Mo‘g‘uliston havo ifloslanishini kamaytirish uchun «ko‘k ko‘mir» ishlab chiqaradi

Jahon 22:04 / 23.12.2024 1972

Mo‘g‘uliston havo ifloslanishini kamaytirish uchun qo‘ng‘ir ko‘mirni kam emissiyali «ko‘k ko‘mirga» aylantiradi. Xitoy kompaniyalari texnologiyani joriy etishda yordam bermoqda.

2024-2028 yillarga mo‘ljallangan hukumat harakat dasturi va 14 ta megaloyihada «Ko‘mir-kimyo kompleksini tashkil etish» ko‘zda tutilgan.

Poytaxt Ulan-Batordagi havo ifloslanishini kamaytirish bo‘yicha harakatlar va ishlar dasturi doirasida Baganur qo‘ng‘ir ko‘mir konida past haroratda qayta ishlanadigan ko‘mir piroliz zavodi quriladi. Bu esa ko‘mir xomashyosi tarkibidagi zaharli birikmalar miqdorini kamaytirish imkonini beradi va undan kam emissiyali «ko‘k ko‘mir» ishlab chiqariladi. Hukumat ushbu zavod qurilishini 2025 yilning ikkinchi choragida boshlashga qaror qilgan.

Baganur konida yiliga 3 million tonna xomashyo qazib olinadi. Bu Mo‘g‘uliston poytaxti va markaziy mintaqasining energiyaga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondiradigan yirik ko‘mir konidir.

Mo‘g‘uliston poytaxtida aholi qishda uylarini isitish uchun ko‘mirdan foydalandi. Shu sababli Ulan-Batorni quyuq dud qoplaydi va havoning yuqori darajadagi ifloslanishi qayd etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: