Soliq qo‘mitasi tovarlarning bozor narxini qanday aniqlamoqchi?

Iqtisodiyot 17:52 / 29.05.2024 14337

“Tovarlarning (xizmatlarning) bozor narxlaridan kelib chiqib soliq bazasini aniqlash orqali teng raqobat muhitini yaratish to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Hujjatga “Tovarlarning (xizmatlarning) bozor narxidan kelib chiqib soliq bazasini aniqlash tartibi to‘g‘risida”gi nizom loyihasi ilova qilingan.

Unda tovarlarning (xizmatlarning) bozor narxini aniqlashda foydalaniladigan usullar, ularni qo‘llash tartibi hamda tovarlarning (xizmatlarning) bozor narxidan kelib chiqqan holda qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq bazasini aniqlash tartibi ko‘rsatilgan.

Ayni masala yuzasidan Kun.uz savollariga Soliq qo‘mitasi strategik rejalashtirish bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Davron Bobojonov javob berdi.

– Nima sababdan Soliq qo‘mitasi tovar va xizmatlarning bozor narxi asosida soliq bazasini hisoblashga harakat qilyapti?

Bozorda bir xil tovar ikkita tadbirkor tomonidan har xil narxlarda sotilyapti. Birinchi tadbirkor uni bozor narxida, talab va taklifdan kelib chiqqan holda 1000 so‘mdan sotyapti va shundan kelib chiqib soliq to‘layapti. Ikkinchi tadbirkor xuddi shu tovarni 1000 so‘mdan sotyapti-da, lekin buxgalteriya hujjatlarida soliqni kamroq to‘lash maqsadida 500 so‘mga sotdim deb ko‘rsatyapti.

Shu yerda raqobat buzilyapti, hisob fakturada tovarni 500 so‘mga sotdim deb ko‘rsatayotgan tadbirkor soliqni kamroq to‘lagani uchun yutadi; u 800, 900 so‘mdan sotsa ham unga manfaatli bo‘ladi. Keyin xaridorlar 1000 so‘mdan emas, 800 so‘mdan sotayotganga boradi.

Shu yerda tadbirkorlar o‘rtasida birinchidan, nohalol raqobat yuzaga kelyapti, ikkinchidan, xufiyona iqtisodiyot kuchayishiga omil bo‘lyapti. Haqiqatda realizatsiya qilingan summani buxgalteriya hujjatlarida kamaytirib ko‘rsatish xufiyona iqtisodiyot rivojlanishiga omil bo‘lyapti. Shu narsalarning oldini olish, ya’ni tovarlarning bozor narxi asosida soliq bazasini aniqlash tartibi joriy qilishdan maqsad – tadbirkorlar o‘rtasida teng raqobat muhitini ta’minlash, yashirin iqtisodiyotning oldini olishga qaratilgan.

Bizda juda ko‘p misollar bor: qurilish bozorini olasizmi, sanoat mollari, shakar, ko‘mir, neft mahsulotlarini olasizmi – hammasida shunaqa sxema bor. Nizomni Soliq qo‘mitasi markaziy apparati va Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birga ishlab chiqqanimizda bir xil tovarning birjadagi narxlari hamda tadbirkorlar sotayotgan narxni taqqoslaganimizda katta farq chiqqaniga guvoh bo‘ldik. Bu farq 2-3 barobarni tashkil qiladi. Keyin nima uchun bunaqa farq chiqqanini o‘rganishni boshladik. Bozorda soliqni kamroq to‘lash evaziga tovarning narxini arzonlashtirib, o‘ziga ko‘proq mijoz jalb qilish hamda kamroq soliq to‘lash asosiy motiv ekanini ko‘rdik.

Soliq kodeksining 248-moddasi 4-qismida bu narsa bor. Ya’ni bitim narxi bilan bozor narxi o‘rtasida farq bo‘ladigan bo‘lsa, soliq organlari soliq bazasiga tuzatish kiritishga haqli degan asosiy norma bor. Lekin o‘sha bozor narxini qanday aniqlaydi, qaysi tovarlarning narxini aniqlaydi degan narsalar yo‘q edi. Shuning uchun bizda bugungi kunda soliq nazorati tadbirlari davomida tadbirkorlar, sudlar tomonidan e’tirozlar bo‘lyaptiki, qani sizlar qaysi asosga ko‘ra tovarlarning bozor narxini aniqlayapsizlar degan masala ko‘tarilgandan keyin shu qarorni ishlab chiqishga qaror qildik. Bu masalada bir qancha sudlarda ishlar ko‘rilgan. Biz hozir mana shu tartibni ishlab chiqib, tasdiqlasak, sudlar, soliq to‘lovchilar bilan nizolar kamayadi.

– O‘zingiz ta’kidlaganingizdek, bu tartib Soliq kodeksida bor edi, ammo tadbirkorlarning e’tirozlariga sabab bo‘lib kelgan. Soliq organlari xodimlari tadbirkorlarga bozor narxini ijtimoiy tarmoqlardan, olx.uz kabi saytlardan aniqlaganini aytgan. Bozor narxi har kuni o‘zgarib turishi mumkin, bir xil tovar har xil narxlarda sotilishi ham tabiiy. Qanday qilib tovarlarning bozor narxlarini aniqlash mumkin?

– Biz nizomni ishlab chiqqanda ham bozor narxini aniqlashda qaysi manbalardan foydalaniladi degan joyiga o‘ndan ortiq manbani ko‘rsatganmiz. Manbalar ichida ommaviy axborot vositalaridan olingan axborot degan punkt ham bor. Kompaniyalarning o‘zlarining saytlari bor, yoki qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlarini sotadigan platformalar bor.

Biz, soliq organlari tovarlarning narxi bozor narxiga qanchalik mutanosib ekanligini o‘rganadigan paytimiz eng birinchi birja narxlariga qaraymiz. Birja – davlat tomonidan tashkil qilingan, tovarlarning bozor narxini shakllantiradigan shaffof tizim. Birjaga tovarimni chiqarsam, bir qancha mijozlar bilan aloqa qilaman, ularning ichida kim qimmatroq narx taklif qilsa, o‘shanga sotaman, bitim tuzaman. Hech kim birjaning narxi xato ko‘rsatilgan, sun’iy oshirilgan deb ayta olmaydi. Xaridor ham bozor narxidan qimmat olishdan manfaatli emas.

Agar tovar birjada bo‘lsa, birja narxi bilan solishtiramiz, agar bo‘lmasa, davlat xaridlari portaliga qaraymiz. U yerda ham bozor narxi shakllanadi. Agar birjada ham, davlat xaridlari portalida ham bo‘lmasa, ijtimoiy tarmoqlarga o‘tamiz. Kompaniyalarning rasmiy saytlari bor, ularda tovarlar qanchadan sotilyapti, o‘rganishni boshlaymiz.

Undan tashqari, soliq organi 2020 yildan beri har bir firma o‘z tovarini sotadigan bo‘lsa, hisob faktura orqali rasmiylashtiradi, u bizda ko‘rinadi. Chakana do‘konlarga kirsangiz, qo‘lingizga kassa apparatdan chiqarilgan chek beradi, o‘sha chek ham bizga ko‘rinib turadi. Qanaqa tovar, necha pulga sotdi, boshqa korxonalar tomonidan shu tovar nechi pulga sotilgan – shularni ham o‘rganamiz.

Narxlarni birjadan, davlat xaridlari va ijtimoiy tarmoqlardan ko‘ramiz deyapsiz, lekin bularning hech biri bozordagi narxlar haqida reallikni ko‘rsatmaydi. Narxlarni shakllantirishda tadbirkorlarda turlicha faktorlar bo‘lishi mumkin-ku? Bundan tashqari, millionlab tovarlarning har birining narxini soliq organlari qanday aniqlamoqchi? Bu ko‘p vaqt va resurs talab qilmaydimi?

– Birinchi navbatda, biz bozor narxini birjada sotiladigan tovarlarga, davlat xaridlari portalida sotiladigan tovarlar va ko‘chmas mulkka qo‘llaymiz deganmiz – 2024 yil 1 avgustdan.

1 oktyabrdan esa markirovka qilinadigan tovarlarga qo‘llanadi, bular alkogol va tamaki mahsulotlari, maishiy texnikalar va dori-darmon kabilardir. Shularning natijasiga qarab, 2025 yil 1 fevraldan boshqa tovar va xizmatlarga tatbiq qilmoqchimiz.

Savol bo‘lyapti, bu tovar birjada ham, davlat xaridlarida ham yo‘q, narxni qanday aniqlaymiz? Soliq organlariga 55 ta vazirlik va idoradan 170 ga yaqin ma’lumot keladi. Undan tashqari, har bir korxonaning hisob fakturasi ham, cheki ham bizga ko‘rinadi. 2022 yildan boshlab har bir tovarga MXIK joriy qilganmiz. Misol uchun, MXIK kodga qarab tovarning bir xilligini bilib olamiz. Deylik, ikkita do‘konda bir xil falon nomdagi mineral suv sotilyapti. Buning MXIK kodi bor. Bu tovar 2023 yil noyabrda sotilgan. Shu sana bo‘yicha xuddi shu tovarni sotgan O‘zbekistondagi barcha tadbirkorlik sub’yektlarining ma’lumotlarini olamiz. Hammasining ro‘yxatini qilamiz-da, hududlar bo‘yicha tartibga solib chiqamiz. Deylik, Toshkent shahri Olmazor tumanidagi do‘konlarni guruhlab oldik. Keyingi bosqichda Olmazor tumanidagi do‘kon qaysi mahallada joylashganini aniqlaymiz (bu ma’lumotlar ham bizda bor). Narxlari solishtirilayotgan do‘konlar bir-biriga yaqin joylashgan bo‘lishi kerak. Biz Olmazordagi do‘kon bilan Mirzo Ulug‘bek tumanidagi narxlarni solishtirmaymiz, narxlar farq qilishi tabiiy. Toshkentning markazlarida narx boshqacharoq, chekkaroq tumanlarda esa boshqacha bo‘ladi. Biz chakana do‘konlardagi tovarlarning narxini solishtirganimizda bir joyda joylashganiga, tovarning ishlab chiqaruvchisiga, sifatiga ham e’tibor qaratamiz.

Bundan tashqari, boshqa omil ham bor. Deylik, biror tovarning narxi bir qancha manbada bor. Shunaqa bo‘lsa, hammasini qo‘shib, o‘rtachasini chiqarishni taklif qilyapmiz.

Soliq qo‘mitasining Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi / Arxiv foto: Prezident matbuot xizmati

Biz bu tartibni birja tovarlari, markirovkalangan tovarlarga joriy qilib olsak, chakana tovarlarga o‘tganimizda tizimni avtomatlashtiramiz. Tovar chakana savdoda sotilgan kundagi narxlarni inobatga olamiz. Har xil narx kelib chiqmaydi. Nizomda ham yozilgan, bozor narxi bilan bitim narxi o‘rtasida 25 foizlik og‘ishga ruxsat beryapmiz. Masalan, men tovarni 1000 so‘mga sotyapman, boshqa joyda 1200 so‘mga sotilyapti. Bunday holatda qo‘llay olmayman, chunki og‘ish 25 foizga ham yetmagan. Farq 25 foizdan oshib ketsa, keyin qo‘llaymiz. Bu koridor ham juda katta, hech kim zarariga sotmaydi. Har bir tadbirkor 10-15 foiz arzon sotishi mumkin, lekin 25 foizdan oshsa, bunda soliqdan qochish riski bor deb baholaymiz.

Avvalgi loyihaga ko‘ra ham, xuddi siz aytgandek birjadagi tovarlarga, markirovkalanadigan tovarlarga joriy qilinishi kerak edi, adashmasam.

– Loyiha ishlab chiqilgan edi, ayrim kamchiliklar bilan loyiha bizga qaytarilgan. Qayta ishlab, vazirliklar bilan kelishib, Adliya vazirligi ekspertizasidan o‘tkazguncha vaqt ketib qoldi.

Soliq kodeksining 248-moddasi ishlab turibdi. Ayrim korxonalarning soliq bazasiga tuzatish kiritilgani va ular qayta hisoblangan soliqlarni to‘lab bergan holatlar ham bor. Lekin ayrim hollarda sudlar qaysi tartibga asosan bozor narxni hisoblayapsizlar degan e’tirozlarni bildiryapti. Nizomni ishlab chiqish zarurati shunga ko‘ra tug‘ildi.

Bozor narxi yangi tushuncha emas, bu bojxona organlarida ishlab turibdi. Tovarlar import qilinganda bojxona o‘z metodlariga asosan tovarlarning bojxona qiymatini aniqlab, to‘lovlarni undiradi. Deylik, bir birlik tovar import qilinyapti va uning narxi hujjatlarda 100 dollar etib ko‘rsatilgan. Bojxona bozor narxi 100 emas, 200 dollar ekan deb, shunga ko‘ra to‘lov undiradi. Bizniki ham shunga o‘xshash narsa bo‘lyapti.

Yana qo‘shimchalaringiz bormi?

– Ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlardagi postlarni o‘qiyapman, buni tadbirkorlarning faoliyatiga aralashish deb talqin qilishyapti. Lekin biz tadbirkorlarning ishiga ham, narxiga ham aralashish niyatimiz yo‘q. Xohlasa, arzon, xohlasa qimmat sotsin. Foyda zarari o‘zlariniki. Ammo bozor narxida sotdimi, bozor narxida sotilgan summadan soliq to‘lab berishi kerak. Shunda halol ishlayotgan tadbirkorlarning ham huquqi poymol bo‘lmaydi.

Agar shu tizimni joriy qilib olsak, soliq bazasini kamaytirib ko‘rsatish degan narsalar bo‘lmaydi.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: