Donald Tramp AQSh Oliy sudini TikTokʼning bloklanishini kechiktirishga chaqirdi

Jahon 23:24 / 28.12.2024 1720

AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp Xitoyning TikTok ijtimoiy tarmog‘iga nisbatan e’tirozlarni siyosiy yo‘l bilan hal etish niyatida. U mamlakat Oliy sudini ijtimoiy tarmoqning AQShda taqiqlanishiga oid qonunni to‘xtatib turishga chaqirdi.

«U [Tramp] hurmat bilan sudni 2025 yil 19 yanvarda kuchga kiradigan qonunni to‘xtatib turishga chaqiradi. Bu yangi administratsiyaga ushbu jarayon bo‘yicha muammolarni siyosiy yo‘l bilan hal etish imkonini beradi», — deyiladi Trampning advokati Jon Sauerning bayonotida. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp ijtimoiy tarmoq bahsida hech bir tomonning pozitsiyasini egallamagan.

TikTok Xitoyning ByteDance kompaniyasiga tegishli. Aprelda prezident Jo Bayden ijtimoiy tarmoqning bloklanishini ta’minlaydigan qonunni imzolagan edi. O‘z navbatida Tramp ijtimoiy tarmoqqa nisbatan «yaxshi munosabatda» ekanini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, TikTokʼning yosh foydalanuvchilari ovozi unga saylovda g‘alaba qozonishiga yordam bergan. 2020 yilgi prezidentlik davrida Trampning o‘zi TikTokʼka nisbatan sanksiyalar qo‘llash tashabbusi bilan chiqqan edi.

Avvalroq AQSh Federal apellyatsiya sudi Xitoyning ByteDance kompaniyasi zimmasiga 2025 yil 19 yanvarga qadar TikTok platformasini sotish majburiyatini yuklagandi. Aks holda platforma AQSh hududida bloklanadi. ByteDance’ning apellyatsiya da’vosida qisqa videolar servisiga qo‘yilayotgan taqiq AQSh konstitutsiyasining so‘z erkinligi to‘g‘risidagi birinchi tuzatishini buzayotganini qayd etgan. Ammo sud ushbu asosga qo‘shilmagan.

Shuningdek, Kanada ham TikTok videoservisidan milliy xavfsizlik nuqtayi nazaridan mamlakatdagi TikTok Technology Canada Inc bo‘linmasi faoliyatini to‘xtatishni talab qilgan. Shu bilan birga, Kanada hukumati TikTok ilovasi ishini bloklash niyatida emas: undan foydalanish bo‘yicha qarorni foydalanuvchilarning o‘zlari qabul qilishi kerak.

Ko‘proq yangiliklar: