aynan shu omil Mo‘g‘uliston davlatchiligini xavf ostida ham qoldiradi. 

Bundan tashqari, bu davlat to‘g‘ridan-to‘g‘ri dengizga chiqa olmaydi. Mo‘g‘uliston uzoq yillar Sovet ittifoqining ta’siri ostida bo‘lib, unga xuddi ittifoqning 16-respublikasidek munosabat bo‘lgan. Biroq 1991 yilgi sovet tizimining qulashi mo‘g‘ul faollarini harakatga keltirgan va ta’sirlantirgan. Xususan, o‘sha yillarda tinch demokratik inqilob o‘tkazilib, marksistik – lenincha Mo‘g‘uliston xalq inqilobiy partiyasi tugatilgan. O‘rniga esa demokratik Mo‘g‘ul xalq partiyasi tuziladi. 1992 yilda qabul qilingan konstitutsiyaga muvofiq, davlat nomidan “Xalq Respublikasi” jumlasi ham olib tashlanadi. 

Mo‘g‘ulistonning iqtisodiy potensiali yuqori bo‘lsa-da, ayni damda cheklangan. YaIM bor-yo‘g‘i 18,7 mlrd dollar. Aholi juda kamligi ortidan jon boshiga 5 348 dollardan to‘g‘ri keladi. Asosiy savdo sheriklar ham – Rossiya va Xitoy. Eksportning 78 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Davlat shakli respublika va prezident mutlaq huquqlarga ega emas. Ya’ni, Mo‘g‘uliston Prezidentlik-vakillik respublikasi hisoblanadi. Oxirgi yillarda qator vakolatlar prezidentdan bosh vazirga o‘tkazilgan. 

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov fikricha, Mo‘g‘ulistonni demokratik davlat desa bo‘ladi. Chunki muxolifat bor, jamoatchilik institutlari erkin va faol. Prezident tez-tez almashib turadi. 

“O‘zbekistondan uch baravar katta Mo‘g‘ulistonning aholisi nihoyatda kam. Toshkent viloyati va shahri aholisi unikidan ko‘proq. Mo‘g‘uliston mintaqadagi anomal davlat. Chunki u demokratik davlat, hokimiyat va prezident soat millaridek almashib turadi. Parlamentda siyosiy plyuralizm kuchli. Avtoritar davlatlar qurshovida qolgan Mongoliya demokratik respublika hisoblanadi. Shuning uchun ham tashqi siyosatda “Uchinchi qo‘shni” konsepsiyasi nihoyatda kuchli. Bugungi kunda Mongoliya Rossiya yoki Xitoy tomonidan yutilib ketmasligi uchun “Uchinchi qo‘shni” konsepsiyasini amalga oshirishga harakat qiladi. Ya’ni bevosita chegaradosh bo‘lmagan davlatlar bilan iqtisodiy-siyosiy, geosiyosiy munosabatlarni rivojlantirish ortidan Xitoy va Rossiyani tiyib turish – Ulan-Batorning asosiy prioritetlaridan”,-deydi Rabbimov. 

Ko‘proq yangiliklar: