Ukrainada Rheinmetall va «Ukroboronoprom»ning birinchi sexi ochildi

Jahon 13:37 / 11.06.2024 2818

Ukrainada «Ukrainskaya oboronnaya promyshlennost» davlat kompaniyasi (sobiq «Ukroboronprom») va Germaniyaning Rheinmetall konsernining zirhli transport vositalarini ta’mirlash va ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi qo‘shma sexi ochildi. Bu haqda 10 iyun, dushanba kuni kechqurun Ukraina strategik sanoat vaziri Aleksandr Kamishin ma’lum qildi

«Hozirda bu xorij texnikasini tezda ta’mirlash va shunga mos ravishda uni tezroq frontga qaytarish imkonini beradi, kelajakda bu yerda zirhli texnikaning yangi modellari ishlab chiqariladi», — deyiladi uning Telegram’dagi postida. Kamishinning so‘zlariga ko‘ra, «ukrainalik mutaxassislar sexda Germaniyadan kelgan hamkasblar texnik nazorati ostida ishlaydi», «soliqlar Ukrainada to‘lanadi». 

O‘z navbatida, Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Dmitriy Klimenkov «Ukrainskaya oboronnaya promyshlennost» va Rheinmetall birinchi qo‘shma sexining ochilishi Ukraina mudofaa salohiyatini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. «Bu bizga nemis texnikasini to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukraina hududida tezkor ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatishni ta’minlash imkonini beradi, bu esa Qurolli kuchlarimiz samaradorligini sezilarli darajada oshiradi», — deya uning so‘zlarini keltiradi «RBK-Ukraina» internet-nashri. 

«Ukroboronprom» va Rheinmetall o‘rtasidagi hamkorlik 

2023 yil iyul oyida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Rheinmetall kompaniyasining Ukrainada ishlab chiqarishni ochish rejalarini sharhlar ekan, quyidagicha fikr bildirdi: «Agar bunday zavod qurilsa, Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari uchun Ukraina mudofaa kompleksining boshqa obektlari qatoridagi qonuniy nishon bo‘ladi».

Ushbu tanqidlarga qaramay, 2023 yil oktyabr oyida Rheinmetall Kiyevda Ukrainaning «Ukrainskaya oboronnaya promyshlennost» davlat kompaniyasi bilan qo‘shma korxona - Rheinmetall Ukrainian Defense Industry MChJga asos soldi.

2024 yil fevralidagi holat bo‘yicha, Rheinmetall matbuot xizmatiga ko‘ra, Ukrainadagi korxonalar qo‘shma maydonchasida jangovar mashinalarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash ishlari olib borilgan. «Ikkinchi bosqichda Ukrainada Fuchs zirhli transport vositalari, Lynx piyoda jangovar mashinalari va Panther jangovar tanklari ishlab chiqariladi. Maqsad – mamlakatning bir vaqtlar kuchli bo‘lgan mudofaa sanoatini tiklash va barqarorligini ta’minlashda Ukraina samarali hamkoriga aylanish», - deyiladi matbuot uchun xabarnomada. 

2024 yil fevral oyida Myunxen xavfsizlik konferensiyasi doirasida «Ukrainskaya oboronnaya promyshlennost» OAJ va Rheinmetall o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Mart oyining o‘rtalarida Germaniya konserni rahbari Armin Papperger Ukrainada snaryadlar ishlab chiqaradigan zavod qurilishini boshlashga tayyorgarlik ko‘rilayotganini e’lon qildi. 

Rheinmetall har yili Ukrainada olti xonali miqdordagi 155 mm NATO kalibriga mos keluvchi artilleriya snaryadlarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda, Kiyev hozircha ularni faqat import qilishi mumkin. Birinchi snaryadlar 2025 yilning yozida Ukrainadagi konveyerdan chiqishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: